Yana bir quvonchli xabar (Foto)
Bugun Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri binosiga tashrif buyurdi. U bu haqda o‘z sahifasida yozib qoldirgan.
«Hukumat rahbarlarining madaniyat va san’atimizga bo‘lgan alohida e’tibori bu mustahkam va porloq kelajakni ko‘zlab qo‘yilayotgan shahdam qadamlardan biridir, — deydi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. — Bugungi O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatri binosiga tashrifimizni ham anchadan beri rejalashtirib, ochig‘i, kun sanab kutayotgandik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-yanvardagi «2018 — 2022-yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan teatr binosida boshlab yuborilgan mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlari, nihoyat, yakunlandi. Nafaqat kichkintoylar, balki biz kattalarni ham intiq qilgan shu onlar kelganidan juda xursand bo‘lib, ishlarni obdon ko‘zdan kechirdik. Bir zum bolalikka qaytgim ham kelib, farzandlarimizga havasim keldi. Hatto, spektakllarga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishishga ham ulgurdik.
Mana, teatr binosi ham zamon talablari asosida ta’mirlanib, to‘liq jihozlandi. Shu bilan birga jajji tomoshabinlarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilib, ularni quvontirishga tayyor turibdi.
Yurtimizda koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan karantin choralari tugatilib, xavf ortda qolsa, nasib qilsa, mana shunday zamonaviy binolarimiz kelajagimiz egalarini bag‘riga olib, ularni turli spektakllar, tomoshalar, teatrlashtirilgan konsert namoyishlari bilan xursand qilishda davom etadi.
Biz esa hayotimiz mazmuni, belimiz quvvati bo‘lgan bolajonlarimizga xizmat qilishdan aslo charchamaymiz. Yana bir bor barcha bolajonlarimizni 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan chin qalbdan tabriklaymiz».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter