Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjonda 44 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tdi

Ozarbayjonda 44 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tdi

Ozarbayjonda 1-4 avgust kunlari «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tdi. E’tiborli tomoni, bunday tadbir qardosh davlatda oxirgi marta 44 yil muqaddam o‘tkazilgan edi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Samir Abbasov ushbu tadbirlar qanday kechgani haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Avvalo, shuni qayd etish joiz, Ozarbayjon hamda O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik yanada rivojlanib, hozirgi darajaga yetdi.

Bugungi kunda Ozarbayjon-O‘zbekiston munosabatlari rivojlanishning yangi bosqichiga kirib, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan muvaffaqiyatli davom ettirilmoqda.

Mamlakatlarimiz mustaqillikka erishgach 44 yildan so‘ng ilk marta Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida «O‘zbekiston madaniyati kunlari» bo‘lib o‘tdi. E’tiborlisi, ushbu tadbirlarni o‘tkazish uchun O‘zbekistondan 200 nafardan ortiq qardosh tashrif buyurgan, – dedi Samir Abbasov.

Tadbirlarning darajasi, ko‘lami va ahamiyati inobatga olingan holda ochilish marosimi Ozarbayjon xalqining Umummilliy Lideri Haydar Aliyev nomidagi saroyda bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon va O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokida tantanali konsert dasturi tashkillashtirildi.

Konsert dasturida mashhur va sevimli san’atkorlar Farrux Zokirov, Ozodbek Nazarbekov, Nasiba Abdullayeva, Gulsanam Mamazoitova, Jenisbek Piyazov, Ilyos Arabov, Yulduz Turdiyeva, Ozoda Nursaidova, Samandar Alimov va boshqalar ishtirok etdi.

Do‘stona munosabatlar belgisi sifatida konsertda Ozarbayjon va O‘zbekiston xalq artisti Gulyanog‘ Mammadova va Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Tarzan Sohib Pashozoda ham qatnashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring