Tog‘ay Murod tavalludining 70 yilligiga: Kechikish (esse)
Ertaga, 3-fevral kuni tirik bo‘lganida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Abdulla Qodiriy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati Tog‘ay Murod 70 yoshga to‘lgan bo‘lardi.
Tog‘ay Murod (Mengnorov Tog‘aymurod) 1948-yil 3-fevralda Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga qarashli Xo‘jasoat qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan. Birinchi yirik qissasi – «Yulduzlar mangu yonadi» (1976).
«Ot kishnagan oqshom» (1979), «Oydinda yurgan odamlar» (1980), «Momo Yer qo‘shig‘i» (1985) kabi qissalar, «Otamdan qolgan dalalar» (1993), «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» (2001) romanlari muallifi. Jek Londonning «Boyning qizi» dramasi va hikoyalarini, E. Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo‘rg‘a» qissasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Yozuvchi 2003-yil 27-mayda Toshkent shahrida vafot etgan.
Bugun Milliy kutubxonada Tog‘ay Murodning xotira kechasi o‘tkazilmoqda.
Barcha adabiyot muxlislarini Tog‘ay Murodning tavallud kuni bilan muborakbod etib, adibning ijodiy yo‘lini davom ettirib, Tog‘ay Murod yo‘lida hikoyalar yozib kelayotgan, Tog‘ay Murodning o‘zining g‘oyibona ustozi hisoblaydigan saytimiz mualliflaridan biri To‘ra Murodning ustozi Tog‘ay Murod xotirasiga yozgan “Kechikish” nomli essesini e’tiboringizga havola etmoqdamiz.
Yulduzim hali yonadi!
Yulduzim mangu yonadi!
Davralarim hali davom etadi!
(«Yulduzlar mangu yonadi» qissasidan)
1.
Ay, birodarlar!
Yigirmaga kirganimda do‘st topdim!
U Tog‘ay Murod bo‘ldi.
2.
Bo‘ri polvonni yozdi.
Yozgani mening ichimdagi bo‘ldi.
Dardi mening dardim bo‘ldi.
Men polvon edim, do‘stlar!
Bo‘ri polvonchalik emas edim, lekin polvon edim.
Polvon uncha-munchaga tan bermaydi, uncha-muncha polvonga tan bermaydi.
Men Tog‘ay Murodga tan berdim!
Sanab nima qildim, dunyoning manaman degan adiblarini o‘qigan edim. Mundayini ko‘rmovdim, mundayini o‘qimovdim.
«Meni yozibdi», dedim. «Mening tilim, mening kurash usullarimni qaydan bilibdi?» dedim.
«Tog‘ay Murod polvon ekan», dedim. «Zo‘r polvon ekan», dedim.
Polvon bo‘lmasa, shunday yozmas edi. Yozolmas edi.
«Yo, otamning piri! − hayqirdi Tilovberdi».
Bu kalimani raqibimni usulga olib, yiqitish oldidan Tilovberdi emas, men, Karimberdi aytardim.
«Ismoildan yiqilgan Bo‘ri polvon... yig‘lab yubordi».
U ... men edim. Peshanasiga mushtlab-mushtlab yig‘lagan... men edim. Otamning qishlog‘ida davradan bosh egib chiqib ketganimda yig‘lagan.
Endi Tog‘ay Murod do‘stim bo‘ladi.
«O‘lmasam, topib, bi-ir gaplashaman», dedim.
3.
Ay, birodarlar!
Tog‘ay Murod akam bo‘ldi!
U mendan katta ekan.
U haqiqiy polvon ekan. U ot chopar ekan. Chavandoz ekan.
Men-da otni yaxshi ko‘rdim, otim bo‘lmadi. Men o‘sgan yerda ot o‘smadi. Otning zotini bilmay o‘sdim. Otdan qo‘rqib o‘sdim. Ot minmay o‘sdim, minolmay o‘sdim.
Bir kechada ot haqida hamma narsani bilib oldim.
Shu kecha ot bo‘ldim.
Otga qo‘shilib-qo‘shilib yig‘ladim.
So‘lig‘imni chaynab-chaynab yig‘ladim.
«Tishingni g‘ijirlatib uxlading, bolam», dedi Enam.
«Tog‘ay Murodni enasi kim ekan-a?» dedim Enamga.
«Qaysi Tog‘ay?» dedi Enam.
Enamdan-da arazladim.
«O‘lmasam, Tarlon olaman», dedim.
«Xo‘jasoatga Tarlonda boraman», dedim.
«Tog‘ay akam shundaygina ko‘z oldimga opkeb qo‘ygan Hayrondaradan o‘tib, Holvachi qirlariga chiqib, ovozim boricha akamni chaqiraman», dedim.
«O‘lmasam, topib, bi-ir gaplashaman», dedim.
4.
Ay, yoronlar!
Tog‘ay Murod shoir ekan.
Uning biror nasrida nasr ko‘rmadim. Har safar kitobidan she’r o‘qidim.
Men she’r yozar edim. Qofiyali-qofiyali qilib yozar edim.
Tog‘ay Murod yozgan she’rning qofiyasi o‘qisang, ichingdan kelar ekan, ichginangdan kelar ekan.
She’rning zo‘rini odamlar birdaniga tushunmaydi.
Tog‘ay akamni-da, odamlar birdaniga tushunmapti.
Odamlar-ku, tushungan. Zo‘rga bahoni bergichlar tushunmapti. Bergan bahosi baho bo‘lgichlar tushunmapti.
Men buni keyin bildim, keyin bildim.
Akam «Men» degan narsa yozgan ekan. G‘animlariga rahmatlar aytib yozgan ekan.
Ko‘p zug‘um ko‘rgan ekan, shunda bildim.
Men jonimdan ortiq ko‘rganim, asarlarini uch yillab-uch yillab, hech qayerda chiqara olmay, sarson bo‘lgan ekan, akam.
Shuncha bilan ham qo‘l siltab ketmabdi. Qaytanga yanada jiddu-jahd bilan yozibdi, Tog‘aymurod akam!
Yaxshi she’r o‘qisam, ichidan kuyi kelgich edi.
Tog‘ay Murod she’rlarining ichidan-da, kuy kelgich bo‘ldi.
Dard kelgich bo‘ldi.
Eshilib-eshilib kelgich bo‘ldi.
Tog‘ay Murodning she’rlari zo‘r bo‘ldi.
«O‘lmasam, Tog‘ay Murodni topib, bi-ir gaplashaman», dedim.
5.
Ay, birodarlar!
Tog‘aymurod akam hamnafasim bo‘ldi.
Men o‘zimni hofiz sanab yurib edim. Kuychi sanab-kuychi sanab yurib edim.
O‘zimdan-da zo‘r hofizni endi ko‘rdim.
Ashulalari menikidan-da dardli-dardli bo‘ldi.
Yig‘lab-yig‘lab eshitdim.
Qo‘shilib-qo‘shilib aytdim.
Bu qo‘shiq «Oydinda yurgan odamlar»ning qo‘shig‘i bo‘ldi.
Qo‘shiq tinglab, endi yig‘ladim.
Aytib-aytib, endi yig‘ladim.
Oymomoni enam deb yig‘ladim.
Momomizga aza ochib yig‘ladim.
Momomizga o‘g‘il bo‘lgim keldi.
Qoplon bobomizga-da o‘g‘il bo‘lgim keldi.
«Aka! Buncha g‘amli qo‘shiqni, buncha dardli qo‘shiqni yuragingizga qanday sig‘dirdingiz?» dedim.
«Aka! O‘qib, shuncha yig‘ladim, Siz yozib, qancha yig‘ladingiz?» dedim.
«So‘qmoqda bir qizil kiyim ko‘rindi.
... Bu asl qo‘shiqning o‘zi bo‘ldi!
Asl qo‘shiq turganda muxammas qo‘shiqqa yo‘l bo‘lsin!
Asl qo‘shiqqa taraf yo‘q!»
Men qo‘shiqchilik qilmay qo‘ydim!
Asl qo‘shiq turganda muxammas qo‘shiqqa yo‘l bo‘lsin!
Asl qo‘shiqqa taraf yo‘q!
6.
Ayo, do‘stlar!
Ilk bor Tog‘ay Muroddan qo‘shig‘i yo‘q qo‘shiq eshitdim.
Bu «Momo yer qo‘shig‘i» bo‘ldi.
Uning ichida qo‘shiq-da bo‘lmadi, mehr-da bo‘lmadi.
Ichi to‘la alam bo‘ldi, ichi to‘la qahr bo‘ldi.
Anglaganim shu bo‘ldiki, unda tilga olingan ulug‘ shoir Tog‘ay Murodning o‘zi bo‘ldi. Qolgan qahramonlar Tog‘ay Murodning dushmanlari bo‘ldi.
Anglaganim shu bo‘ldiki, bir o‘ch olay, dedi, Tog‘ay Murod.
Bir boplay, dedi, Tog‘ay Murod.
Dushmanlarimni-da, bor bo‘yi bilan o‘quvchilarimga bir ko‘rsatay, dedi Tog‘ay Murod.
Otlarini aytmasam-da, o‘zlari tanib olar, dedi, Tog‘ay Murod.
Eshitib qoldim, zo‘r qissalarini tushunishni istamaganlar, mening nazarimda uncha zo‘r bo‘lmagan, zarda bilan yozilmish narsaga tushunib emishlar, mukofot-da bermishlar. Anglaganim shu bo‘ldiki, «Agar tushundik, demasak, zo‘r demasak, asaridagi o‘zi aytgan «O‘nlar qo‘mitasi»ga kirib qolamiz», deyishgan. «Tog‘aydan baloga qolamiz», deyishgan.
«Bo‘lmasa ismi sharifimizni aniq qilib yozishdan-da toymaydi, polvon xalqi sal... bo‘ladi», deyishgan.
Anglaganim shu bo‘ldiki, achchiq bilan yozsa-da, zarda bilan yozsa-da, o‘zining tilida, o‘zining qalamida yozibdi, Tog‘ay Murod.
Chunki, serjant Orziqulovni-da tanidim, Oyxol momoni-da tanidim.
Qishloqni-da tanidim, buloqni-da tanidim.
Zardali bo‘lsa-da, akamning so‘zi — akamning so‘zi-da!
«O‘lmasam, Tog‘ay Murodni topib, bi-ir gaplashaman», dedim.
«Quruq qo‘l bilan bormayin», dedim.
«Hech bo‘lmasa bittagina she’r kitobcham chiqsaydi», dedim.
7.
Tog‘ay Murod yaxshi hikoya yozar ekan. Hikoyani-da, yaxshi yozar ekan.
Qissalaridan olov chiqib-olov chiqib yotgich edi.
Hikoyalaridan uchqun chiqib-uchqun chiqib yotgich bo‘ldi.
Aslida, ular qissalardan oldin yozilgan bo‘ldi, shu uchqunlar yig‘ilib-yig‘ilib, olov bo‘lib, qissalarga aylangan bo‘ldi.
«Bobosi bilan nevarasi» shahar bordi. Nevara shahar ko‘rdi.
«Katta-katta uylari bo‘ldi, odamlari ko‘p bo‘ldi, ko‘chalarida odamlari olma, bodringlarni odamlarga ko‘rsatib o‘tirgich bo‘ldi». Voh-ay!
Shaharning ta’rifini ko‘ring!
Bolaning tasavvurini ko‘ring!
«Kuzning bir kunida» «o‘zimizning» Obidovichni, talabasining g‘amini o‘z g‘ami bilgich «o‘zimizning» sodda Obidovichni talabasi, shaharlik ayyor talabasi, makkor talabasi, riyokor talabasi gel qilib ketdi.
Ezgulik bilan yovuzlik jangi Gyotedan-da qari, Esxildan-da qari.
Tog‘ay Murodning ezguligi yovuzlik bilan urush-da qilib o‘tirmadi, jang-da qilmadi.
Urushni o‘quvchiga havola qildi, akam.
Ezgulik bilan yovuzlik jangi musichaning «Ku-ku-ku»siga oshufta istirohat bog‘i direktorining muovini bilan direktor o‘rtasida ham davom etdi.
Bu yerda jang bo‘ldi.
Yovuzlik bir zarb bilan ezgulikni yiqitdi.
Qalbimizdagi ezgulik mag‘lub ezgulikka hamdard bo‘ldi.
Qalbimiz bir kengayib oldi.
Qalbimiz bir og‘ridi.
«Er xotin»ni bir tarsaki urdi.
Yonog‘i ko‘kardi.
Mehmonlarga «Yuzim bilan yiqildim dedi», xotin.
Dami ichida er entikkanidan nafasi titrab ketdi.
Mehmonlar-da, ketdi. Xotin-da, taraddud ko‘rdi.
Erning uzrini ko‘ring!
O‘zi ko‘kartirgan yonoqni o‘pib, uzr so‘radi, lablarni-da o‘pib, uzr so‘radi.
Kechasi xotiniga tikilib-tikilib o‘tirdi. Tikilib-tikilib, qalbida ayoliga shunday iliq tuyg‘ular ko‘pirib toshdi-ki, ho-ov, o‘shanda, sinfdoshiga qarab-qarab o‘tirganda-da, shunday bo‘luvdi.
Ahay-ahay!
Qani hikoyada sevgi degan so‘z?
Qani o‘sha quruq so‘z?
Aytmaydi.
Hech kim aytmaydi.
Bu so‘z ichingdan keladi. Tomog‘ingga tiqilib keladi.
«O‘lmasam, Tog‘ay Murodni topaman», dedim. «Bi-ir gaplashaman», dedim.
8.
Tog‘aymurod akamni izlab, Tosh shaharga borar bo‘ldim.
Tog‘aymurod akam yo‘l bermadi.
Gazetaga yozdi:
«Adabiyot qasriga har kim o‘z asari bilan kiradi», dedi.
«Ura-ura bilan kirma!» dedi.
Tog‘ay Murod u qasrda bo‘ldi.
«Bir-ikkita hikoyam chiqsin, keyin borsam yarashar ekan», dedim.
«Hozir nima deb boraman?» dedim.
Hikoya yozdim. Otini «Asal» dedim.
O‘qigan muharrir borki, bari maqtadi, ammo birovi-da bosmadi.
Uch yilda chiqdi. «Asal»im uch yilda «Asal» bo‘ldi.
«Tog‘ay Murod bo‘l-e!» dedim.
Yozganim o‘xshamadi-ya, yozganimning chiqishi o‘xshadi-da.
«Yana ikkovi chiqsin, keyin boraman», dedim.
Birovgina hikoyani ko‘tarib, chopgani uyaldim. O‘zimgayam ep bo‘lmadi.
«O‘lmasam, Tog‘ay Murodni topaman», dedim.
«Bi-ir gaplashaman», dedim.
«Hikoyamni o‘qitaman», dedim.
9.
Tog‘ay Murod alamzada bo‘ldi. Alamli-alamli yozdi.
Ko‘nmay-ko‘nmay yozdi. Ko‘nolmay-da yozdi.
«Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi», dedi.
Qizil hukumat kattalarini yozdi. Qizil partiya kattalarini yozdi.
Ularning tilidan qayta quruvchilarni so‘kib-so‘kib, yozdi.
Turtib-turtib, yozdi.
Chala mullalarni-da, so‘kib yozdi.
Ba’zi oyimlarni «qarib otin bo‘lgan g‘arlar», deb yozdi.
Tuzumni tuzumga qiyosladi. Xulosani o‘quvchining o‘ziga qo‘yib qo‘ydi.
Unisining-da, bunisining-da, fojeasini bekitmadi.
Unisining-da, bunisining-da, erishganini bejamadi.
Yozgani mag‘izli-mag‘izli bo‘ldi.
Qahramon raykom bo‘ldi, qahramon obkom bo‘ldi, qahramon shoir bo‘ldi, qahramon jinni bo‘ldi, otin-da bo‘ldi, demokrat-da bo‘ldi. Lekin roviy baribir Tog‘ay Murod bo‘ldi.
O‘qib bo‘lgach, unisini-da yaxshi ko‘rmading, bunisini-da yaxshi ko‘rmading, Tog‘ay Murodni yaxshi ko‘rding!
«O‘lmasam, Tog‘ay Murodni topib boraman», dedim. «Bi-ir gaplashaman», dedim.
10.
Tog‘ay Murod yozibdi:
«Birodar, faqat yolg‘iz odam asar izlaydi. Faqat yolg‘iz odam asar topadi. Faqat yolg‘iz odam asar yaratadi».
«Tavba-tavba», dedim. «Menga yozibdi», dedim. «Meni yozibdi», dedim.
Otadan o‘novmiz, yolg‘izdayman.
Ayolim bor, yolg‘izdayman.
O‘g‘il-qizim bor, yolg‘izdayman.
Ich-ichimdan yolg‘izman.
Yolg‘izlik istayman. Yolg‘izlikni sevaman, astag‘firulloh!
Hamdard yo‘qday.
Tog‘ay Murod-da, yolg‘iz ekan.
«U hamdard bo‘la oladi», dedim.
Ikki-uch oyoqlandim. Iymandim.
«Endi u mashhur», dedim. Men kimman, dedim.
Dasturxonim arzirli bo‘lishini kutdim.
11.
Tog‘ay Murod ustozim bo‘ldi.
Unga o‘xshatib-o‘xshatib yozdim.
Unga ergashib-ergashib yozdim.
«Tog‘ay Murodga o‘xshasam», dedim.
«O‘xshay olsam qaniydi?» dedim.
«Yozganlariga o‘xshatib yoza olarmikanman?» dedim.
Yashirib nima qildim, taqlid qilib-da yozdim. «Uzib-uzib olib»-da yozdim. «Yulib-yulib olib»-da yozdim.
Yozganimga yopishtirib-da yozdim.
Uch-to‘rti bosilib-da chiqdi.
O‘v, birodarlar!
Tog‘ay akam keyin hech kim Tog‘ay Murod bo‘lolmasligini, oldin-da hech kim Tog‘ay Murod bo‘lolmaganligini isbot qilib qo‘ydi!
«O‘zbekka haykal qo‘yaman!» dedi.
Qo‘yib qo‘ydi!
Bu gapni aytishga Tog‘ay Murodgacha hech kim jur’at etolmadi.
Tog‘ay Muroddan keyin-da, hech kim aytolmaydi.
Bu uchun Tog‘ay Murodning yuragidek yurak kerak.
Qani u, kimda bor?
Ne-ne «buyuk»lar bor edi-ku, adabiyot maydonida?
Shu so‘zni aytishga yuragi betlamadi.
Tog‘ay Murod aytdi!
Aytganini qildi.
Polvon-da!
Haykal qo‘ydi o‘zbekka!
Haykali «Otamdan qolgan dalalar» bo‘ldi.
Mana, o‘zbek kim?
Mana, o‘zbekning dardi nima?
12.
Dehqonqul — o‘zbek!
Hamma o‘zbek — Dehqonqul!
13.
Haykalni haykal deb tan olmagan kimsani, Tog‘ay Murodni Tog‘ay Murod deb tan olmagan kimsani... o‘ynab qo‘yay!
«O‘lmasam, o‘zbekka haykal qo‘ygan sheryurakni — Tog‘ay Murodni topaman», dedim.
«Bitta haykalga dastxat yozdirib olaman», dedim.
«Endi bormasam bo‘lmas-ov», dedim!
14.
Ay, birodarlar!
Qirqimdan oshib, besh-olti yozganim bosilib chiqdi.
Yozganim besh-o‘ntaga ma’qul bo‘ldi.
«Endi Tog‘aymurod do‘stimni, Tog‘aymurod akamni, Tog‘aymurod shoirimni, Tog‘aymurod hofizimni, Tog‘ay Murod ustozimni topmasam bo‘lmaydi», dedim.
Halovatim yo‘q bo‘ldi.
Toshkent bordim.
Ustoz uyi Darxon bo‘ldi.
Darxon to‘la odam bo‘ldi.
Odam to‘la — Darxon bo‘ldi.
Vo darig‘!
Yigirma uch yil ham kutamanmi, ko‘nglimdagi odam diydorini?
Shuncha ham paysalga solamanmi, do‘st ziyoratini?
Shuncha ham iymanamanmi, ustoz oldidan bir o‘tishga?
Yigirma uch yil «O‘lmasam, Tog‘ay Murodni bir ko‘raman», deb yuribman-yuribman-u, «Tog‘ay Murod o‘lib qolsa-chi?» demabman.
O‘v, birodarlar!
Darxon to‘la odam bo‘ldi, odam to‘la Darxon bo‘ldi.
Darxon to‘la armon bo‘ldi.
To‘la odam shu kuni — men Tog‘ay Murodni izlab borgan kuni Tog‘ay Murodning ma’rakasiga yig‘ilgan bo‘ldi.
15.
Ay, dunyosi qursin!
Yigirma uch yil men kutgan Tog‘ay Murod meni bir kun kutmadi!
Bir kun burun tongda, oppoq tongda oppoq yo‘lga chiqib ketgan bo‘ldi...
16.
«O‘lim... tong vaqti keladi, tong vaqti. Odamzot tong vaqti so‘nggi bor iroda bilan entikadi... ozod, ham og‘ir entikadi», degan ekan akam «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi»da.
Bashoratmidi bu?
«Sahar vaqti o‘lsang, qanday soz!» deb yozibdi Suyugim.
Diydorni Qiyomatga qoldirib, Oppoq Saharda, tongdan-da oppoq manzillarga yo‘l solibdi, Ardoqligim.
Akamning xotini, ko‘zlariga dunyo dardi to‘lib qolgan xotini, akam «mening yolg‘iz do‘stim», degan xotini, o‘z ismi o‘zi bilan Ma’suma bo‘lgan xotini Tog‘ay akamning qirqiga borganimda akamning stolidagi bitta qog‘ozni ko‘rsatdi:
«Endi bo‘ldi. Endi meni enam chaqiryapti!»
17.
Polvon akam yuragini changallab yiqilibdi.
Bundan shod bo‘lmang, g‘ayurlar!
«Endi bo‘ldi», deb akam bu g‘urbatxonadan o‘zi ketibdi. Yurak bir bahona, yurak bir sabab.
Mohiyat nimada?
Akam qilar ishini qilib bo‘ldi!
Tog‘ay Murodgacha hech kim qilmagan ishni, Tog‘ay Muroddan keyin-da hech kim qilolmaydigan ishni qilib bo‘ldi.
Charchadi.
To‘ydi.
Faqat mening-da borligimni, uning diydoriga, gurungiga zorligimni bilmadi.
Bilsa, sabr qilarmidi...
Hech qursa, bir kungina sabr qilarmidi...
18.
Yuragimga birov ombur solib buradi-ombur solib buradi.
Burovlar meni enkaytirib-enkaytirib yubordi.
Bu ayriliq dardi bo‘ldi.
Bu judolik dardi bo‘ldi!
Men do‘stimdan ayrildim!
Men akamdan ayrildim!
Men ustozimdan ayrildim!
Men Umidimdan ayrildim!
Endi ot olmayman!
Otlari sag‘ir qolgan Hayrondaraga bormayman!
Men endi yolg‘iz qoldim!
Akamdan-da, yolg‘iz qoldim.
O‘z uyimni yopinib oldim, o‘z uyimga ko‘milib oldim.
Yolg‘iz yotib-yolg‘iz yotib, yig‘ladim.
19.
Yolg‘iz yotib-yolg‘iz yotib, yig‘ladim.
Yolg‘iz o‘tirib-yolg‘iz o‘tirib, yig‘ladim.
Yolg‘iz turib-yolg‘iz turib, yig‘ladim.
«Tog‘aymurod akamga quruq motam kamlik qiladi», dedim.
«Bir nima qilayin», dedim.
Niyatlarim ulug‘-ulug‘ bo‘ldi.
Niyatlarimga yarasha kuchim bo‘lmadi.
Tog‘aymurod akamning qoshiga bordim.
Tog‘aymurod akam Chig‘atoyda bo‘ldi.
Ulug‘lar bilan qabatma-qabat bo‘ldi.
Yer ustida yaqin bo‘lmagan yurt og‘alari bilan yaqin-yaqin bo‘ldi, tuproq ostida.
Tog‘aymurod akam mahzun-mahzun turdi.
Kelganlarga aytar so‘zi bir xil bo‘ldi:
– Duoga aylansin, insonning aytar so‘zi!
Allohga yolvordim!
«Kuch ber!» dedim.
«Iroda ber!» dedim.
«Sabr ber!» dedim.
«Yo‘limni ber!» dedim.
«Bir so‘z aytayin», dedim.
«Aytar so‘zim duoga aylansin!» dedim.
«Bir kitobga tartib beray», dedim.
Alloh kitobning otini-da ko‘nglimga soldi.
Kitobning oti «Tog‘ay Muroddan qolgan dalalar» bo‘ldi.
«O‘zbekka haykal qo‘ygan Tog‘ay Murodga haykal qo‘yay!» dedim.
20.
Tog‘ay Murodga haykal qo‘yaman!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter