Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Luvr o‘g‘irlangan san’at asarlari bilan to‘ldirilganini bilarmidingiz? (foto)

Luvr o‘g‘irlangan san’at asarlari bilan to‘ldirilganini bilarmidingiz? (foto)

Foto: «imgur.com»

Luvr dunyodagi eng katta va eng qadimiy muzeylardan biridir. Parijdagi o‘ziga xos oynavand piramidasimon ushbu inshoot o‘zida qariyb 380 ming buyum va 35 ming san’at asarlarini jamlagan.

Ammo uning o‘tmishi qiziq sinoatlarga boy. Boisi muzeydagi aksariyat san’at asarlari o‘g‘irlash va tortib olish yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan. Napoleon Bonapart dastlab harbiy general sifatida, so‘ngra imperatorlik davrida bosib olgan hududlaridan minglab go‘zal suratlar, haykallar va san’at buyumlari olib kelgan. Xullas bu hali hammasi emas. Quyida Luvr tarixi va undagi o‘g‘irlangan san’at asarlari qanday shakllantirilgani haqida ma’lumot beramiz.

Luvr bir paytlar qal’a edi

Luvr dunyodagi eng katta muzeyga aylanishidan oldin, o‘rta asrlarda Parijning Sena hududini himoya qiladigan qal’a edi. XII asrda Filipp II boshchiligida qurilgan bu qal’a 98 fut balandlikdagi minorani o‘z ichiga olgan va atrofi o‘ralgan bo‘lgan. 14 asarda fortifikatsiya qilingan va bugungi kunda siz pastki qavatlarda asl binoning qoldiqlarini ko‘rishingiz mumkin.

Keyinroq Luvr saroyga aylandi

14 asrda qirol Fransua I yangi saroy qurish maqsadida qal’ani buzib tashladi. Uyg‘onish davri uslubidagi bino o‘zining uslubiga monand qad rostladi. Chunki u nihoyat o‘z ko‘rinishida fransuz madaniyatini ifodalay boshlagandi.

Qirollik uning atrofida qariyb 1 asr davomida yangi binolar va obodonlashtirish ishlarini olib borgan.

Qirol Leonardo da Vinchini olib keldi

Qirol Fransua san’atga bo‘lgan muhabbati tufayli Uyg‘onish davri rassomi Leonardo da Vinchini saroy rassomi, me’mori va muhandisi bo‘lish uchun taklif qildi. ClosLuce qasrida yashagan Leonardo da Vinchi 1516 yildan to vafoti – 1519 yilgacha Fransiyada qoldi.

Mona Lizaning tanishtirilishi

Qirolning rassomi sifatida yashagan payti Leonardo da Vinchi «Florensiyalik xonim»ni chizdi va 1517 yilda Clos Luce qasrini ziyorat qilgan Kardinal d’Aragonga taqdim etdi.

Albatta, bu rasm dunyodagi eng mashhur san’at asarlaridan biri Mona Liza sifatida tanilgan.

Mona Liza «sayohati»

Qirol Fransua Mona Lizani Luvr tashqarisidagi saroylarida aylantirib, oxir-oqibat yana qaytarib oldi. Rasm qirollik saltanati qulaganidan keyin muzeydan joy topdi.

Napoleon Bonapart hokimiyatga kelganida suratni yotoqxonasiga osib qo‘yganiga qaramay, uning joyi asosan Luvrda joylashgan edi. U yerda surat har yili minglab mehmonlarni o‘ziga jalb qilgan.

Xalq muzeyi

1789 yildagi Fransiya inqilobidan keyin Luvr saroyi bir muddat qarovsiz qoldirildi. Mamlakat Milliy Majlisi binoni hukumatga topshiradi. Hukumat esa, asrlar davomida qirol oilasi tomonidan to‘plangan barcha san’at asarlarini oddiy xalq tomosha qilishi uchun uni xalq muzeyiga aylantirdi.

1793 yil Luvr muzey sifatida ochilganida uning eksponati 500 dan ortiqni tashkil etgan.

O‘g‘riliklarning boshlanishi

Katta bino uchun 500 ta san’at asari juda kamlik qilar edi. 1794 yil Belgiya va Germaniyada Flamand rassomlari, jumladan Piter Pol Rubens, Entoni Van Deyk va Gaspar de Kreer o‘z asarlaridan voz kechishga majburlandi. Milliy konvensiya rassomlar ishlarini o‘g‘irlash uchun binolarni, cherkovlarni talon-taroj qildi.

O‘g‘irlangan asarlar orasida Mikelanjeloning «Bryusel Madonnasi», Xubert va Yan van Eykning bir qator nodir asarlari bo‘lgan.

Napoleon hokimiyat sahnasiga keldi

Napoleon Bonapart Italiyadagi fransuz qo‘shinlarining generali bo‘lganida, talonchilikka ham qo‘l urgan. U 1796 yilda Italiyani kesib o‘tib, Antonio da Korregjio, Rafayel, Mikelanjelo, da Vinchi va boshqalarning asarlarini tortib oldi.

Napoleon Bonapart Piatsenzada 20 ta surat olgan, yana 20 ta rasmni Milanda to‘plagan, so‘ngra yana 100 ta san’at asari – haykallardan tortib guldonlargacha Baloniya shartnomasida qo‘lga kiritgan.

Asarlarni yig‘ish

Napoleonning odatiga ko‘ra har qanday sulhda san’at asarlariga ega bo‘lish majburiyati kiritilgan. U eng yaxshi narsalardan birini olmagunicha tinchlik kelishuvi bo‘lmagan. Ma’lumotlarga qaraganda u bir yil ichida Vatikandan 500 ta qo‘lyozmani va Tolentino bitimi bilan esa, 300 ta antik davr asarlarini o‘z bilan olib ketadi.

Asarlar orasida Guyerchinoning «Sankt Petronilaning dafn etilishi», Rafayelning «O‘zgarish» va Paolo Veronesesning «Ka’na to‘y marosimi» kabilar bor edi. Bugungi kunda ham mazkur asarlar Luvrda saqlanmoqda.

Italiya san’atini yo‘q qilish

Napoleon Verona va Venetsiyaga bosqinchilik harakatlarini davom ettirdi. 1797 yil Kampo Formio bitimini imzolashda Italiya shaharlari fransuzlarga yanada ko‘proq san’at asarlarini taqdim etishlari shart bo‘lgan.

Ko‘pgina san’at asarlari Fransiyaga yuborilgan. Napoleon Sankt Mark maydonidagi qanotli sherni va Bassilikaning to‘rtta mis otini Luvr ro‘parasidagi Ark de Triompe du Caroussel’ga joylashtiradi.

Lekin bugungi kunda Ark de Triompe du Caroussel ustidagi to‘rtta mis otlar asl nusxa emas. Ularning asli 1825 yili Venetsiyaga qaytarilgan.

Napoleonning keyingi yurishi — Misr

Napoleon Italiyadagi muvaffaqiyatli talonchiligidan so‘ng e’tiborini Misrga qaratadi. U Misrda topilmalarning qiymatini aniqlashga yordam beradigan olimlar va rassomlarni o‘zi bilan olib yurib, minglab qadimiy buyumlarni to‘plagan.

Ularning ichida eng noyobi Rosetta tosh lavhi edi. Ushbu topilmaning ahamiyati — aynan u Misr iyerogliflarini tushunish uchun kalit vazifasini o‘tagan. Tosh lavh Luvrda 1801 yili namoyish etilgan.

O‘g‘rini qaroqchi urishi

Napoleon Luvr uchun Misrdan juda ko‘plab boylik va san’at asarlarini tashib ketgan bo‘lsa-da, hozir muzeyda ularning ko‘pi yo‘q. To‘g‘ri, 1798 yildan 1801 yilgacha fransuzlar hukmdori ko‘plab buyumlarni to‘plagan. Ammo inglizlar Fransiyani mag‘lubiyatga uchratganlarida Rosetta toshi va o‘g‘irlangan Misr eksponatlarining ko‘p qismini Britaniya muzeyiga olib ketishgan.

Davomi bor.

Nurillo To‘xtasinov tarjimasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring