7 oyda kelgan xat yoki Sirdaryo va Samarqand orasidagi masofa shunchalik uzoqmi?
Pochta xizmati ham uzoq tarixiga ega. Bir paytlar bu xizmatni aloqachi kabutarlar, elchilar, savdo karvonlari bajargan bo‘lsa, zamonamizga kelib, alohida xizmat turlari joriy qilingan. Pochta yetkazish muddatlari keskin qisqargan, xizmat narxlari bir necha o‘n barobarga arzonlashgan.
Mamlakatimizda «O‘zbekiston pochtasi» AJ mahalliy va xalqaro jo‘natmalarni tez muddatlarda foydalanuvchilarga yetkazish uchun keng imkoniyatlarga ega.
Lekin, ba’zida bo‘lsin, jo‘natmalarning o‘z vaqtida manziliga yetib bormayotgani bilan bog‘liq holatlar uchrab turibdi. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasiga ham bu borada fuqarolar haqli e’tiroz va shikoyatlari bilan murojaat qilmoqda.
Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun bir misol keltirsak: 2018-yil 23-mart kuni Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro F.A o‘z nomiga Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidagi Sardoba aloqa bo‘limidan 2017-yilning 15-avgust kuni yuborilgan RA128684767UZ raqamli buyurtmali xat yetib kelmaganligi to‘g‘risida inspeksiyaning 1144 raqamli «Ishonch telefoni»ga murojaat qildi.
Fuqaro murojaatini o‘rganish jarayonida, uning nomiga Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidagi Sardoba aloqa bo‘limidan 2017-yilning 15-avgust kuni yuborilgan buyurtmali xat 2017-yilning 22-avgust kuni «O‘zbekiston pochtasi» AJ Samarqand tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining saralash va yetkazish uchastkasiga kelib tushgani, biroq Ishtixon tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasi mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlarining o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaraganligi tufayli ushbu xat egasiga yetkazilmagani aniqlandi. 2018-yilning 26-mart kuni inspeksiyaning Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi xodimlari tomonidan murojaat o‘rganilib, 7 oy 11 kun kechikkan pochta egasiga topshirildi.
Vaholanki fuqaro F.A. kutayotgan ushbu xatda unga zarur bo‘lgan hujjatlar yuborilgan bo‘lib, xatni so‘roqlab bir necha marotaba Ishtixon tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasining mas’ul va mansabdor shaxslariga murojaat qilgan va ushbu xat Ishtixon tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasida asossiz ravishda saqlangan.
Bu holat omonatni o‘z egasiga topshirmagan, ustiga-ustak fuqaroni ovorai sarson qilgan Ishtixon tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasi xodimlarining o‘z ishiga bo‘lgan munosabatidan boshqa nimani anglatadi?
Ushbu maqolani yozishdan maqsadimiz birovning aybini topib,ommaga doston qilish emas, balki yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, bu kabi holatlar takrorlanishining oldini olishdir.
Umid qilamizki, Ishtixon tumanlararo pochta aloqasi bog‘lamasi xodimlari bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, foydalanuvchilarning pochta aloqasiga bo‘lgan ishonchlarini yo‘qotmaslik uchun o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi.
Ma’lumot uchun aytganda, inspeksiyaning Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasiga joriy yilning birinchi choragi davomida 362ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 26tasi pochta aloqasi xizmatlariga tegishli bo‘lgan.
K.Rahmatov, inspeksiyaning Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter