«O‘zbek qizi» haqida ayrim mulohazalar. U ko‘rishga arziydimi?
Yaqin o‘n yillikdagi o‘zbek kinomatografiyasi mazmun va ko‘lami jihatidan boyidi. Ayniqsa, tarixiy mavzular, xususan yaqin tariximizdan so‘zlovchi ko‘plab kinokartinalar dunyo yuzini ko‘rdi. Garchi tarixiy mavzularda film ishlashdan «qo‘l chiqib» qolgan bo‘lsada, kinoijodkorlar o‘z so‘zlarini ayta oldilar. Jumladan, «Qo‘qon shamoli», «Abdulla Avloniy», «Ibrat»... Keyinroq esa, «O‘zbekkino»da o‘zgarishlar amalga oshirilgandan so‘ng, negadir bu mavzular chekinib, ikkinchi jahon urushi mavzusiga murojaat qilish an’ana tusiga kirgandek bo‘ldi. Avval «Ilhaq», so‘ng «O‘zbek qizi» va yana suratga olish ishlari e’lon qilingan «Kazbek» filmlari.
Ikkinchi jahon urushi mavzusida film va seriallar ishlash Rossiyada keng urfga kirgan. Ular orasida urushning mash’um yuzini ko‘rsatib bergan kinoasarlar ham bordir, ammo aksariyati urushni romantika yo‘nalishida tasvirlashga, uni ulug‘lashga yo‘naltirilgan. Bu borada aytilmagan so‘z, ekranga ko‘chmagan mavzu qolmadi, hisob. Mana shu kinofilmlarni shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin: 1) muayyan g‘oyaga yo‘naltirilgan; 2) voqea tasviri birinchi planga qo‘yilganlari.
Mana shu asnoda, kinorejissyor Akbar Bekturdiyevning «O‘zbek qizi» filmi yaratildi. O‘zbek qizi Jamila Qodirova timsolida o‘zbek xalqining urushga tortilish tarixini yoritildi kinokartinada.
Filmni zamonaviy kinomatografiya talablariga xos tarz ishlashga urinishlarni sezish mumkin. Dekoratsiya, tarixiy sharoit va muhitni ideal tarzda imitatsiya qilish, maxsus effektlar... Operatorlik ishida zamonaviy kinomatografiyaning yutuqlaridan keng foydalanilgan. Bir qarashda, xorij blokbasterlaridan qolishmaydigan film. Hammasi joy-joyida. Lekin...
Bir qarashda bu filmni avval ham ko‘rgandek hissiyot o‘tadi. Xuddi rus filmlarini ko‘rayotgan bo‘lasiz, chunki qurumi bir xil: ekspozitsiya, voqea rivoji va yechimning berilishi o‘xshash. Agar film boshida titrlar ko‘rsatilmasa rossiyaliklar ishlagan ekan, degan xayolga boriladi.
Rus film va seriallarida qahramonlar qanday tanishtirilsa «O‘zbek qizi» da ham shunday. Qizlar va Jamila harbiy maktabda tanitiladi. Eski «priyom». «28 panfilovchi», «Hur qizlar», «Shtrafbat»... Xullas, ro‘yxat uzun. Ssenariy shu rus film va seriallaridan bitta-bitta epizodlar olib yozilgandek taassurot uyg‘otadi.
Ssenariy mualliflari original yondoshishsa tayyor qoliplardan foydalanishmagan bo‘lardi. Ssenariy shunday yozilganki, boshidanoq bosh qahramonning qahramon bo‘lishini sezasiz va film finalida adashmaysiz.
Film Baxtiyor Abdug‘afurning «Uzbechka» asari asosida ishlangan deyishdi. «Uzbechka»ni o‘qisangiz Jamila Qodirovaning qahramon bo‘lishiga ishonasiz, navbatdagi qahramonlik haqidagi asar ekan, degan o‘yga borasiz. Lekin asar davomida voqealar rivoji keskin o‘zgaradi, romandagi Jamila qahramon emas, mahbusga aylanadi, mehnat lageriga hukm qilinadi... Mana bu haqiqiy original yechim. Hayronman, mana shunday original yondashuvlar nima uchun kinochilarga ma’qul kelmadi?
Bundan tashqari, «Uzbechka» asarida ikkinchi jahon urushi arafasida millatning ikkiga bo‘linishi, fojeasi ko‘rsatilgan. Jamila timsolida Sho‘roga ishongan xalq, Islomxo‘ja va uning otasi Buzrukxo‘ja eshon timsolida istiqlolni orzu qilgan ikkinchi toifa. Hozirgi O‘zbekiston o‘sha Islomxo‘ja va Buzruxo‘jalar yetisha olmagan hurriyatli yurt edi. Islomxo‘jalar fojiasi misolida kino ijodkorlari millatning kechagi qorong‘u tarixini ham qo‘shib yoritishsa bo‘lardi, ularda imkoniyat bor edi. Romanning kulminatsion nuqtasi – o‘zbek xalqi farzandini jazolagan NKVD generalining oilasini aynan shu o‘zbek xalqi saqlab qolgani, general esa shu xalq qarshisida bir umr ta’zimda ekanini ekranlashtirishga nima xalaqit berdi? O‘zbekning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatish emasmi aslida «O‘zbekkino»ning bosh maqsadi? «O‘zbek qizi» deya nomlansada «o‘zbek»ning «o‘» harfi sezilmaydi. Kinodagi snayper qiz bu tuzumning farzandi, qiyofasi, yuzi, unda milliylikdan hech narsa yo‘q, faqat o‘zbeklarga xos kiyintirilgan, xolos.
Ikkinchi tomondan, bu jihatlarni qo‘yib turib boshqa rakursdan qaralsa, filmdagi mantiqsizlikka ko‘z yumib bo‘lmaydi. Mantiq yo‘q joyda esa ishonch yo‘qoladi.
Ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz:
1. Jamilaning frontda – harakatdagi armiya qismida paydo bo‘lishi. Josuslar, diversantlar to‘lib-toshgan vaqtda maxsus xizmatlar nazariga tushmaslik uchun qishloqi qiz Jamila kamida o‘sha diversantlardek bo‘lishi kerak;
2. Jamilaning oddiy «Mosinka»da bombardimonchi samolyotni urish tushirishi. Film davomida tog‘asidan otishni o‘rganganligi ko‘rsatilgan bo‘lsada qo‘shtig‘ bilan «Mosinka»ning ishlashida katta farq bor;
3. Harbiy maktab instruktori kapitan Gromovning qizlarga qo‘shilib frontga ketishi. Qaysi mantiq bilan harbiy maktab instruktorini o‘z talabalari bilan frontga jo‘natish mumkin?! Ustoz-instruktor talabalarning yangi guruhini qabul qiladi va ta’lim beradi. Film «mantiqi»dan kelib chiqadigan bo‘lsak, talabalar bilan frontga jo‘nayversa harbiy maktabda o‘qituvchi qoladimi?
4. Harbiy maktab boshlig‘ining partizanlarga qo‘shilishi. Yuqoridagi fikrimizning mantiqiy davomi. Talabalari bilan frontga jo‘nayversa harbiy maktabga har safar yangi boshliq tayinlanadimi? Bu boshliqlar ham frontga jo‘nab, aytaylik, Belorussiya yoki Ukrainadagi partizanlarga qo‘shilib ketaveradimi?
5. Snayperchi qizlarning hammasini bir qismga jo‘natilishi. Urush vaqtida bunday bo‘lmagan. Har diviziya/batalonga bitta snayper maxsus yo‘llanma bilan yuborilgan. «Pachkalab» yuborilishiga odam ishonmaydi. Film ijodkorlari hech bo‘lmasa «Nomsiz tepalikda» («Na bezimyannoy visote») filmiga yaxshilab e’tibor berganlarida snayperchi qizlarni qay taxlit frontga yuborilishi tartibi va talabiga tushungan bo‘lardilar...
Xullas, sanasa uzoq davom etamiz, bu xususda ovora bo‘lishimizda mantiq ko‘rinmaydi.
Urush mavzularni yuqorida shartli tasniflagandek, o‘sha tasnif bo‘yicha «O‘zbek qizi»ni ikkinchi qismga – voqealari gulduragan, g‘oyasi oqsaganlar safiga qo‘shsa bo‘ladi.
Yana bir jihat. Har qanday asar bir kishi tomonidan yoziladi. Ikkinchi, uchinchi va hokazo tartibli «mualliflarning» qo‘shilishi butun bir yaxlitlik, badiiy uyg‘unlikka putur yetkazadi. «O‘zbek qizi» ssenariysida uch muallif ko‘rsatilgan, «hashar qilib» yozilgan ssenariyda ham shu nuqsonlar ko‘zga tashlanadi.
O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, Badiiy kengash bu qusur va nuqsonlarni ko‘rganmi? Ko‘rgan bo‘lsa fikr aytganmi? Badiiy kengash a’zolari yetuk, salohiyatli mutaxassislar, ular yuqoridagi nuqson va mantiqsizliklarni ko‘rmay qolishlari mumkin emas. Badiiy kengashning tegishli bayonnomalarida bu fikr-mulohazalar aks etganligiga shubhamiz yo‘q.
Film davlat mablag‘i hisobiga olingan. Demak, davlat fuqarosi sifatida fikr aytishga haqqimiz bor. Shuncha mablag‘ sarflab shunday kino olish mumkinmi? Film bu faqat blokbaster emas, undaylari internetda tiqilib yotibdi. Film muayyan g‘oyani aytishi kerak. Film qahramonlarida o‘ziga xos g‘oyaviy yuklamalar bo‘lishi kerak. Lekin «O‘zbek qizi»da bunday emas. Qahramonlar obraz darajasiga ko‘tarilmagan, ularning ismi-sharifi bor, aytmoqchi bo‘lgan g‘oyasi yo‘q. Snayper qiz tarixi aysbergning uchi, uning osti esa yo‘q – go‘yo ummonning iliq suvlari yuvib ketgan.
Xohlaymizmi-yo‘qmi, «Ilhaq» filmini eslashga majburmiz. Jahongir Ahmedovning filmida har bir qahramon badiiy portreti pishiq-puxta ishlangan obraz. Ona – tuzumning qurboniga aylangan millat onalari, Rais – tuzumning sodiq xodimi... Hatto, mayda-chuyda ko‘ringan detallarga ham ramziylik yashiringan. Eslang, bolalar tuproqyo‘lda yasagan uychani voyenkomat harbiysining mashinasi bosib ketishi... «Ilhaq»ning badiiy yetukligi mana shunda. Kinossenariyga har narsa tirkab ketilavermagan.
Fikrlarimni umumlashtirib aytishim mumkinki, «O‘zbek qizi» ijodkorlarida katta imkoniyat bor edi. Ular nafaqat suvrati bor, siyrati yo‘q film o‘rniga g‘oyaviy-badiiy jihatdan pishiq kinoasar yaratishlari mumkin edi. Kinoasarki, qayta-qayta ko‘radigan, har safar bir narsa kashf etiladigan.
Afsus, unday bo‘lmabdi.
Zafar Qosimov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter