Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning restavratsiya qilingan 70 ta noyob artefakti Luvrdagi ko‘rgazmada namoyish etiladi (foto)

O‘zbekistonning restavratsiya qilingan 70 ta noyob artefakti Luvrdagi ko‘rgazmada namoyish etiladi (foto)

So‘nggi uch yil ichida ko‘rgazmalarga puxta tayyorgarlik ishlari olib borildi. Bir qancha o‘zbek-fransuz qo‘shma ekspeditsiyalari bo‘lib o‘tdi, ular davomida ko‘plab arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Bundan tashqari, Luvr restavratorlari va mamlakatimiz mutaxassislari bir necha bosqichda keng ko‘lamli restavratsiya ishlarini olib borishdi.

Restavratsiya qilingan buyumlar orasida Kofirqal’a qadimgi shahar qoldiqlaridan (Samarqand) topilgan, kuyib ko‘mirga aylangan VI-VII asrlarga mansub yog‘och lavh ajralib turadi. Uning old qismlari tozalandi va restavratsiya qilindi, lavhning o‘zi yettita lavh qismlari bilan birlashtirildi.

Jamg‘arma restavratsiya ishlari uchun Luvr muzeyi mutaxassisi Delfin Lefevrni jalb qildi, u Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya institutining yetakchi ilmiy xodimi Marina Reutova bilan birga ishladi.

Kofirqal’ada topilgan o‘ymakor naqshlar bilan bezalgan, kuyib ko‘mirga aylangan lavhni konservatsiya qilish So‘g‘d tasviriy san’atining ushbu noyob yodgorligini saqlab qolish, kuyib ko‘mirga aylangan lavhlarda tasvirlangan syujetlarni o‘rganish, shuningdek VII asr va VIIII asr boshidagi Samarqand hukmdorlari qarorgohida taxt o‘rnatilgan xonaning arxitektura bezaklarini grafik rekonstruksiya qilish imkonini berdi.

Shuningdek xom loydan yasalgan «Gulchambar taqqan Budda» haykaliga ham (miloddan avvalgi I asr – milodiy I asr) restavratsiya ishlovi berildi, eksponatning ust qismi tozalandi va zararlangan qismlari mastika bilan qoplandi.

Bundan tashqari, Islom olamining noyob obyekti va eng muhim qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan XIII asrga mansub  Katta Langar Qur’onining 13 sahifasi restavratsiya qilindi. Ushbu Qur’on uzoq vaqt Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Langarota masjidida saqlangan va Islom olamidagi eng qadimiy Mushaf qo‘lyozma nusxalaridan biri hisoblanadi.

Jamg‘arma taklifiga binoan muqaddas qo‘lyozmani restavratsiya qilish ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delau va Aureliya Streri tomonidan amalga oshirildi. Mahalliy mutaxassislardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining boshlig‘i Kamoliddin Mahkamov, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona axborot va kutubxona resurslarini restavratsiya qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Shuhrat Po‘latov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining yetakchi mutaxassisi Saidahmad Ikromov restavratsiya ishlarida ishtirok etdi. Shunday qilib, restavratsiya jarayonida Jamg‘arma mahalliy mutaxassislarning ushbu sohadagi yetakchi xorijiy mutaxassislar bilan o‘zaro hamkorligi va tajriba almashishi uchun sharoit yaratdi.

Eksponatlarni restavratsiya qilish jarayoni boshidan oxirigacha O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida amalga oshirildi.

Umuman olganda, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Fransiya mutaxassislari bilan hamkorlikda Luvr muzeyida o‘tkaziladigan ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rish uchun 70 ta eksponatni restavratsiya qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring