Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yozuvchilarning gonorar bilan ta’minlanishi qat’iy nazorat qilinadi

Yozuvchilarning gonorar bilan ta’minlanishi qat’iy nazorat qilinadi

Foto: «Asr.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 5-aprel kuni «O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagani haqida xabar bergan edik.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ijodkorlarning mualliflik huquqlarini himoya qilish, mulk shaklidan qat’i nazar, barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, elektron OAV, nashriyotlar tomonidan mualliflik gonorari to‘lashni qonuniy asosda ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqadi va ularning ijrosini qat’iy nazoratga oladi.

Kitob savdosi tizimini takomillashtirish, jumladan, Uyushma a’zolarining yangi nashr etilgan asarlari mamlakatimizning barcha hududlaridagi o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetib borishini, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari ishlab topilgan mablag‘lari, shuningdek, korxona va tashkilotlar, xo‘jalik birlashmalarining o‘z mablag‘lari hisobidan ushbu kitoblarni sotib olishini va ular bilan o‘z tasarrufidagi axborot-resurs markazlari, kutubxonalar, madaniyat saroylari, ma’naviyat xonalarini ta’minlashi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2017-yil 23-oktabrdagi PQ–3350-son qaroriga muvofiq Uyushma a’zolari uchun Toshkent shahrida imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangan edi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar hokimliklari 2018-2021-yillarda hududlarda yashab faol ijod qilayotgan, uy-joyga muhtoj Uyushma a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida uy-joylar ajratish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi. Vazirlar Mahkamasi mazkur rejalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini qat’iy nazoratga oladi.

Mazkur uy-joylarni taqsimlashda qonuniylik va adolat mezonlariga qat’iy amal qilishga alohida e’tibor qaratiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring