Archa tashigan tez tibbiy yordam avtomashinasi bo‘yicha rasmiy izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tez tibbiy yordam avtomashinasida xo‘jalik ishlari qilinayotgani aks etgan surat tarqaldi. Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qady etilishicha, tarqalgan xabarlardagi 10 235 ZAA davlat raqam belgili 2013 yilda ishlab chiqarilgan «DAMAS» rusumli maxsus avtomashina, Tez tibbiy yordam avtomashinasi emas, balki Bo‘ka tumani Markaziy oilaviy poliklinika uchun ajratilgan «Tibbiy xizmat» avtomashinasi hisoblanadi. Ushbu avtomashina aholiga tez tibbiy yordam xizmatini ko‘rsatmaydi.
«Ushbu holatni o‘rganish uchun, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tashkil etildi hamda qonun buzilishiga yo‘l quygan mutasaddi rahbarlar va ularning xodimlariga intizomiy jazo choralari ko‘rilishini ma’lum qilamiz», – deyilgan boshqarma xabarida.
Ma’lumot uchun, Sog‘liqni saqlash vazirining 2022 yil 19 dekabrdagi «Sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarining avtotransport vositalari bilan ta’minlash me’yorlari va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi 330-sonli buyrug‘i 2-ilovasi 3-bandida;
«Tibbiy xizmat maxsus avtomashinalaridan tibbiyot muassasalarida, poliklinikalarda, tug‘ruqxonalarda, qon xizmati, vazirlik tizimidagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning klinikalarida, sud-tibbiyot ekspertiza byurolarida, sanatoriylarda, SEOJSX larda va tizimdagi boshqa muassasalarda tibbiy xizmat ishlarida foydalanilishi» belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter