Marhamat qilib, navbatga turing!
Men 2017-yilning yozida Ostona shahriga borib keldim. Borishda ham, qaytishda ham Kiyev shahri orqali uchdik va aeroportda terminalni almashtirish uchun navbatda turishimizga to‘g‘ri keldi. Odam ko‘p. Men odatimga ko‘ra oldin so‘rab, keyin navbatga turdim.
Birozdan keyin qarasam ukrainalik sayyohlar biri u yoqdan, biri bu yoqdan kelib navbatda turganlarning orasiga suqulib kirishga harakat qilmoqdalar. Suqulmaganlari ham navbatning qatori qolib yarim metr o‘ngga yoki chapga turib olib, ularning orqalarida odamlar tizilib, qatorlarning soni uch-to‘rtta bo‘lib, tartibsizlik yuzaga kelishiga sababchi bo‘lmoqda.
O‘zi azaldan tartibsizlik va adolatsizlikni yomon ko‘raman. Shu sababdan navbatga suqulganlar va qatorlarni buzganlarni tartibga chaqirdim. Shunda oraga suqulgan ikkita ukrainalik erkak xuddi ular haqday menga e’tiroz bildirishdi:
— Do‘stim, bu yer Ukraina. Bu yerda navbatga shunday turiladi...
— Nima, Ukrainada madaniyat, tartib va o‘zgalarga hurmat degan narsalar yo‘qmi?
— Nimaga yo‘q bo‘larkan? Bor albatta. Buning ustiga faqat bizdagina bunday emas. Men yaqinda Gruziyada bir oy yashab keldim. Ularda ham odamlar navbatga xuddi mana shunday turar ekanlar.
— Gruziyada ham navbatga noto‘g‘ri turadigan bo‘lsa, bu navbatga noto‘g‘ri turish kerak degani emas-ku. Siz hozir «Gruziyada ham madaniyat, tartib yo‘q» deb aytmoqdasiz.
— Ukrainada madaniyat bor. Senga kerakmi shu navbat? Olaqol navbatni.
— Men sizdan marhamat so‘ramayapman. Men o‘z navbatimda turibman. Siz esa madaniyatli odamlar kabi o‘z navbatingizda turing. Chunki men sizni baribir oldinga o‘tkazmayman...
— Mana, turdim navbatga. Endi ko‘ngling joyiga tushdimi?
— Ha, joyiga tushdi. Rahmat!..
...Bir yili Parijdan Toshkentga Sankt-Peterburg orqali uchishga to‘g‘ri keldi. Sankt-Peterburggacha yaxshi uchib bordik. Ungacha hammasi joyida edi. Toshkentga uchishda esa samolyotga asosan vatandoshlarimiz chiqishdi. Yurtimizni, vatandoshlarimizni sog‘inganim uchun ularni ko‘rib, ko‘zlarim quvnab ketdi. Sog‘inch asnosida ularning samolyotga pala-partish, tartibsiz chiqishlariga ham uncha e’tibor qilmadim. Lekin samolyotga chiqqach, vatandoshlarimizning styuardessalarga muomalasini va styuardessalarning shunga yarasha javoblarini ko‘rib, o‘zimni noqulay his qila boshladim.
Yonimda mening hayratimni kuzatib o‘tirgan andijonlik aka menga: «Uka, xijolat bo‘lmang, bu Rossiya-O‘zbekiston reyslaridagi odatiy hol. Samolyot qo‘nganda nima bo‘lishini ko‘rasiz hali», — deb qo‘ydi. Men «Samolyot qo‘nganda nima bo‘lar ekan?» deb o‘ylagan edim. Keyinchalik buni ham bilib oldim.
Xullas, samolyot Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nishi bilan, hali yurayotgan samolyotda vatandoshlarimiz o‘rinlaridan turib olib, tepada turgan yuklarini tapir-tupur pastga qo‘ya boshladilar. 10 soniya ichida shunday tartibsizlik yuzaga keldiki, styuardessalarning mikrofon orqali «Hurmatli yo‘lovchilar, iltimos, samolyot to‘xtamaguncha o‘rningizdan turmang, o‘rindiqlarga o‘tirib, kamaringizni taqib oling» deb qayta-qayta takrorlashining foydasi bo‘lmadi. Men esa «samolyotdan 5 daqiqa oldin chiqmasa bo‘lmaydigan» vatandoshlarimning barchasini chiqarib yuborib, ulardan keyin shoshmasdan chiqdim. Chunki men vatanimizning jamolini shuncha kutgan odam sifatida yana besh daqiqa kuta olishimga ishonchim komil edi...
Hozirga qadar bir necha bor OVIR olishimga to‘g‘ri kelgan va kelajakda hali yana ko‘p to‘g‘ri kelsa kerak. OVIR uchun hujjatlarni topshirish va uni olguncha kechadigan ovoragarchiliklar va OVIRni kutishga ketadigan uzoq muddatdan ham ko‘ra hujjat topshirish darchasi oldidagi navbat men uchun eng yoqimsiz holat hisoblanadi. To‘g‘ri, bor-yo‘g‘i bitta darcha ishlayotgani sababli u yerda navbat har doim katta, lekin navbatning kattaligi emas, balki odamlarimizning navbatda turish «madaniyati» ta’bimni xira qiladi.
Avvalo u yerdagi navbatni navbatsizlik deb atasak to‘g‘riroq bo‘ladi. Darcha oldida katta zal turibdi. U yerda «ilon izi» shaklida navbat qilinadigan bo‘lsa bemalol 10-15 metrlik «ilon» yasasa bo‘ladigan joy bor. Lekin odamlar bitta darchaning atrofini «yarim oy» shaklida o‘rab olib, bir-birlarini itarib, bosib, yanchib bor kuchi bilan darchaga qarab intiladilar. U yerda ayol, erkak, qari, yosh degan gap yo‘q.
Men u yerga borib odatimga ko‘ra navbatga turish uchun «Oxiri kim?» deb so‘rasam menga «Bu yerda hamma birinchi» deb javob berdilar. Navbatga turib bo‘lmagach, navbatning kelishini ham bilib bo‘lmaydi. Bitta yo‘li odamlarga o‘xshab «kim zo‘r bo‘lsa, o‘shaning navbati» qabilida oldinga intilish bo‘ladi. Men hali «Meni falonchi aka yubordi» deb kelib navbatsiz o‘tadiganlarni aytmayapman. Xullas, har safar imkon qadar madaniyatliroq yo‘llar bilan hujjatlarimni topshirishga va pasportimni olishga harakat qilaman. To‘g‘risini aytishim kerak, harakatlarim har doim ham samara beravermaydi. Ba’zan navbatimni keltirib olish uchun «jangga kirishimga» to‘g‘ri kelgan paytlar ham bo‘lgan.
Eng achinarlisi, OVIRdagi bu holat O‘zbekistonda yagona holat emas. Shunday paytlarda «Bu yer Ukraina» degan ukrainlarga «Sen O‘zbekistonda navbatga turib ko‘rmagan ekansan» deb yuborging keladi...
Bir paytlar menga bir voqeani aytib bergan edilar. Sobiq sovet davrida O‘zbekistondagi qaysidir aeroportda odamlar navbatda turmasdan bir-birlarini bosib, samolyotga chiqadigan trapni yiqitib yuborgan ekan. Shundan keyin ruslar va chet ellik mehmonlarning oldida uyaltirmasliklari uchun o‘zbeklarga alohida navbatlar tashkil qilingan emish. Eng qizig‘i, shundan keyin ham «boshqa millatlar»ning navbatlari tartibli, o‘zbeklarning navbatlari esa betartib bo‘lishda davom etavergan ekan…
Bir qarashda navbat oddiy, arzimas narsaday tuyuladi. Lekin chuqurroq tahlil qilinadigan bo‘lsa, navbat inson psixologiyasi va hayot tarzidagi ko‘p narsalarni anglab yetishga yordam beradi. Navbatni taxminan qo‘yidagicha ta’riflash mumkin:
- Navbat — onglilik, ya’ni insoniylik belgisidir. Masalan, hayvonlar o‘ylab, farosatini ishlatib, navbatga tura olmaydi. Ularda buning uchun ong yetishmaydi.
- Navbat — madaniyat belgisi. Ong dunyodagi barcha insonlarda bor. Lekin hamma ham o‘zining bu qobiliyatini ishlatavermaydi. Navbatning foydasini anglab yetish va uni tatbiq eta olish uchun insonning madaniyat darajasi yetarlicha bo‘lishi kerak.
- Navbat — tarbiya va hurmat belgisi. Bolalikdan «o‘zingdan kattaga joy ber», «kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘l» deb o‘rgatiladi. Shu va shunga o‘xshash odatlar insonlarning jamiyatda birgalikda, o‘zaro uyg‘unlikda yashashiga imkon yaratadi. Navbat odobi ham insonlarga aynan tarbiya orqali beriladi. Shu sababli navbatlarda jismonan ojiz insonlarga — bolali onalar, keksalar va nogironlarga yo‘l beradilar. Bu toifaga kirmaydigan insonlar esa o‘zaro hurmat va intizom asosida navbatga turadilar.
- Navbat — insonning xudbin yoki xudbin emasligini ko‘rsatuvchi oyna. Navbatda oldinga o‘tib ketishga intilish va boshqalarning manfaatlaridan o‘zinikini ustun qo‘yish istagi insonning xudbinligini namoyon etadi. Xudbinlik rivojlanib, murakkablashib borgan sari poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, o‘g‘rilik, baxillik, hasad va hokazo ko‘rinishlarga kirib boraveradi. Ya’ni navbatda o‘zgalarning ustidan bosib o‘tib ketishga qodir bo‘lgan odamlar bundan-da muhimrok vaziyatlarda o‘zgalarni yanchib, og‘ir ahvolda qoldirib ketishga qodir bo‘ladi.
Demak, kimda-kim oddiygina navbatda turish odobini bilmaydigan yoki unga amal qilmaydigan bo‘lsa, u insonni bemalol o‘z ongini ishlatmaydigan (inson ongini ishlatgandagina hayvondan farqlanadi), madaniyatsiz, tarbiyasiz va xudbin inson deb atash mumkin. Ota-bobolarimiz qachonlardir o‘zgalarga madaniyatni, ilm-fanni, odob va axloqni o‘rgatganlar. Bizning davrimizga kelib, biz o‘zbeklar navbatga to‘g‘ri turishni ham eplay olmayotganligimiz ulkan fojiadir.
Agar ota-bobolarimizga munosib avlodlar bo‘lishni va bir kun kelib yurtimizda poraxo‘rlik, tanish-bilishlik, pul berib birovlarning o‘rniga o‘qishga, ishga kirish kabi illatlar yo‘q bo‘lib ketishini xohlasak, o‘zimizni isloh qilishni hozirdanoq navbatga to‘g‘ri turishdan boshlashimiz kerak. Shunda bora-bora boshqalar ham o‘zimizga o‘xshagan inson ekanligini, ularning ham tashvish va muammolari bo‘lishi mumkinligini, pora bilan ishimizni bitkazib, birovlarning bolalarini baxtsiz qiladigan bo‘lsak, bir kun kelib kimlardir bizning bolalarimizni ham baxtsiz qilishi mumkinligini his qiladigan bo‘lamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter