Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Peshonaga uzilgan o‘q yohud yozuvchining ayanchli qismati

Peshonaga uzilgan o‘q yohud yozuvchining ayanchli qismati

Ernest Xeminguey romanlari va ko‘plab hikoyalari bilan jahon adabiyotida katta iz qoldirgan. U yozuvchi, jurnalist, inson ruhiyatini chuqur biluvchi daho ham edi. Xeminguey uslubi qisqa va mazmunan boy bo‘lib, XX asr adabiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Adibning mehnati samarasiz ketmagan. U 1954-yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Xeminguey nafaqat ijodi, balki turfa sarguzashtlar va kutilmagan voqealarga limmo-lim hayoti bilan ham keng miqyosda tanilgan.

Tabiat va majburiyat

Ernest Miller Xeminguey 1899-yilning 21-iyulida Amerikaning Illinoys shtati Chikagoga tutash Ouk-Park shaharchasida tavallud topgan. Uning otasi Klarens Edmont Xeminguey shifokor, onasi Greys Xoll esa farzandlar tarbiyasi bilan band edi.

Klarens o‘g‘lini bolaligidan tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalashga harakat qildi. U Ernestning o‘z izidan borib, tibbiyot va tabiiy fanlar bilan shug‘ullanish orzusida edi. Erni uch yoshga to‘lganida otasi birinchi qarmoqni sovg‘a qildi va baliq oviga olib chiqdi. Sakkiz yoshidayoq bo‘lajak adib G‘arbiy Yevropadagi barcha daraxtlar, gullar, baliqlar va hayvonlarning nomini yoddan bilardi. Ernestning boshqa sevimli mashg‘uloti esa adabiyot bo‘ldi. Bola uy kutubxonasida soatlab o‘tirar, unga asosan Darvinning ishlari va tarixiy adabiyot yoqardi.

Xeminguey xonimning esa Ernest kelajagi bilan bog‘liq orzusi boshqacha edi. U o‘g‘lini cherkov xorida kuylash va violonchel chalishga majbur qilardi. Oradan yillar o‘tib yetuklik pog‘onasiga yetgan Xeminguey shunday dedi: «Onam musiqada ta’lim olishim uchun meni bir yil maktabga yubormagan. U musiqada qobiliyatim bor deb o‘ylar, aslida hech qanday layoqatim yo‘q edi».

Bola qarshilik ko‘rsatsa-da, onasi majbur qilar – Ernest har kuni musiqa bilan shug‘ullanishi shart edi.

Oilaning Ouk-Parkdagi qishki uyidan tashqari Vallun ko‘li bo‘yida «Uindmir» kotteji ham bo‘lgan. Ernest har yili ota-onasi va opalari bilan ana shu sokin maskanga yo‘l olardi. Bola uchun «Uindmir»ga borish to‘la-to‘kis ozodlikni anglatardi. Hech kim violonchelda chalishni majbur qilmas va u o‘z ermagi bilan mashg‘ul bo‘lardi – qirg‘oqda qarmoq bilan o‘tirar, o‘rmonda tentirar, hududdagi hindu bolalari bilan birga o‘ynardi.

Qariyaning sovg‘asi

1911-yili, Ernest 12 yoshga to‘lganida bobosi unga 12 kalibrli miltiq sovg‘a qildi. Bu tuhfa buva bilan nabiraning do‘stligini mustahkamladi. Bola qariyaning hikoyalarini tinglashni yaxshi ko‘rardi. U bobosi haqida butun umr faqat yaxshi xotiralar bilan yashadi va asarlarida bu haqda hikoya qildi.

Ov Ernestning asosiy ishtiyoqiga aylandi. Klarens o‘g‘lini miltiqdan foydalanish va hayvonni ta’qib qilishga o‘rgatdi. Ernest ilk hikoyalaridan birida aynan ov va otasining shakl-shamoyilini keltirib o‘tadi. Uning shaxsiyati, hayoti va umrining fojiali intiho topishi yozuvchini hamisha, hamma vaqt iztirobga solib keldi – Klarens o‘z joniga qasd qilgandi.

Tabiatan sog‘lom va kuchli bo‘lgan Xeminguey o‘smirligida boks va futbol bilan shug‘ullandi. Keyinchalik Ernest shunday degan:

– Boks meni hech qachon yotib qolmaslik, xuddi buqa kabi hamisha tez va shafqatsizlarcha hujum qilish uchun shay turishga o‘rgatdi.

Maktab yillarida Xeminguey uncha katta bo‘lmagan «Lavha» nomli maktab jurnalida o‘zini sinab ko‘rgan. Dastlab uning hindular qoni va folklori omuxtalashgan shimol ekzotikasi bo‘lmish «Manitu sudi» bosildi, keyingi sonda esa boksning parda ortidagi va jirkanch tijoriy tomonlari yoritilgan «Hamma gap teri rangida» hikoyasi chop etildi. Shundan so‘ng, asosan, sport musobaqalari, konsertlar bilan bog‘liq reportajlar e’lon qilina boshlandi. Ouk-Parkdagi «oqsuyaklar hayoti»ga doir achchiq istehzoli qaydlar, ayniqsa, mashhur edi. Bu vaqt ichida Xeminguey yozuvchi bo‘lishga allaqachon qat’iy qaror qilgandi.

Maktabni tugatgan Ernest ota-onasining talabiga ko‘ra universitetga hujjat topshirmadi, balki Kanzas-Sitiga yo‘l oldi va «The Kansas City Star» mahalliy gazetasiga ishga joylashdi. Bu yerda u bosh shifoxona, vokzal va politsiya mahkamasidan iborat shaharning uncha katta bo‘lmagan tumanidagi voqea-hodisalarni yoritishga mas’ul edi. Yosh reportyor qanday hodisa yuz bermasin yugurib borardi. U o‘g‘rilar bilan tanishdi, fohishalar, yollanma qotillar va firibgarlarga to‘qnash keldi, yong‘in yuz bergan joy va qamoqxonalarda bo‘ldi.

Ernest Xeminguey inson qilmishlarini kuzatdi, eslab qoldi va sabablarini tushunishga harakat qildi, so‘zlashuvlar yo‘sini, imo-ishoralar tarzini anglashga intildi. Bularning barchasi kelgusidagi hikoyalari uchun syujet, tafsilot va muloqotlar tarzida xotirasida saqlanib qoldi.

O‘qqa tutilgan yigit

Xeminguey harbiy xizmatga borishni xohlardi, biroq ko‘rish qobiliyati yomonligi tufayli unga uzoq vaqt rad javobini berib kelishdi. Ana shundan so‘ng Ernest o‘zini «Qizil xoch»ning ko‘ngilli haydovchisi sifatida qayd ettirib, Birinchi jahon urushining Italiyadagi frontiga tushishga erishdi. U bilan birga Milanga yangi borganlarni o‘sha kuniyoq poyezdning o‘zidan portlatilgan o‘q-dorilar zavodi hududini tozalashga yubordilar. Oradan bir necha yillar o‘tib, adib «Alvido, qurol» asarida urush bilan ilk bor to‘qnash kelgani haqida yozadi. Ertasi kuni yosh Xemingueyni sanitar mashinasi haydovchisi sifatida Shio shaharchasidagi otryad frontiga jo‘natdilar. Biroq Ernest u yerda deyarli hamma vaqt ermak topib yurdi: qarta, beysbol o‘ynadi, salunlarga bordi. Xemingueyning toqati yetmadi va Pyava daryosi bo‘yiga o‘tkazishlariga erishdi. U yerda harbiy do‘konda faoliyat ko‘rsatdi. Keyinroq bu ishdan ham voz kechib, askarlar uchun okopning o‘ziga mahsulot yetkazib beradigan bo‘ldi.

1918-yilning 8-iyulida yarador italyan merganini qutqarayotgan Xemingueyni avstriyaliklar pulemyot va minomyotdan o‘qqa tutdilar, qarangki, u tirik qoldi. Gospitalda Ernestdan 26 ta snaryad parchasi olindi. Uning tanasida ikki yuzga yaqin jarohat bor edi. Ko‘p o‘tmay, Xeminguey Milanga o‘tkazildi va vrachlar bu ko‘ngilli jangchining tizza kosasini alyumin protez bilan almashtirishdi.

Bir yildan so‘ng, 21-yanvarda Ernest AQShga qahramon bo‘lib qaytdi – italyan frontida yarador bo‘lgan birinchi amerikalik haqida barcha markaziy gazetalar yozgan edi. Italiya qiroli Xemingueyni «Jasorati uchun» kumush nishoni va «Harbiy xoch» bilan taqdirladi. Yozuvchining o‘zi keyinchalik shunday so‘zlarni bitdi: «Men o‘sha urushga borganimda ortiq darajada ahmoq edim. Biz sport jamoasi, avstriyaliklar esa musobaqalarda qatnashgan boshqa jamoa deb o‘ylagan ekanman».

Ona bilan kelishmovchilik

Deyarli bir yilni oila davrasida o‘tkazgan Xeminguey jarohatlarini davolatdi. U kelajagi haqida ham o‘ylardi. 1920-yil 20-fevralda jurnalistikaga qaytish uchun Toronto (Kanada)ga yo‘l oldi. Yangi ish beruvchi – «Toronto Star» gazetasi xohlagan mavzuda yozishiga imkoniyat berdi, biroq u faqat e’lon qilingan materiallari uchun qalam haqi olardi. Ernestning dastlabki ishi – «Ko‘chadigan asarlar ko‘rgazmasi» va «Soch-soqolingizni bepul qirdirishga urinib ko‘ring» – san’atni sevuvchilar snobizmi va amerikaliklar bid’ati ustidan kulishdan iborat edi (snobizm – snoblar, ya’ni o‘zini bilimdon, did-farosatli hisoblovchi kishilarga xos xulq-atvor). Xil o‘tmay, Xemingueyning urush va uyida hech kimga kerak bo‘lmaydigan faxriylar, gangsterlar hamda kaltafahm amaldorlar haqidagi jiddiy maqolalari paydo bo‘ldi.

O‘sha yillari Ernest bilan volidasi o‘rtasida ziddiyat kelib chiqdi. Onasi uchun o‘g‘li hamon go‘dak edi go‘yo. Bir necha janjal va mojarolardan so‘ng Xeminguey lash-lushlarini yig‘ishtirdi-da, Ouk-Parkdan Chikagoga ko‘chib o‘tdi. Bu shaharda «Toronto star» bilan hamkorlikni davom ettirdi, shuningdek, «Cooperative Commonwealth» jurnalida muharrirlik ishlarini olib bordi. 1921-yilning 3-sentyabrida Ernest yosh pianinochi Xedli Richardsonga uylandi va u bilan o‘zi uzoq vaqt orzu qilgan Parijga yo‘l oldi.

Parijda er-xotin Xemingueylar Konteskarp maydonining Kardinal Lemuana ko‘chasidagi uyga joylashishdi. «Sen ila hamisha bo‘lgan bayramlar» kitobida Ernest shunday deb yozgan: «Bu yerda issiq suv va kanalizatsiya bor edi. Shunday bo‘lsa-da, derazadan yaxshi manzara ko‘rinardi. Polda qulay to‘shak bo‘lib xizmat qilgan sim matras tashlangan edi. Devorda bizga yoqqan kartinalar ilingan. Uy yorug‘ va shinam edi».

Yoz oylarida dunyo bo‘ylab sayohatga pul yig‘ish uchun Xemingueyning juda ko‘p ishlashiga to‘g‘ri kelardi. U har haftada «Toronto star»ga hikoyalar jo‘natib turdi. Tahririyat yozuvchidan Yevropa hayoti, turmush tafsilotlari va axloqiy dunyo haqida lavhalar kutardi. Bu Ernestga ocherklari mavzusi va uslubni o‘zi tanlashiga imkon berdi. Uning birinchi ocherklari, Amerika sayyohlarini masxaralash, «oltin yoshlik» va urushdan keyingi Yevropaning yengil ermaklar qiluvchi maishatparastlari haqida bo‘ldi («Mana, Parij qanday ekan», «Amerika muhtojlari Parijda» va hokazo).

Adib kitoblariga tashnalik

1923-yili Ernest «Shekspir va kompaniya» kitob do‘koni sohibasi Silviya Bich bilan tanishdi. Ular o‘rtasida do‘stona iliq munosabatlar kurtak ochdi. Xeminguey Silviyaning muassasasida vaqtini o‘tkazadigan, o‘qish uchun kitoblar oladigan, muhtojlikda kun kechiruvchi Parij ziyolilari, yozuvchi va musavvirlari bilan tanishadigan bo‘ldi.

Yosh Ernestning maroqli va muhim tanishuvlaridan biri Gertruda Stayn bilan bog‘liq. U Xeminguey uchun ulkan tajribaga ega do‘stga aylandi. Adib Gertruda bilan adabiyot borasida ko‘p suhbatlashardi. Gertruda gazetadagi faoliyatga mensimay qarar va Xeminguey uchun eng asosiysi yozuvchi bo‘lish ekanligiga uni doimiy ravishda ishontirishga urinardi.

Ernest Silviya Bich do‘koniga kelib turuvchi Jeyms Joysga katta qiziqish bilan qaradi. Joysning «Uliss» romani AQSh va Angliyada senzura tomonidan taqiqlab qo‘yilganida Xeminguey Chikagodagi do‘stlari orqali bu kitobni yashirincha tashish va ommalashtirishni yo‘lga qo‘ydi.

1926-yili «Quyosh ham chiqadi» kitobidan so‘ng Xeminguey birinchi adabiy muvaffaqiyatga erishdi. Mazkur asar umidsizlik ruhida yozilgan bo‘lsa-da, 1920-yillarda Fransiya va Ispaniyada yashagan «yo‘qolgan avlod» – yoshlar hayotini yorqin bo‘yoqlarda aks ettiradi.

1927 yili Ernest Xemingueyning «Ayolsiz erkaklar», 1933-yili esa «G‘olib hech nima olmaydi» hikoyalar to‘plami chiqdi. Ular kitobxonlar ko‘z o‘ngida Xemingueyning ixcham hajmdagi nodir hikoyalar muallifi ekanligini tasdiqladi. Kitobdagi «Qotillar», «Frensis Makomberning uzoqqa cho‘zilmagan baxti» va «Kilimanjaro qorlari», ayniqsa mashhur bo‘ldi.

Shunday bo‘lsa-da, Xeminguey ko‘pchilikka o‘zining «Alvido, qurol!» (1929) romani bilan tanildi. Mazkur asar birinchi jahon urushi davrida amerikalik ko‘ngilli yigit va ingliz hamshirasi o‘rtasidagi muhabbat tarixidan so‘zlaydi. Kitob Amerikada misli ko‘rilmagan darajada muvafaqiyat qozondi – uning sotilishiga, hatto iqtisodiy inqiroz ham xalaqit bermadi.

Avtohalokat, so‘ng kasallik...

1930-yillarning boshida Xeminguey AQShga qaytdi va Floridaning Ki-Uest shaharchasiga joylashdi. Bu yerda baliqchilik bilan mashg‘ul bo‘ldi, o‘z yaxtasida Bagama orollari, Kubaga sayohat qildi, yangi hikoyalar yozdi. Biograflarning fikricha, aynan shu damlarda unga katta yozuvchilik shuhrati kelgan. Xeminguey muallifligida nimaiki yozilsa, barchasi zudlik bilan bosilar va katta adadlarda tarqalib ketardi. U o‘z hayotidagi ajoyib yillarni o‘tkazgan uyda muzey tashkil etilgan. Xeminguey muxlislari shu qadar ko‘pki, bu dargoh har doim ziyoratchilar bilan band bo‘ladi.
Ammo hayot bir tekis emas. 1930-yil kuzida Ernest jiddiy avtohalokatga uchradi. Oqibatda suyak sinishlar, bosh jarohati va shikastlanishdan taklanishi uchun salkam bir yil kerak bo‘ldi. Adib doimiy ravishda ishlagan qalamdan vaqtincha voz kechdi va yozuv mashinkasidan foydalana boshladi. 1932 yili u «Choshgohdan keyingi o‘lim» romani ustida ish boshladi va korridoni erkaklik taomili hamda sinovi sifatida yaqqol aks ettirdi. Kitob bestsellerga aylanib, Xeminguey nufuzini «birinchi raqamli yozuvchi» sifatida tasdiqlab berdi.

1933-yili Xeminguey «G‘olib hech nima olmaydi» hikoyalar to‘plami ustida ish boshladi. Yozuvchi undan keladigan daromad hisobidan o‘zining azaliy orzusi – Sharqiy Afrika bo‘ylab sayohat qilishni rejalashtirdi. Bu kitob ham muvaffaqiyat keltirdi va o‘sha yili yozuvchi sayohatga yo‘l oldi.

Tanganika ko‘li hududiga borgan Xeminguey mahalliy qabilalar vakillaridan o‘ziga yo‘l boshlovchi va xizmatchilar yolladi. Lager barpo qildi va ovga chiqdi. 1934-yilning yanvarida navbatdagi safardan qaytgan Ernest amyoba ichburug‘iga chalindi. Kundan-kunga salomatligi yomonlashdi. U alahlar, tanasi kuchli ravishda qurib borardi. Xeminguey uchun Dar-es-Salamadan maxsus samolyot yuborilib, yozuvchini mazkur hudud poytaxtiga olib ketishdi. Adib u yerdagi ingliz gospitalida faol terapiya kursini o‘tab, ahvoli yaxshilandi.

Har holda Xeminguey uchun bu ov mavsumi omadli bo‘lgandi: uchta otib o‘ldirilgan sher, o‘ljalari ichida yigirma yettita antilopa (kiyik), yirik buyvol (buqa) va Afrikaning boshqa jonivorlari ham bor edi. Yozuvchining Tanganikidagi taassurotlari «Afrikaning yashil tepaliklari» kitobida o‘z aksini topgan (1935). Mazkur asar Xemingueyning ovchi va sayohatchi sifatidagi kundaligi hisoblanadi.

Okopdagi tanishuv

Adib navbatdagi kitobi — «Ega bo‘lmoq va bo‘lmaslik» ustidagi ishlarini yakunlagan sana 1937 yil boshlariga to‘g‘ri keladi. Qissada AQShdagi buyuk inqiroz davri hodisalariga baho berilgan. Xeminguey mavjud muammoga muhtojlikdan qochish uchun kontrabandachiga aylangan floridalik kishi sifatida qaraydi. Uzoq yillar mobaynida yozuvchi ijodida ilk bor Ispaniyadagi xavotirli vaziyat bilan bog‘liq ijtimoiy mavzu ko‘tariladi. U yerda Xemingueyni behalovat qilgan fuqarolar urushi boshlangan edi. Adib general Franko bilan jang qilayotgan respublikachilarni yoqlab, ularning manfaati uchun xayriya tashkil etdi. Mablag‘ yig‘ib bo‘lingach, u urush harakatlarini yoritish uchun Madridga yuborishlarini so‘rab, Shimoliy Amerika gazetalar uyushmasiga murojaat qildi. Tez orada kinorejissyor Yoris Ivens boshchiligida «Ispaniya zamini» hujjatli filmini suratga olish guruhi jamlandi. Ssenariynavis Xeminguey edi.

Urushning eng og‘ir kunlarida Ernest baynalmilalchi va jurnalistlar klubining qarorgohi bo‘lgan «Florida» mehmonxonasida frankchilar bilan birga bo‘ldi. Yozuvchining kontrrazvedkachilar faoliyati haqidagi «Beshinchi kolonna» nomli yagona sahna asari (1937) aynan bombardimon va otishmalar paytida yozildi. Xeminguey u yerda amerikalik jurnalist Marta Gellxorn bilan tanishdi, uyga qaytgach, turmush qurdilar va Marta adibning uchinchi xotiniga aylandi.

Xeminguey Madridda bo‘lganida Barselonadan farqli o‘laroq urush qaqshatqich ravishda kechayotgan Kataloniyaga yo‘l olgan. Okoplardan birida u fransuz yozuvchisi va uchuvchisi Antuan de Sent-Ekzyuperi va baynalmilalchi brigadalar komandiri Hans Kale bilan tanishdi.

Urush taassurotlari Xemingueyning mashhur romani – «Qo‘ng‘iroq kimning motamini kuylayotir» asarida o‘z aksini topgan. Unda respublikaning halokatga uchrashi, tarix saboqlari tilga olinib, har qanday fojiali damlarda ham shaxsiyat birlamchi ekanligi ta’kidlanadi. Mazkur roman 1940-yili nashr etildi. «Qo‘ng‘iroq kimning motamini kuylayotir» asari ayni paytda fashizmga qarshi jang qilish uchun Ispaniyaga ko‘ngilli bo‘lib jo‘nab ketgan yosh amerikalik fuqarolar haqida ham hikoya qiladi. AQSh rasmiy hukumati Ispaniya voqealariga aralashmay chetda turgan bir paytda bu yoshlarning Ispaniyaga borishi va antifashist kuchlar safida fashizmga qarshi kurashi katta jasorat edi.

Adib zurriyodlari

1941-yili kemasozlik korxonasidan katta dengiz kateri xarid qilib, unga «Pilar» deb nom bergan Xeminguey Baltimor (AQSh)ga yo‘l oldi. Kubagacha suzib borib, baliqchilik bilan mashg‘ul bo‘ldi. Biroq 7 dekabr kuni yaponlar Pyorl-Xarborga hujum qilib, amerikaliklar javob tariqasida urush ochgach, Tinch okeani faol jangovar o‘choqlardan biriga aylandi.

Gap shundaki, urush Xemingueyning eng sevimli mavzularidan biri bo‘lib, ikkinchi jahon urushi boshlangach, u muxbir sifatida Londonga ko‘chib o‘tdi va jurnalistlik faoliyatini tikladi. Bungacha esa, 1941 – 1943-yillarda Kubada natsist josuslariga qarshi kontrrazvedka tashkil etib, o‘zining «Pilar» kateri orqali Karib dengizida nemis suvosti kemalari izidan tushdi.

1944-yili Xeminguey Germaniya va okkupatsiya qilingan Fransiya uzra bombardimonchi parvozlarda ishtirok etdi. Ittifoqchilar Normandiyada bo‘lishganida esa urush va razvedka harakatlarida qatnashish uchun ruxsat olishga erishdi. Ernest 200 kishiga yaqin fransuz partizan otryadiga qo‘mondonlik qilib, Parij, Belgiya, Elzas janglarida ishtirok etdi.

1949-yili yozuvchi Kubaga ko‘chib o‘tib, adabiy faoliyatini tikladi. «Chol va dengiz» qissasi (1952) o‘sha yerda yozildi. Ushbu asar XX asr ikkinchi yarmi adabiyotining yuksak namunasi bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tgach, «Chol va dengiz» Pulitser mukofotiga sazovor bo‘ldi. Asar Nobel mutasaddilarining ham e’tiborini tortdi. O‘sha yili «Chol va dengiz» qissasi adabiyot bo‘yicha mazkur mukofotga loyiq deb topildi. 1956 yili Xeminguey Parijdagi 20-yillar hayoti haqida «Sen ila hamisha bo‘lgan bayramlar» avtobiografik asarini yozdi (mazkur kitob yozuvchining vafotidan keyin chiqqan).

Xemingueyning zurriyodlari haqida so‘zlaganda, birinchi xotini Elizabet Xedli Richardsondan (1891–1879) bir o‘g‘il Bambi Jon (1923–2000) tug‘ilgani ma’lum. Nabiralar: Margo (1954–1996) va Mariel (1961 yili dunyoga kelgan). Ikkinchi rafiqasi Paulina Pfayfer (1895–1951) bilan adib o‘rtasida Patrik (1928) va Gregori (1931–2001) ismli o‘g‘illar tavallud topgan. Nevara: Shon Xeminguey (1967). Xemingueyning uchinchi xotini Marta Gellxorn (1908–1998), to‘rtinchisi esa Meri Uelsh (1908–1986) edi.

O‘limoldi maktubi

1960 yili Xeminguey Kuba orolini tark etdi va AQShga qaytib, Ketchum (Aydaho shtati) shahridan qo‘nim topdi. U bir qator jiddiy kasalliklar, jumladan, arteriyada qon bosimining oshib ketishi va diabet tufayli behol edi. Adibni «davolash» uchun Rochester shahridagi «Mayo» klinikasiga joylashtirishdi. Xeminguey o‘z ortidan ta’qib qilishlari tufayli chuqur siqilish holatini boshdan kechirdi.

Yozuvchi nazarida uning izidan hamma joyda FQB agentlari yuradi, barcha yerda mitti eshitish moslamalari qo‘yilgan, telefon so‘zlashuvlari tinglanadi, pochtasi o‘qiladi, bankdagi hisob raqami muntazam ravishda tekshiriladi. Xeminguey har qanday tasodifiy o‘tkinchini josus deb qabul qilishi mumkin edi (1980-yillarning boshida E.Xemingueyning arxiv ishi oshkor qilindi va yozuvchi Amerika maxsus xizmatlarining doimiy diqqat e’tiborida bo‘lgani va ta’qib qilingani o‘z tasdig‘ini topdi).

Xemingueyni psixiatriya qonunlari bo‘yicha davolashga harakat qilishdi. Muolaja sifatida elektr yo‘li bilan titratish qo‘llanildi. 13 seansli elektroshokdan so‘ng yozuvchi xotirasini yo‘qotdi. Bu haqda Xeminguey shunday degan: «Menga elektroshok qo‘llagan vrachlar yozuvchilarni tushunishmaydi... Ruhiy kasalliklar vrachlari yozuvchilik qanday bo‘lishini anglab yetish uchun badiiy asar yozishni o‘rganishsin... Mening miyamni zaiflashtirish, xotiramni o‘chirish va hayot chohiga uloqtirishdan qanday ma’ni bor edi?»

Davolanish chog‘ida Xeminguey do‘stiga klinika yo‘lagidagi telefondan qo‘ng‘iroq qilgan va shifoxonada ham eshitish moslamasi qo‘yilganini aytgan. Uni yana o‘sha tarzda davolash davom ettirildi. Biroq hech qanday natija bo‘lmadi. Adib ishlay olmas, ruhiy jihatdan siqilar, o‘zini o‘ldirishi haqida tez-tez gapirardi. Bu amaliy ravishda ham yuz berib (masalan, qo‘qqisdan samolyotning havo vinti tomonga sakrash va hokazo), yozuvchini asrab qolishga muvaffaq bo‘lishardi.

1961-yilning 2 iyulida, Maydo klinikasidan Xemingueyga javob berishdi. Yozuvchi Ketchumdagi uyiga ravona bo‘ldi. Yo‘lda u otasining vafoti haqida eslagan bo‘lsa ajab emas. Xeminguey uyda o‘limoldi xatini qoldirdi, shundan so‘ng esa peshonasiga qarata miltiqdan o‘q uzdi...

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring