Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro: yangi masjidda o‘qilgan Hayit namozi shukuhi (foto)

Buxoro: yangi masjidda o‘qilgan Hayit namozi shukuhi (foto)

Foto: Xabar.uz

O‘tgan 2022-yilning Ramazon hayiti kunida Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi «Do‘stlik» mahallasida ikki qavatdan iborat yangi jome’ masjidi foydalanishga topshirilgan edi. Maydoni 22 sotixdan iborat, 2500 ming namozxonga mo‘ljallangan jome’ masjid ilk bor «Qassoblik» deya atalgandi. Shu nom ostida qariyb bir yilcha faoliyat yuritgan jome’ masjidi mahalliy aholi taklifi bilan «Miri Xurd Vobkandiy» deya o‘zgartirilgan.

«Masjid barcha qulayliklarga ega bo‘lgan tahoratxona,  ayollar uchun alohida namozxona, Imom xatib xonasi, ma’muriy binolar, kutubxona hamda azon aytish uchun mo‘ljallangan minoradan iborat. Mazkur jome’ masjidga ilgari, atigi 50 ta namozxon sig‘ar edi. Zamon talabiga  javob bermagani namozxonlar sonining salkam 100 baravardan ziyod ko‘paygan masjidning yangidan barpo etilishiga turtki bo‘lgandi. Qadimiy ayvon ustunlari saqlab qolingan. Bugungi kunda tumanda masjidlar soni 10 taga yetgan bo‘lib, «Miri Xurd Vobkandiy» eng yirik jome’ masjidi hisoblanadi», – deydi jome’ masjidi imom xatibi Qurbon Shukrulloyev.

Ta’kidlanishicha, Miri Xurd Vobkandiy Xo‘ja Mahmud Anjir Fag‘naviy hazratlarining yaqin shogirdi va xalifasi bo‘lgan. Miri Xurd Vobkandiy nomi bilan mashhur bu zotning asli ismi Amir Husayn Xo‘ja bo‘lib,  o‘z davrining yetuk olim va avliyolaridan bo‘lgan. Amir Husayn hayoti haqidagi turli rivoyatlarga ko‘ra, u Allohdan yomg‘ir so‘rab,  duo qilganda,  yomg‘ir yoqqan. Uch kungacha tinmagan bunday yomg‘irlar.

«Xazinatul asfiyo» kitobida keltirilishicha, Miri Xurd hijriy 719- (melodiy 1319) yilda vafot etgan. «Rashahot» va Nosiriiddin To‘raning «Tuhfatuz zoirin» asarida yozilishicha, uning qabri Mahmud Anjir Fag‘naviy maqbari supasida joylashgan.

«Tarixiy hujjatlarga ko‘ra es, Miri Xurdning maqbarasi Vobkent qal’asi tashqarisida, degan xulosaga kelish mumkin. Ilgari bu yerda «Savr» masjidi, «Madrasai nav» namozgohi hamda kutubxona bo‘lgan. Taassufki, mustabid tuzum davrida bu maskanlarning asosiy qismlari buzilib ketgan. O‘tgan asrning oltmishinchi yillariga kelib, mozorlar ham tekislanib, o‘rnida kutubxona, shifoxona, maktab, hammom kabi inshootlar qurilgan. Faqatgina Miri Xurd Vobkandiyning maqbarasi Allohning inoyati ila xas-hashaklar ostida buzilmay qolib ketgan bo‘lgan. 700 yildan buyon Miri Xurd Vobkandiyga alohida ehtirom ko‘rsatib kelinmoqda», – deydi imom xatib.

Bildirilishicha, jome’ masjidning tiklanishi hasharida mahalliy aholining ham hissasi katta bo‘lgan. Shuningdek, Samarqand va Surxondaryodan mohir ustalar jalb etilgan. Qurilish ishlarida homiylar ixtiyoriy ko‘mak ko‘rsatishgan. 15 milliardga yaqin mablag‘ sarflangan.

«Ramazon hayiti kuni namozxonlarga «Qur’oni karim» kitobi hadya etildi. E’tiborlisi, bu masjidga namozxonlar joynamoz bilan kelishmaydi. 2500 namozxonga mo‘ljallangan joynamoz har kuni tong sahardan hozirlab qo‘yiladi», – so‘zida davom etadi imom xatib.

Ma’lumot o‘rnida: Mahalliy aholining bildirishicha, jome’ masjidining ilk bor «Qassoblik» nomi bilan atalishiga sabab, qadimdan qishloq aholisining aksariyati cho‘ponlik hamda qassobchilik bilan shug‘ullanishgan. Sovet davrining ilk yillari – ocharchilik davrlarida ham aholining asosiy tirikchiligi go‘sht bo‘lgan va qassoblik ortidan kun ko‘rishgan. Biroq, Miri Xurd Vobkandiyga bo‘lgan buyuk ehtirom bois, jome’ masjid yana aholi talabi bilan uning nomiga o‘zgartirilgan.

 

Laylo HAYITOVA,
xabar.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring