Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birinchi xonimlar iqlim o‘zgarishiga doir ekoforumda ishtirok etdi

Birinchi xonimlar iqlim o‘zgarishiga doir ekoforumda ishtirok etdi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitiga tashrif buyurgan davlat rahbarlariga hamrohlik qilgan rafiqalari «Bolalar va yoshlar harakatda — Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi» xalqaro forumida ishtirok etdi.

Forum ochilishida «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi, O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva yosh ekofaollarga murojaat qildi.

«Forumning bosh ishtirokchilari — sizlar. Bugun bu yerda sizlarning toza, sog‘lom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni e’tirof etish maqsadida yig‘ildik. Qo‘shnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi», – deydi Ziroat Mirziyoyeva.

Shuningdek, YuNEP ijrochi direktori Inger Andersen uzluksiz «yashil» ta’lim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali yoshlar salohiyatini mustahkamlash masalasini gapirib o‘tdi.

YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis esa iqlim o‘zgarishi va ekologik ta’lim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning o‘zgarib borayotgan iqlimga moslashish ko‘nikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.

Forum ishtirokchilari ekota’lim mavzusini muhokama qilar ekanlar, o‘quv jarayonida yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo ekofaollari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha siyosat va dasturlarni ishlab chiqishda, ko‘rilayotgan choralarni monitoring qilish va ularning borishini baholashda bolalarning ham ishtirok etish huquqi borligini alohida ta’kidladilar.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring