Aslida voqea qanday bo‘lgan? Qizga tajovuz qilgan yigit murojaat bilan chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum haydovchi ayol boshqargan avtomashinani tepib, texnik shikast yetkazganligi aks etgan video tarqaldi. Bu voqeani bir nechta OAVlar «yigit qiz u bilan tanishishni istamagani uchun unga tajovuz qildi», deb yozdi.
Biroq yigit tarqalgan bu xabarlarga o‘z munosabatini bildirib, chiqish qildi. Uning ta’kidlashicha, do‘stlari bilan o‘z avtomobilida ketayotganida yonidan «Gentra»da bir qiz o‘tib, ularga qo‘l ishorasida xunuk qiliq qilgan. Shundan so‘ng yigit qiz boshqarayotgan avtomobilni quvib yetib, uning yo‘lini to‘sib, qiz bilan gaplashib olmoqchi bo‘ladi.
Lekin qiz avtomobil oynasini tushirmasdan telefoni orqali yigitni videoga olishni boshlagan. Bundan jahli chiqqan yigit qizning avtomobili oynasiga qo‘l bilan, yon qismiga oyoq bilan zarba beradi.
«Men haqimda noto‘g‘ri tushungan insonlar faqat birinchi tarafni emas, ikkinchi tarafni ham eshitishni o‘rganinglar», – deydi yigit o‘z chiqishida.
Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati bergan rasmiy xabarda, yigit va qiz o‘rtasida kelishmovchilik sodir bo‘lgani va yigit qizning avtomobiliga shikast yetkazgani aytilgan.
«Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda. Natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», – deyiladi IIBB xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter