5 ta hududda ichimlik va oqova suv ta’minoti tajriba tariqasida xususiy sektorga beriladi
2024 yil 1 iyuldan tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga beriladi. Bu “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, “O‘zsuvta’minot” AJ va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 aprelgacha alohida yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etiladi:
- hududiy magistral suv ta’minoti tashkilotlari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy ichimlik suv ta’minoti tashkilotlari.
2024 yil 1 yanvardan:
- ichimlik suv va oqova suvni chiqarib yuborish narxlari mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar, tizimni rivojlantirish, moliyaviy xarajatlar, soliqlar va majburiy to‘lovlardan kelib chiqib shakllantiriladi;
- yangi quriladigan ichimlik va oqova suv yo‘nalishidagi ob’yektlar va tizimlarni loyihalashtirishda mazkur hududning to‘liq qamrov darajasini inobatga olish talabi o‘rnatiladi.
Hujjatga muvofiq, 2024–2026-yillarda:
- ichimlik suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan jami 813 ta mahalla ichimlik suv bilan ta’minlanadi;
- 124 693 ta xonadonga ichimlik suv tarmoqlari uy xo‘jaligigacha yetkaziladi;
- 130 ta aholi yashash punktlarida davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish orqali ichimlik suv ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi;
- 792 090 nafar iste’molchilar ichimlik suv uchun hisoblagichlar bilan ta’minlanadi.
Sentyabr va oktyabr oylarida Shavkat Mirziyoyev hududlarda ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yaxshilash, oziq-ovqat ekinlarini ekish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgandi. O‘shanda davlat rahbaari eskirgan ichimlik suvi nasoslarini energiya tejamkoriga almashtirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter