Madaniyat vazirligi 15,5 mlrd so‘mlik mashinalar bo‘yicha izoh berdi
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi «O‘zavtosanoat» tuzilmasiga kiruvchi korxonadan 15,5 mlrd so‘mga ikkita mashina sotib olgani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga izoh berdi.
Qayd etilishicha, prezidentning «Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 iyungacha «Madaniyat karvoni» uchun mo‘ljallangan, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega 2 dona maxsus avtotransport vositasini xarid qilish vazifasi belgilangan (qarorda buning uchun 20 mlrd so‘m ajratilishi ko‘rsatib o‘tilgan).
«Madaniyat karvoni» uchun mo‘ljallangan maxsus avtotransport (transformer) vositasining texnik parametrlari mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqilgan. Bunday transportni tayyorlash imkoniyati bo‘yicha xorijiy davlatlar o‘rganilgan va eng ma’quli sifatida Xitoy davlati tanlanib, vazirlik tomonidan OMDM va «Huayuan» kompaniyasi bilan muzokara olib borilgan.
Muzokara xulosasiga ko‘ra, OMDM kompaniyasi tomonidan 873 ming AQSh dollari, Olmaota shahridagi «Kazakhstan musical technologies» filiali tomonidan 900 ming AQSh dollari taklifi (bitta maxsus avtotransport vositasi xaridi uchun) bildirilgan. Biroq xorijiy kompaniyalar pandemiya sababli maxsus avtotransport vositasi yil yakuniga qadar yetkazib berilishini ma’lum qilgan.
Shundan so‘ng Madaniyat vazirligi ishlab chiqilgan texnik parametrlar asosida maxsus avtotransportni tayyorlash imkoniyati mavjud bo‘lgan mahalliy korxonalar bilan muloqot olib borish va tegishli xulosa olish maqsadida «O‘zavtosanoat», UzAvto Trailer va JV MAN Auto-Uzbekistan kompaniyalariga murojaat qilgan.
JV MAN Auto-Uzbekistan tavsiyasi asosida STEYA overseas projects tomonidan 1 mln 390 ming yevro, Turin politexnika universiteti tomonidan 9 mlrd 580 million so‘m hisobiga maxsus avtotransport vositasini tayyorlash, qolgan korxonalar va Uz Truck and Bus Motors kompaniyasi tomonidan esa 1 mlrd 395 mln so‘mga transportning faqat tyagach qismi (bosh qismi) bilan ta’minlash imkoniyati ma’lum qilingan.
«Madaniyat karvoni» uchun mo‘ljallangan avtotransportni Turin politexnika universiteti bilan birgalikda mukammal ishlab chiqish, tayyorlash va zarur uskunalar bilan jihozlash choralari ko‘rilib, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan. Ta’kidlanishicha, universitet bungacha Surxondaryo viloyati uchun tajriba sifatida kichik hajmdagi, musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus transportni ishlab chiqargan edi.
«Aslida bu ko‘pchilik o‘z tasavvuriga ko‘ra taxmin qilib, turlicha talqin etayotgan yengil avtomobil emas. Nomidan ham anglash mumkinki, bu tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega maxsus avtotransport vositasidir. Boshqacharoq qilib uni zamonaviy, ulkan «mobil sahna» deyish ham mumkin. Bunday transport vositalari buyurtma asosida maxsus ishlab chiqariladi», — deyiladi vazirlik axborotida.
Qo‘shimcha qilinishicha, sotib olingan transport vositalari «Madaniyat karvoni» tadbirlarini eng chekka manzillarda ham yuqori saviyada, sifatli texnik imkoniyatlar asosida o‘tkazishga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter