Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saratonda qishki chopon, yostiqdek ssenariy – «Mendirman Jaloliddin» serialining kadr orti voqealari haqida

Saratonda qishki chopon, yostiqdek ssenariy – «Mendirman Jaloliddin» serialining kadr orti voqealari haqida

8-mart kuni Toshkentdagi «Hilton» mehmonxonasida «Mendirman Jaloliddin» seriali ijodkorlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Ijodkorlar ko‘pchilik qiziqish bilan tomosha qilayotgan serialni suratga olish jarayoni bilan bog‘liq qiziqarli voqealar, e’tiborga molik faktlarni so‘zlab berdilar. Anjuman davomida serial muxlislari hamda mutaxassislarning ayrim e’tirozlariga ham javob berildi. 

Shavkatli Xorazmshohlar sulolasining so‘nggi vakili – Jaloliddin Manguberdi hayotidan hikoya qiluvchi serial so‘nggi paytlarda «Ertug‘rul» seriali bilan tilga tushgan «Bozdag‘ film» kinokompaniyasi tomonidan suratga olinmoqda.  «Mendirman Jaloliddin» seriali prodyuseri Mehmet Bo‘zdag‘ning hikoya qilishicha, O‘zbekiston tarixiga doir kinoasar suratga olayotgani aslo tasodif emas.

«Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva kabi tarixiy shaharlarga bolalikdan mehr qo‘yganman. Atoqli o‘zbek adibi Odil Yoqubovning «Ulug‘bek xazinasi», «Ko‘hna dunyo» kabi tarixiy romanlarini qayta-qayta mutolaa qilganman. O.Yoqubov asarlari prodyuserlik ijodiy faoliyatini tanlashimga turtki bergan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois Ozodbek Nazarbekovning Jaloliddin Manguberdi haqida serial olish taklifini katta mamnuniyat va ayricha qiziqish bilan qabul qildim. Zero, bu bizning mushtarak tariximiz, mushtarak qahramonlarimiz haqidagi filmdir», – deydi Mehmet Bo‘zdag‘.

Qayd etilishicha, loyihani boshlash uchun salkam bir yil davomida hozirlik ko‘rildi. Tarixiy davr manzarasini ishonchli tasvirlamoq uchun o‘nlab manbalar sinchkovlik bilan o‘rganildi.

Turkiyadagi bir necha o‘n gektar maydonda XIII asr muhiti jonlantirilgan ulkan pavilon – shaharcha barpo etildi. Minglab qo‘ligul ustalar va ishchilar mehnati mahsuli o‘laroq bir necha ming kvadrat maydonda qo‘sh oshiyonli Xorazmshoh saroyi qad ko‘tardi. Gurganj ko‘chalari, uylar va katta bozor ham davrga uyg‘un tarzda bunyod etildi. Birgina liboslar ustida 200dan ziyod kishi ishladi.

Aktyorlar chavandozlik va qilichbozlik bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tdi. O‘zbekistonlik aktyorlar, shu bilan birga, turk tili bo‘yicha saboqlar oldi.

«Endigina suratga olishga kirishgan paytimiz koronavirus pandemiyasi boshlandi. Ijodiy jarayon bir necha oyga ortga surildi. Ofat biroz chekingach, iyul oyida s’yomkalarni boshladik. Tabiiyki, suratga olish qishga mo‘ljallangani sababi qahramonlar libosi ham sovuq mavsumga moslab tikilgandi. Ammo aktyorlarimiz avji saratonda qishki libosda rol o‘ynab o‘z ishiga muhabbat va fidoyilik namunasini ko‘rsatdilar», – deya hikoya qiladi prodyuser M.Bo‘zdag‘. 

Serialda Jaloliddin timsolini gavdalantirgan Emre Kiviljim ushbu tarixiy shaxsni jonlantirish ulkan mas’uliyat va sharaf ekanini qayd etdi.

«Qahramon ajdodlarimizning biri bo‘lmish Jaloliddin Xorazmshoh timsolini aks ettirish uchun bor kuch va ijodiy salohiyatimni ishga soldim. O‘zbek aktyorlari bilan ishlash ham ayricha zavq bag‘ishladi. Madaniyat, lison, tarix mushtarakligi o‘zaro til topishishimizda qo‘l keldi. O‘zbekistonda teatr san’ati borasida ulkan maktab mavjud, Turkiyada esa kinoindustriya jadal rivojlanmoqda. Demak, mamlakatlarimiz o‘zaro tajriba almashadigan jihatlar talaygina», – deydi bosh rol ijrochisi Emre Kiviljim.

Ayni paytda serial namoyishi davom etmoqda. Ayrim mutaxassislar unda badiiy to‘qima me’yordan oshib ketganiga e’tiroz bildirmoqda. Matbuot anjumani davomida ushbu jihatga ham oydinlik kiritildi. 

Ssenariy mualliflaridan biri Boboxon Sharifning ta’kidlashicha, «Mendirman Jaloliddin» janriga ko‘ra tarixiy emas, balki badiiy film hisoblanadi. Lekin shunga qaramay, tarixiy voqelikni to‘laqonli ifodalashga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

«Obrazli tarzda gapirsam, biz endigina urug‘ ekdik, u niholga aylanib yaproq chiqardm. Vaqti kelib u g‘unchalaydi, meva tugadi. Tomoshabinlarimiz sabr bilan serialning qolgan qismlarini ko‘rsinlar. Biz hozircha qahramonlar tiynatiga, xarakteriga chizgilar bermoqdamiz. Ular kutgan tarixiy voqealar ham navbati bilan tasvirlanadi”, – deydi yozuvchi Boboxon Sharif.

Qayd etilishicha, ssenariy muttasil ravishda takomillashtirib, boyitib borildi. Serialning birinchi fasli (13 seriya) uchun oz emas, 1500 sahifali ssenariy yozildi.

G‘oya muallifi, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa tarixiy mavzudagi kinokartinalarda badiiy to‘qimadan foydalanish jahon tajribasida keng qo‘llanadigan usul ekaniga e’tibor qaratdi.

«Badiiy to‘qima Hollivud, Yevropa va Rossiya kinosida ko‘p uchraydi. «Mendirman Jaloliddin» serialida ham ana shu ijodiy usulga murojaat qilingan. Serialdan ko‘zlagan maqsadimiz aslo ilmiy bahs yuritish emas, balki ulug‘ ajdodlarimizga mehr-muhabbat uyg‘otishdir. Zukko xalqimiz keyinroq manbalarni o‘qib, tarix haqiqatini o‘rganib oladi», – deydi O.Nazarbekov.

Serialga avval-boshdan tashabbuskor bo‘lgan san’atkor-arbob ushbu ijodiy loyiha asnosida erishilgan eng muhim yutuqni ham alohida ta’kidladi.

«Har to‘kisda bir ayb, serialda ham kamchiliklar bo‘lishi mumkin va ular kelgusida bartaraf etiladi. Ammo eng muhimi – «Mendirman Jaloliddin» seriali  orqali biz tariximizni jahonga tanitish yo‘lida dadil odim otdik, dunyo kinosiga yo‘l ochdik», – deydi O‘zbekiston madaniyat vaziri.   

Turkiya elchixonasining madaniyat va turizm masalalari maslahatchisi Alparslon Akimji ham ikki qardosh mamlakat o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani, mazkur kinoloyiha o‘zaro robitalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Tadbir davomida serialda rol ijro etgan Javohir Zokirov, Rayhon Ulasenova, Ra’no Shodiyeva, Yulduz Rajabova kabi aktyor va aktrisalarimiz ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Birinchi fasl – 13 qism suratga olib bo‘lindi. Xo‘sh, serialning keyingi fasllari qachon suratga olinadi? «Yaqin fursatda» deya javob berdi prodyuser Mehmet Bo‘zdag‘ sirli tabassum bilan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring