Bu yil adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofoti berilmaydi. Sababi...
Dunyodagi eng nufuzli mukofotlardan biri Nobel mukofoti akademiyasi jinsiy zo‘ravonlik va ma’lumotlarni ommaga oshkor qilish mashmashasi tufayli bu yil adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofoti berilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda «Sabah» xabar berdi.
Akademiya bayonotida aytilishicha, adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha 2018-yilgi Nobel laureati 2019-yilgi laureat bilan birga e’lon qilinadi. Avval ham 7 marta shunday holat kuzatilgan. Beshta laureatning nomi keyingi yili e’lon qilingan.
Shvetsiya akademiyasining muvaqqat doimiy kotibi Anders Olsson imzosi bilan e’lon qilingan bayonotda: «Shvetsiya akademiyasining faol a’zolari bu inqirozning tez va qisqa fursatda barham topishiga ishonadi. Aadabiyot yo‘nalishi bo‘yicha 2018 yilgi Nobel mukofoti laureatini e’lon qilishdan avval ommaning akademiyaga bo‘lgan ishonchini qozonishimiz kerak. Bunday yo‘l tutishimiz barcha yo‘nalishdagi avvalgi va keyingi laureatlarga hurmat yuzasidandir», – deyilgan.
Shvetsiyada chop etiladigan «Dagens Nyheter» gazetasida o‘tgan oy e’lon qilingan xabarda akademiya a’zosi, shoir Katarina Frostensonning turmush o‘rtog‘i Jan Klod Arno Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan kishilarning nomini 7 marta (1996, 2004, 2005, 2008, 2014, 2015, 2016-yillari) avvaldan ommaga oshkor qilgan. Bu bilan birga, Arno Shvetsiya valiahdi Viktoriya va yana bir necha kishi bilan birgalikda 19 nafar ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilishda ayblangan. Ayollar orasida qizlar ham borligi aytilmoqda.
Bu voqea oshkor etilgandan so‘ng akademiya a’zolari Peter Ingland, Klas Ostergren va Kjel Espmark iste’foga chiqqan edi. Keyinroq esa akademiyaning doimiy kotibi Sara Danius ham iste’foga chiqdi.
Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti 1901-yildan beri berib kelinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter