«Bolam nafas ololmay yotibdi, ular esa menga pul taklif qilishyapti…» – Namangan IIB holatga izoh berdi
Namangan viloyati Pop tumani Chorkesar qishlog‘ida joriy yilning 11 iyun kuni ikki guruh yoshlar o‘rtasida kelib chiqqan janjal sabab Ma’sudbek Tursunqulov ismli yigit og‘ir tan jarohati olgan.
Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda bolaning onasi chiqish qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar aybdorlarga nisbatan chora ko‘rmayotganidan shikoyat qilgan edi.
Onaning aytishicha, o‘g‘lini chalajon holda «tomdan tushib ketgan» degan gap bilan shifoxonaga olib borishgan. Bolaga «Miya chanog‘ining sinishi, ikki tomonlama qon quyilish» tashxisi qo‘yilgan va zudlik bilan operatsiya qilingan.
Ona, o‘z navbatida o‘g‘lini kaltaklagan 5 kishidan faqat bir kishi ushlangani, qolganlarining esa oilalari ishni bosti-bosti qilishga urinayotganini aytadi. Jumladan, asosiy aybdor ekanini aytayotgan yigitning ota-onasi unga kelib pul taklif qilgan.
Holat yuzasidan voqea sodir bo‘lgan kundan 2 kun o‘tib Namangan viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, mazkur holat bo‘yicha 11 iyun kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi «ye,l» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Shuningdek, ayblanuvchining ushbu harakatlariga daxldor bo‘lgan qolgan shaxslar ham jinoyat ishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan.
Ta’kidlanishicha, olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat IIB tomonidan alohida nazoratga olingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter