Olimjon Haydarov ustidan sud boshlandi
Bugun, 31 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudida bloger Olimjon Haydarovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O. Haydarov (1989 yilda Rossiya Federatsiyasida tug‘ilgan, bloger, muqaddam sudlanmagan) Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi «a», 3-qismi «a» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi «a», «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudining raisi A. Ergashev raisligida ko‘rib chiqilmoqda.
«Sud majlisi ochiq deb e’lon qilingach, dastlab sudlanuvchining himoyachisi tomonidan sud jarayoni mobaynida audio va videoyozuvni amalga oshirish haqidagi iltimosnomasi yuzasidan taraflar fikri tinglandi. Jinoyat ishi doirasidagi jabrlanuvchilarning shaxsiga doir ma’lumotlar ommaga oshkor etilishini xohlamasligi bois iltimosnomani rad qilish haqidagi fikrlari inobatga olinib, sud sudlanuvchining himoyachisi keltirgan iltimosnomani rad qilish haqida ajrim chiqardi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida ko‘rilayotganligi bois jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari unda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari mumkin», deyiladi rasmiy bayonotda.
Sud jarayoni davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bloger Olimjon Haydarov joriy yilning 29 iyul kuni huquq-tartibot organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter