Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bizda unday talaba o‘qimaydi» – Moskva universitetining Toshkent filiali munosabat bildirdi

«Bizda unday talaba o‘qimaydi» – Moskva universitetining Toshkent filiali munosabat bildirdi

Bir muddat oldin I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti (MTU) Toshkent shahridagi filiali talabasining Meduza nashriga darslarda Rossiya-Ukraina urushi hamda rus qo‘shinlariga doir ma’lumotlar berilayotgani, urush propagandasi olib borilayotgani haqidagi murojaati e’lon qilingan edi. 

Mazkur murojaat yuzasidan Filial ma’muriyati tomonidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilgani aytildi.

OTM ma’muriyatining aniqlashicha, murojaatda nomi tilga olingan shaxs Filial talabalari tarkibida mavjud emas.

Shuningdek, murojaatda keltirilgan dars jarayonlaridagi «targ‘ibot ishlari» haqidagi ma’lumotlar asossiz ekanligi, ya’ni ular haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniqlangan.

«Filialda ta’lim jarayoni belgilangan o‘quv rejasi va fanlar dasturi asosida tashkil etilgan», – deyiladi xabarda.

Filial ma’muriyati, o‘z navbatida, OAV bilan hamkorlikka tayyorligini bildirib, ulardan «tasdiqlanmagan, bir tomonlama ma’lumotlar»ni tarqatmaslikni so‘ramoqda.

Ma’lumot uchun, xuddi shunday holat 2024 yil noyabr oyida Rossiya Kinematografiya instituti Toshkent filiali (VGIK)da ham kuzatilgan.

«Gazeta.uz» nashrining e’tibor qaratishicha, Facebook platformasida «O‘zbekistonda Ukrainaga qarshi targ‘ibot boshlandimi?» nomli murojaat e’lon qilingan va unda VGIKning Ilya Kojuxar ismli o‘qituvchisi ishdan bo‘shatilishi va undan keyingi vaziyat bilan bog‘liq jarayon haqida so‘z borgan.

Unga ko‘ra, Kojuxar VGIKning Toshkent filialida dramaturgiyadan dars bergan. Talabalar uning darslaridan juda mamnun bo‘lganini bildirgan. Biroq u Moskvadagi VGIK rahbariyati buyrug‘i bilan ishdan bo‘shatilganidan so‘ng uning o‘rniga kelgan o‘qituvchi urush tashviqoti bilan shug‘ullangan. U «butun dars davomida ukrainaliklar go‘yo natsistlar ekani» haqida gapirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring