Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Navoiyni anglab o‘qiylik!

Navoiyni anglab o‘qiylik!

Foto: «Saviya.uz»

Har yili fevral oyining avvalida hamma o‘zini Hazrat Navoiyni tanishini, bilishini, uning ijodi bilan oshnoligini ko‘rsatishga intilib qoladi. O‘zimiz ham bundan mustasno emas. Shu orada Navoiyni tushunishini da’vo qiladiganlar ham chiqib qoladi. Ammo Navoiyni anglash uchun Navoiy bilgan bilimlarni egallash zarurligi, Qur’on, hadis ilmidan yaxshigina xabardor bo‘lish kerakligi, Navoiyni anglamoqchi bo‘lgan kishining ruhoniyati Navoiy ruhoniyatiga yaqin bo‘lishi shartligi hammaning ham esiga kelavermaydi.

Adabiyotdan anchagina xabari bor odamlar ham Navoiy g‘azallarini o‘qiganlarida ularni yuzaki tushunishadi, ya’ni «ko‘zi ko‘rgan» so‘zlarnigina anglaydi. Bu so‘zlarga «berkitilgan» haqiqiy ma’noni esa Navoiy «qurolini» ishlata oladiganlargina anglaydilar. Ana o‘shalar Navoiy g‘azallarini o‘qiganlarida dod deb yig‘laydilar, ana o‘shalarning faryodi osmon toqiga yetadi.

Bu qurol nima? Bu qurol – oriflik, bu qurol so‘fiylik. So‘fiylar esa o‘zlarining qalblaridagi muqaddas tushunchalarni, mo‘’tabar nomlarni dunyoviy odamlar o‘qiganda arzimas narsa deb o‘ylaydigan nomlar bilan «qulflab» olganlar. Ular g‘azallarida Allohni yor deydilar. Ibodatni may, ibodatxonani mayxona, o‘zlarini Haqqa yetaklovchi ruhoniy pirlarini esa soqiy deydilar. Ana shuning uchun «May ichsang, oqilu, dono bilan ich» yoki «Men o‘lsam, meni mayxona xarobalarining ostidan izlang», degan Alloh yo‘lida yonib o‘tgan shoirlarni XX asr dahriylari «g‘irt alkash» shoirlarga chiqardilar. Shuning uchun ham zamona mayxo‘rlari bu shoirlarni o‘zlariga oshno sanab, uning ruboiylarini qadah so‘zi qilib aytib yurdilar. Shoir ruhini qaqshatib yurganlar hali ham topiladi. O‘sha «tost»larining haqiqiy ma’nolarini bilib qolganlarida edi, qo‘llaridagi qadahlarini yerga urib, chil-chil sindirgan bo‘lardilar. Afsuski, sharob xira qilgan aqllari bunga yetmaydi.

Ulamolardan biri so‘fiylarning bunaqa «so‘z o‘yinlari»ni anglagach, so‘radi: «Zohiran yoqimsiz bo‘lgan bunday lafzlarni istiloh qilib olishga sizlarni nima undagan?» So‘fiylar aytdilar: «O‘z yo‘limizga bo‘lgan rashkimiz, toki uni yaxshi o‘zlashtirmaganlar uni da’vo qilmasinlar, unga ahl bo‘lmagan unga kirib olmasinlar!»

Ana endi Hazrat Navoiydan bir bayt o‘qiymiz:

Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab, 

Xiromi suratidin gul uza haydin gulob aylab.

Buni zamonaviy «Navoiyshunos» bunday sharhlaydi: «Yarim kechasi, qorong‘u tushganida bir chiroyli yuzli ayol kulbamga shoshib-pishib keldi, shoshganidan terlab ketibdi-yu, terlari yuzidan gulobdek quyilayotgan edi».

Bu Allohga bo‘lgan muhabbatim ikkiga bo‘linmasin, deya dunyodan toq o‘tgan Navoiyga tuhmatdir. Boring, ana, bir mahliqo huzurlariga kelgan bo‘lsa ham Navoiydek zot buni g‘azal qilib, butun olamga jar solmasdilar, sir tutardilar. 

Xo‘sh, Navoiy aslida, nima demoqchi edilar? Buning uchun Navoiy shu baytda ishlatgan so‘zlar so‘fiylikda nimani anglatishini bilib olaylik: kulba – orifning qalbi; gulrux – shuhud olami, ya’ni Allohning zotini mushohada qilish holati; gul uza hay – g‘aybiy ilhom. Ana endi baytni izohlashga urinamiz:

«Hamma yoqni jaholat zulmati qoplab turgan bir paytda, qalbimda Allohning zotini mushohada qilish holati yuz berdi. Bu shunday tez yuz berdiki, uning tezligidan menda g‘aybiy ilhomlar hosil bo‘ldi».

Ana, shoir nima demoqchi-yu, uni yuzaki anglagan odam nimani xayol qiladi? Hazrat Navoiy g‘azallarini ana shunaqa sharhlagan «Navoiyshunoslar» ham, Hazrat Navoiy haqida kino qildim deb, Navoiydek zotni podshoh (Husayn Boyqaro) bilan xotin talashtirganlar ham Hazratga tuhmat qilganlar. Hazrat Navoiyning hayotlarida unaqa voqealar bo‘lmagan va bunaqa sharmandaliklarning bo‘lishi mumkin ham emas! 

Navoiyni tushunib o‘qishga harakat qiling, uni anglashga harakat qiling! Ammo uning g‘azallari, dostonlarining tub mohiyatiga yetmasangiz, o‘qimay qo‘yavering, zero, Navoiyni o‘qimaslik mumkin, buning uchun gunohkor bo‘lmaysiz! Ammo Navoiyni o‘qib, uni boshqalarga o‘zingizcha talqin etish, «Navoiy ham may haqida yozgan, u ham o‘zimizdan ekan», deb uni shishadoshlar qatoriga qo‘shib qo‘yishingiz − gunoh! Buning javobi bor.

Zamondoshlari yaratgan g‘azallarning ham ma’nosini chaqmaslik, g‘azal so‘zlarining yukini his qilmaslik hofizlarda ko‘p uchraydi. Masalan, ma’nisiga yetganida hofizlar Saida Zunnunova yurak qoni bilan yozgan «Qanoatda Saida filcha bo‘lurmu, hay-hay» deb tugaydigan g‘azalni raqqosa o‘ynatib emas, faryod chekib aytardilar. Buning uchun esa, Saida Zunnunova buni qachon yozgani, nimaga yozgani, buni yozganida boshida qanaqa tegirmon toshlari aylangani-yu, qanchalar qon yutganini bilishlari kerak bo‘ladi. Afsuski, ular bu narsalarni o‘qishmaydi...

Yoki «Yorni oynakdin qarang, noz uyquda yotganmikin» deb boshlanuvchi g‘azalda Alloh Jabroil alayhissalomga «Boring, sekin oynadan qarang, mening yorim, do‘stim, habibim Muhammad alayhissalom uxlayaptimikanlar yo bedormikanlar?» degan ma’noni uqqanlarida hofizlar bu qo‘shiqni raqqosa o‘ynatib, sho‘x kuylamagan bo‘lardilar. Afsuski, bu narsalardan xabari yo‘q hofizlar aytayotgan so‘zining ma’nosini bilishdan ko‘ra ko‘proq raqqosa o‘ynatishga o‘chroq...

Hazrat Alisher Navoiy g‘azallarini, dostonlaridagi ma’nolarni anglash, ularni tushunib o‘qish barchamizga nasib qilsin!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring