Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jadid ma’rifatparvarlari asarlari olmon tilida chop etildi

Jadid ma’rifatparvarlari asarlari olmon tilida chop etildi

Germaniyaning «Edition tethys» nashriyotida jadid ma’rifatparvarlari asarlari tarjimasi kitob holida chop etildi. «Abdulla Qodiriy et seine Zeit» («Abdulla Qodiriy va u yashagan davr») deb nomlangan to‘plam olmon kitobxonlarida XX asr birinchi choragi o‘zbek adabiyoti haqida jonli tasavvur uyg‘otsa ajab emas.

Qariyb 200 betli salmoqli to‘plamga jadid adabiyotining uch azim chinori – Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat va Abdulhamid Cho‘lpon asarlari tarjimasi kiritilgan. Mavzuga doir sharh va maqolalar to‘plamning ilmiy ahamiyatini oshirgan.

Kitobga so‘zboshi yozgan Humboldt universiteti professori, atoqli turkshunos va islomshunos olima Ingeborg Baldauf zamonaviy o‘zbek adabiyoti shakllanishida jadid ma’rifatparvarlari, xususan, milliy romanchilik maktabi darg‘asi Abdulla Qodiriyning xizmati katta bo‘lganini ta’kidlagan.

Abdulla Qodiriy asarlari, xususan, romanlari muallifning hayotlik chog‘laridayoq xorijiy tillarga o‘girila boshlagan. Masalan, «O‘tkan kunlar» romani ozarboyjon tilida (1928), «Mehrobdan chayon» romani tojik tilida (1935) chop etilgan. Adib asarlari  rus, qozoq, uyg‘ur, tatar, arab, italyan, ingliz tillariga ham tarjima qilingan.

1968-yili Berlinda «O‘tkan kunlari» romanining olmoncha talqini «Toshkentlik oshiqlar» nomi bilan nashr etilgan. Tarjimashunos olim, professor Xurram Rahimovga ko‘ra, roman ruschadan o‘girilgani bois tarjimada ko‘plab jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan, mutarjim asliyatdagi milliy koloritni saqlab qola bilmagan.

Xabarlarga ko‘ra, Berlindagi Markaziy Osiyo seminari o‘qituvchisi Barno Oripova boshchiligida «O‘tkan kunlar» romanining mukammal olmoncha tarjimasi ustida ijodiy izlanishlar olib borilmoqda.

Keyingi yillarda Qodiriy asarlari tarjimasi ancha jonlandi. Xususan, birinchi o‘zbek romani bir paytning o‘zida ikki muallif – amerikalik atoqli tilshunos Mark Ris hamda britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova tomonidan ingliz tiliga o‘girildi.

O‘zbekistonlik tarjimonlardan A’zam Obid (ingliz tili), Oybek Ostonov (olmon tili) jadid ma’rifatparvarlari asarlaridan namunalar o‘girgan.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring