O‘zbekiston Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashiga a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashiga a’zo bo‘ldi.
Bu nimani anglatadi?
Endi o‘zbek yozuvchilari va ijodkorlari ham ushbu kengash tomonidan ta’sis etilgan tanlovlarda qatnashish va xalqaro miqyosda kitobxonlar e’tirofiga sazovor bo‘lish imkoniyatiga ega.
Bu o‘zi qanday tashkilot?
Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashi (International Board on Books for Young People — IBBY) 1953-yilda Syurix (Shveysariya)da YuNESKOning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti bo‘yicha xalqaro kengashi tomonidan tashkil etilgan. Kengashning asosiy maqsadi bolalar va yoshlar adabiyotini rivojlantirish, mamlakatlar milliy adabiyotini xalqaro miqyosga ko‘tarish va ommalashtirishga ko‘maklashishdir. IBBY aynan shunday maqsadga ko‘ra ijodiy va ijtimoiy kuchlarni birlashtirishadi. Shu kunga qadar O‘zbekiston ushbu tashkilotga a’zo emas edi. Tashkilot nizomiga ko‘ra, har bir davlatda Milliy sho‘’ba tashkil etilishi mumkin, faqat bunda tashkilotning o‘ziga yarasha shartlari va to‘lov summasi mavjud.
IBBYning O‘zbekiston Respublikasi Milliy sho‘’basi AOKA tashabbusi bilan tashkil etildi.
IBBYga a’zolik bizga nima beradi?
Bundan buyon O‘zbekistonning barcha ijodkorlari, jumladan, bolalar yozuvchilari, rassomlar va boshqa kitob sohasida mehnat qiluvchi insonlar xalqaro kongresslarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Yana bir quvonarli tomoni, o‘zbek tilidagi bolalar adabiyotini ham jahon miqyosida taqdim etish, ijodkorlarimizni turli xil sovrinlarga, jumladan Hans Kristian Andersen nomidagi sovrin uchun nomzodini ilgari surish imkoniyati paydo bo‘ldi.
IBBY, shuningdek, har ikki yilda bir marotaba milliy sho‘’balarning har biridan ko‘zga ko‘ringan yozuvchilar, illyustrator-rassomlar va tarjimonlarni e’tirof qilish maqsadida ularning eng yaxshi ishlarini IBBY Honour List ro‘yxatiga kiritadi.
IBBYning barcha a’zolari uchun alohida ahamiyatga ega voqea bu har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining Butunjahon kongressidir. Milliy sho‘’baga ega har bir davlat Xalqaro kongress mezboni bo‘lish imkoniga ega va mamlakat mezbonlikka ariza bergach, kengash ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi. Demak, bunday imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi Milliy sho‘’basida ham mavjud.
2022-yilgi IBBY Kongressiga Malayziya mezbonlik qiladi. Ushbu kongressda bu yil O‘zbekiston ham qatnashadi.
Bundan chiqdi, ushbu xalqaro tashkilotga a’zolik O‘zbekistonda bolalar adabiyotining rivojlanishi uchun katta manfaat keltiradi. Bu yurtimizda kitobxonlikni rivojlantirish, rag‘batlantirish va targ‘ib qilish borasidagi katta qadamdir. Endilikda IBBY orqali adabiyot borasida ham o‘zaro hamkorliklar olib borilishi, jumladan o‘zbek bolalar adabiyotining xorijiy tillarga va xorijiy tillardagi eng mashhur bolalar kitoblarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishi kutilmoqda.
Bolalar va o‘smirlar adabiyoti xalqaro kengashiga a’zolik bugungi bayram — Xalqaro bolalar adabiyoti kuni uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi deya olamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter