Rassom Gulnora Rahmon: «Meni o‘zgartirgan kitob»...
«Meni o‘zgartirgan kitob» loyihasi mehmoni, ham rassom, ham tarjimon, ham yozuvchi Gulnora Rahmon. Bugun Gulnora Rahmonning taniqli rassom bo‘lishiga, bir necha kitoblar muallifiga aylanishiga, hatto ingliz tilini o‘rganib tarjimonlikda yaxshigina muvaffaqiyatlarga erishishida kitobning o‘rni juda katta. Bu haqda qahramonimiz batafsil hikoya qiladi...
«Alifbe» va «O‘qish kitobi»dan keyin birinchi o‘qigan kitobim «Quyoshboy va Shamoloy» degan she’riy to‘plam edi. Har holda kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari uchun chiqarilgan kitob. Balki juda ham birinchi emasdir. Ammo muqovasidagi surat ham mazmuni ham esimda qolgan kitob shu. Afsuski muallifi unutilib ketgan.
Otam ham, onam ham kitobsevar odamlar edilar. Ular «Shoh Mashrab», Sa’diy Sheroziyning «Bo‘ston», «Guliston» nomli asarlari, «Kalila va Dimna» singari kitoblarni o‘qishardi. Xullas men shu kitoblarni kolxoz va maktab kutubxonalaridan olib kelib o‘qiganman. U paytlari yomon asarning o‘zi bo‘lmaganmi, kim bilsin, qo‘limizga tushganhamma kitobni o‘qir edik. Dala ishlariga ham kitob olib ketardik. Salgina dam oladigan bo‘lsak, albatta kitob ichidagi dunyoga sho‘ng‘ir edik. Ba’zan brigadir yoki hisobchi tepamizga kelib qolganini payqamay, bir-ikki xivich yeb qolgan paytlarimiz ham bo‘lgan.
Fikrimni o‘zgartirgan kitobga kelsak, men uchun Xayriddin Saloh degan shoir katta kashfiyot bo‘lgan. Uning mahzun va inson qalbiga doir she’rlarini shu qalar yaxshi ko‘rib qolganman-ki, qayta-qayta o‘qiyverganimdan yod bo‘lib ketgan edi. Hozir bittasini eslashga harakat qilaman:
O, kuz!
O, men sevgan saxiy, oltin kuz!
O, suv uzra qalqqan tilla yaproqlar!
Hayot bilan mangu vidolashdingiz,
Bir yil ham yashamay jilla
Yaproqlar!
Sizlarga boqaman,
O‘y eltar meni
Misoli butoqdan uchib tushgan barg,
Vaqt yetib odam ham hayot yuzini
Butun bir umrga tark etadi, tark!
Ammo bilamanki, inson bolasi
Yaproqdek yo‘q bo‘lib ketmas
Butkul, yo‘q!
Misoli qirlarning yoqut lolasi
Qalbi yoniq qolar
Alanga yo cho‘g‘…
Yana mening she’riyat haqidagi tasavvurimni Abdulla Oripovning ijodi butunlay o‘zgartirib yuborgan. Uchinchi sinfda o‘qib yurganimda «Guliston» jurnalida Abdulla akaning she’riy turkumiga ko‘zim tushdi.
Shunda ulug‘ shoirimizning «Armaniston» degan she’rini yodlab olganman. O‘shanda mening rassom bo‘lish orzuyim shakllanib bo‘lgan, biroq shunaqa yaxshi she’rlarni o‘qisam, shoir bo‘lgim ham kelib qolardi. Turkum yuqorisida Abdulla akaning surati va tug‘ilgan yili ham chop etilgan edi. O‘shanda o‘zim o‘n yoshdaman, Abdulla Oripov bu she’rlarini yigirma olti yoshida yozibdi, men ham yozib yursam, u kishining yoshida shunday ta’sirli she’rlar yozarman, degan xayolda hatto she’riy mashqlar ham boshlab yuborganman.
Har holda rassom bo‘lish peshona yozug‘imda bor ekan, shu sohada o‘n yil o‘qidim va poytaxtda qoldim. Abdulla akani ba’zan uzoqdan ko‘rsam ham, hech ro‘paralarida o‘tirib, suhbatini eshitmagan edim. Qirq yoshlarimda sevimli shoiramiz Sharifa Salimova bilan Abdulla akani hukumat statsionarida davolanib yotgan joylariga bir necha kishi bo‘lib ko‘rishga bordik. Qolgan dugonalarimiz qalam ahlidan bo‘lganlari tufayli, ulug‘ shoirimiz ularni tanir ekanlar. Suhbat orasida menga qarab «Bu singlimizni tanimadim. Shoira singillarimizdanmi?», dedilar. Men «Abdulla aka, siz minglab muxlislaringizning hammasini bilishingiz shart emas. Muhimi sizni biz taniymiz», dedim. U kishi ham hazillashib
«Bizni qachondan buyon taniysiz», deb so‘radilar.
Men uchinchi sinfda o‘qib yurganimda «Guliston» jurnalida turkum she’rlaringiz chiqqan. O‘shanda «Armaniston» degan she’ringizni yod olgan edim…
Shunday qilib dilbar, inson qalbi mavjlarini kuylaydigan she’riyatni Xayriddin Saloh va Abdulla Oripov ijodi tufayli taniganman.
Yana menga shu o‘n bir, o‘n ikki yoshlarimda o‘qigan Jeyms Grinvud degan ingliz yozuvchisining «Kichkina yo‘qsilning asl tarixi», degan kitob juda ta’sir qilgan. Unda bir bolaning onasi dunyodan o‘tgach, otasi boshqa ayolga uylanadi. Va to‘xtovsiz kaltaklardan bezgan bola uyidan qochib ketadi. Shahar o‘rtasiga o‘rnatilgan bir fil haykalining (ichi bo‘sh, qorin qismida tirqish bo‘ladi) ichiga kirib yashaydi. Ko‘cha bolalariga qo‘shilib bir burda non topish ilinjida ne-ne og‘ir yumushlarni bajaradi, qishlarda gala-gala bo‘lib, bir-birini pinjiga kirib, o‘zaro isinib tunlarni o‘tkazishadi, va bir kuni politsiya ularni tutib olib «ish uyi» ga jo‘natadi. Bu yerda bolalar ko‘mir, oltin qazish kabi singari og‘ir ishlarga solinadi. Bu «uy» bolalarni to‘yar-to‘ymas boqib, to ishga yaramay qolib nobud bo‘lguncha ishlatadigan, hech kim tirik chiqib ketolmaydigan bir tashkilot bo‘ladi. Bola bu yerdan ham qochadi. Londonning sovuq, tosh ko‘chalarida darbadar kezar ekan, bir chekka joyda, eski latta-puttalar uyumiga ko‘zi tushadi. Shu lattalarni olib biror yerga to‘shab uxlashni xayol qilib, qo‘l ursa, jandalar ostidan bir cholning boshi ko‘rinadi va «Ey, tinchgina o‘lgani ham qo‘ymaysizlarmi, qoch bu yerdan» deydi. Bola esa, «xo‘p-xo‘p, kechirasiz ser, bemalol o‘lavering, bu yerda sizning borligingizni bilmabman», deb uzoqlashadi. Xullas borib-borib bir zavoddanmi, fabrikadanmi ish topadi… Mana shu qahramonga qattiq achinganman. O‘zimizning tongdan qora kechgacha paxta dalasida ishlashimiz, ikki bukilib yagona qilishimiz (guj-guj ko‘kargan paxtani siyraklash) chopiq, chekanka, paxta, ko‘sak terishlar holdan toydirib yuboradigan mehnatlarimiz, tuz sepib, tuguncha qilib osib qo‘yilganiga qaramasdan baribir hidlanib qolgan go‘sht solib tayyorlangan taomlar yeyishimiz bu bolaning qiyinchiliklari oldida go‘yo holvaday, yashash tarzimiz esa jannatday tuyulgan.
Keyinchalik beshinchi, oltinchi sinflarda O‘zbek adabiyotining o‘sha yillarda ijod qilgan adiblari kitoblarini o‘qiganman. Bular o‘sha, «O‘qituvchi», «Oltin zanglamas», «Shinelli yillar», «Jannat qidirganlar», «Farg‘ona tong otguncha» va «Girdob» singari kitoblar edi. O‘sha paytlarda qiziqib o‘qiganim bilan keyinchalik bu kitoblarni qaytib o‘qiganim yo‘q. Zero, mening qo‘lga olishimni kutib yotgan kitoblar dunyosi hali juda ulkan edi. Umuman juda ko‘p kitob o‘qir edim va ko‘pincha ovozimning boricha zavq bilan she’r o‘qib qolardim.Opalarimning kattasi Anvara adabiyot o‘qituvchisi edi. Bir marta shu opam mehmonga kelganida tashqarida supaga o‘rin to‘shab yonma-yon yotganmiz. Va erta tongda uyg‘onib ketib:
«Bugun erta turib tongni ko‘rdim,
Oq shohi ro‘moli boshida
Ufq yasantirib, go‘zal falak
Sochini taraydi qoshida»...
deb she’r o‘qib qoldim. Opam ham o‘rnidan turib o‘tirdi. Keyin menga qarab «Seni o‘qitmasak bo‘lmaydi. O‘qishga kirib bitirib, o‘sha yoqlarda yashamasang, bu shoir tabiatingni qishloq ko‘tarmaydi», degan.
Ko‘p kitob o‘qiganim uchun bo‘lsa kerak, juda ham xayolparast edim. O‘sha dalalarda sovqotib, qunishib, qor ostidan paxta terib yurgan paytlarimiz ham, quyoshning tig‘ida yagona-chopiq qilib yurganlarimizda ham menga go‘yo ayni paytda birovning hayotini yashayapman-u, mening hayotim boshqacha bo‘ladiganday, «Sharq yulduzi», «Guliston», «Saodat» jurnallarida chop etilayotgan rangtasvirlarday suratlar chizib, rassom bo‘lib Toshkentda yashayman, degan xayolmi, ishonchmi ongim ostida hukmron edi.
1973-yilda to‘qqizinchi sinfni bitirib rassomlik bilim yurtiga o‘qishga kirdim va saboq beradigan o‘qituvchimiz Lyudmila Ivanovna Osnovenko va guruhdagi rusiyzabon talabalardan bir yilda rus tilini ancha o‘zlashtirib oldim.
Va birdaniga rus tilida kitob o‘qish zavqini kashf qildim. Endi qarshimda rus tiliga tarjima qilingan jahon adabiyoti, rus zamonaviy va klassik adabiyoti olamining darvozalari ochildi. Shunday qilib och odam oldiga qo‘yilgan barcha taomni yeyishga harakat qilgani kabi paydar-pay o‘qishga kirishdim. Institutga kirib to bitirguncha, olti yil davomida faqat rus tilidagi kitoblarni o‘qidim. Bular Ilya Erenburgning «Urush» epopeyasi, «Bedarak ketganlar» (muallifi esimda yo‘q) Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik», Anna Karenina, Maksim Gorkiy, Nodar Dumbadze, Chingiz Aytmatov, Bulgakov, Gabriel Garsia Markes, Xemenguey kabi ko‘plab yozuvchilarning kitoblarini o‘qidim. Oradan biror sakkiz yil o‘tgach, ko‘rgazma zallariga tomoshaga kelgan shoir yigitlar, qizlar bilan tanisha boshladik. Men endi adabiyot ahli degan sehrli, ohangrabo davraga kirib qolgan edim – Erkin A’zamov, Xayriddin Sultonov, Murod Muhammad Do‘st kabi adiblarni o‘zim uchun kashf qildim. Ayollardan Halima Xudoyberdiyeva she’riyatini, adiba Dilbar Saidova asarlarini sevib o‘qiy boshladim. Bu qalam sohiblarining men o‘qimagan kitoblari yo‘q. Lekin shu rus tilidagi kitoblarga berilib ketgan sakkiz-o‘n yil ichida o‘zbek adabiyotida qandy adiblarning asarlari yetakchi bo‘ldi, bilmayman.
Qayta o‘qigan kitoblarimdan Erkin A’zamning to‘rt tomli saylanmasi, Murod Muhammad Do‘stning «Lolazor» asarini aytishim mumkin. Yana Sobir O‘nar, (rahmatli) Nazar Eshonqul, Ulug‘bek Hamdam, Isajon Sultonlarning deyarli barcha kitoblarini o‘qiganman.
Ayni kunlarda Bahodir Qobulning «Otachiroq» nomli kitobini o‘qiyapman.
Qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan kitoblarim qaytib kelmagan.
Talabalik davrimda qalam ahli bilan do‘stlashganim avval jurnalistikaga, keyin adabiyot olamiga boshlab keldi. Avvaliga «San’at» jurnaliga topshirilgan rus tilidagi maqolalarni o‘zbek tiliga tarjima qildim. Keyin o‘zim ham san’atshunoslik maqolalari yoza boshladim. Asta-sekin hikoyalarim matbuot yuzini ko‘rdi. Avval 2008-yilda «Marvarid shodasi» nomli qissam kitob shaklida chop etildi. Keyin 2011-yilda «Yurak devoridagi chizgilar» nomli kitobim chiqdi. Shundan keyin ko‘p yillar yozmay ketdim. Keyin ota-onam, bobolarim bosh qahramonlari bo‘lgan, o‘zim ko‘rgan, eshitgan voqealarga asoslangan «Umrning uch fasli» nomli qissam chop etildi. Oltmish yoshimda ingliz tiliga qiziqishim ortib, shu tilni o‘rgana boshladim. O‘rganish jarayonida mustaqil tarjima qilgan ikkita asarim «Yangi avlod» nashriyoti tomonidan kitob shakliga keltirilib dunyo yuzini ko‘rdi. Bular ingliz adibasi Dafna dyu Morening «Rebekka» va «Qarindoshim Reychel» (ixchamlashtirilgan variantlari) nomli romanlaridir. Keyin shu nashriyotning buyurtmasi bilan Vilyam Sheksperning bolalar uchun maxsus ixchamlashtirilgan beshta asarini tarjima qildim. Ikkitasi chop etildi. Uchtasi jarayonda. Yana hali chop etilmagan zamonaviy ingliz adiblari ijodidan tarjima qilingan «Birinchi gumondor», «G‘oliblar» nomli ikkita qissam bor.
Shu keyingi uch yil ichida jiddiy ishladim. Syujetlar o‘zim hayotda ko‘rib kuzatgan voqealarim. Qahramonlarim o‘zaro oilaviy janjallar, qaynona-kelin mojarolaridan baland insonlar. Qahramonlarim asosan oddiy ayollar bo‘lib, biror murakkab va og‘ir hayotiy girdobga tushib qoladi. «Men yengishim kerak», degan fikrni xayoliga ham keltirmagan holda muammolar bilan kurashadi, turmushning tikanli so‘qmoqlarida yiqilib- surinib faqat ilgarilaydi, og‘ir holatlardan insoniy qiyofasini yo‘qotmay chiqib oladi. Keyingi uch yil ichida o‘nga yaqin qissa, hikoyalar, va «Kechikkan tong» nomli roman yozdim. O‘sha «Umrning uch fasli» nomli asarimdan tortib to shu bugungacha yozgan qissalarim «So‘g‘diyona» haftalik gazetasida muntazam chop etib kelinyapti.
Romanim hozircha tahrir jarayonida. Yana bir ikkita syujet xayolimda aylanib yuribdi. Lekin hali boshlaganim yo‘q. Shuningdek ayni kunlarda birorta asar tarjima ham qilayotganim yo‘q.
Men hozir o‘zim yoqtirgan adiblar va shoirlar portretlarini ishlash bilan bandman.
Gulnora Rahmon
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter