Ozodbek Nazarbekov Turkmanistonda unvonga musharraf bo‘ldi (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvonini qabul qildi. Bu haqda uning o‘zi ma’lum qildi:
«Bugun Turkmaniston Oliy Majlisi raisi Gulshat Mammedova qo‘lidan «Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvonini qabul qildik.
O‘zbek xalqining ijodkor bir farzandi bunday e’tirofga munosib ko‘rilishi ikki qardosh davlatning do‘stona munosabati, ikki millat o‘rtasida insonparvarlik va bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlash, o‘zaro muhabbat va e’tiborning yuksak ko‘rinishi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kamtarona ijodimizni yuksak baholab, taqdim etilgan mazkur unvonni nafaqat menga, balki butun o‘zbek xalqiga hamda san’atiga bo‘lgan Turmaniston Prezidentining, xalqining mehri va hurmati deb qabul qilaman.
Shu bilan birga, turkman xalqining e’tiboriga tushganimdan, yana bir qadrdon makonda millionlab muxlislar orttirganimdan benihoya xursandman.
Ayni damda, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, o‘zbek xalqiga qanday sidqidildan xizmat qilayotgan bo‘lsam, endilikda o‘zimni turkman xalqi oldida ham ana shunday burchli deb hisoblayman.
O‘zbek xalqi singari mehribon, bag‘rikeng turkman elining ehtiromiga sazovor bo‘lish men uchun katta baxt, yuksak e’tirof va ulkan mas’uliyatdir.
Fursatdan foydalanib, ushbu e’tirof uchun, avvalo, Turkmaniston Prezidentiga, shu orqali butun turkman xalqiga chuqur minnatdorligimni bildiraman», — deb yozadi Ozodbek Nazarbekov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter