Bloger Olimjon Haydarov 8 yilga qamaldi
Bugun, 1-dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger Olimjon Haydarovga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov.
O.Haydarovning ayblovidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «a» bandi chiqarib tashlangan. biroq u sud tomonidan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 2-qismi, 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (Haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Natijada blogerga Jinoyat kodeksining 59 (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosi zimmasiga ijtimoiy tarmoqlardagi O. Haydarovga tegishli barcha kanal, sahifa va guruhlarni hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng o‘chirilishi (bloklanishi)ni ta’minlash yuklatilgan.
Sudda qatnashgan fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilishicha, Olimjon Haydarov o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagan.
«Jabrlanuvchi S. M. ga jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar undirish bo‘yicha tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmaganligi sababli, moddiy va ma’naviy zarar undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudiga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmidan norozi taraflar jinoyat-protsessual qonunchiligida belgilangan tartib va muddatda Farg‘ona viloyat sudining apellyasiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirish huquqi mavjudligi ma’lum qilinadi», deyiladi rasmiy xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Olimjon Haydarov joriy yilning 29-iyul kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter