Lazgi Dubayni lol qoldiryapti (foto)
Bugun Dubayda, Dubai Opera sahnasida «Lazgi — qalb va muhabbat raqsi» balet postanovkasining xalqaro premerasi bo‘lib o‘tdi.
Tomoshabinlar Xorazm Lazgisining Alisher Navoiy DAKT truppasi ijrosidagi yangicha talqinini ko‘rdi. Postanovka muallifi – Dortmund baletining baletmeysteri, NRW Juniorballet Dortmund baletining badiiy rahbari, xoreograf Raymondo Rebek.
Tomoshabinlar baletni ovatsiyalar bilan qarshiladi, bu esa postanovkaning boshqa mamlakatlarda, shubhasiz, muvaffaqiyat qozona olishiga ishoradir.
Mass-media Fondi Vasiylik Kengashi raisi muovini Saida Mirziyoyeva balet premerasidan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi:
— Yurtimiz madaniyati xorijda bunday iliqlik va hayrat bilan qarshi olinayotgani menga ilhom bag‘ishlaydi. Biz jahon hamjamiyatiga eng sara durdonalarimizni taqdim etamiz va ular dunyo mulkiga aylanadi.
«Lazgi» baletini yaratish loyihasi YuNESKO ko‘magi tufayli amalga oshirildi. Ushbu tashkilot 2019-yil 12-dekabrda Xorazm lazgisini insoniyat nomoddiy madaniy merosining vakillik ro‘yxatiga kiritdi.
Lazgi raqsi uch ming yillik tarixga ega. Afsonaga ko‘ra, issiq sahroda qalb uyg‘onadi va sehrgarning qo‘shig‘iga raqs tushadi. Uning ketidan hayotga qaytgan sevgining taqdiri yillar va masofalar osha bu raqsga chambarchas bog‘lanib ketadi.
Xalq tarixi, ajdodlar xotirasi, ruhlar sadosi — Lazgining har bir harakatida zamonlar uzviyligi mustahkamlanib boraveradi, pirovardda qalb va muhabbat O‘zbekistonning bir butun, yagona ma’naviy sarchashmasi va madaniy xazinasiga aylanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter