18 dekabr kuni ommabop avtomobillar uchun shartnomalar ochilmaydi – «UzAuto Motors»
Ijtimoiy tarmoqlarda bugun ommabop avtomobillar (masalan, Damas, Nexia-3, Cobalt) xaridi uchun shartnomalar ochilishi haqida xabarlar tarqaldi. «UzAuto Motors» kompaniyasi bu xabarlarni rad etdi.
Kompaniya tomonidan e’lon qilingan bayonotda bu borada tarqalgan ma’lumotlarga ishonmaslik so‘ralgan.
«Kontraktatsiya boshlanishining aniq sanasi to‘g‘risida «UzAuto Motors» rasmiy kanallarida xabar beriladi. «UzAuto Motors» kompaniyasi o‘z mijozlaridan hushyor bo‘lishni va shaxsiy ma’lumotlarini, ayniqsa, davlat portalidagi shaxsiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga bermaslikni so‘raydi.
Onlayn shartnoma tizimi barcha uchun mutlaqo bepul va tizimda hech kim uchun qandaydir alohida kirishni ta’minlaydigan imkon yo‘q. Eslatib o‘tamiz, «Chevrolet» ommabop avtomobillari uchun shartnoma tuzish faqat «UzAutoSavdo» ilovasi (iOS/Android), shuningdek, savdo.uzavtosanoat.uz sayti orqali amalga oshirilishi mumkin», deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, avtomobilni onlayn xarid qilish bo‘yicha mijozlar quyidagilarni amalga oshirishlari lozim:
- OneID tizimidan ro‘yxatdan o‘tish;
- Telefonga «UzAutoSavdo» mobil ilovasini yuklab olish (iOS/Android), savdo.uzavtosanoat.uz saytiga kirish;
- OneID tizimidagi login va parol yordamida saytga kirish/ilovadan ro‘yxatdan o‘tish;
- Avtomobil modeli, rangi va komplektatsiyasi hamda ma’qul kelgan dilerlik markazini tanlagan holda, shartnoma tuzish kerak bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter