Vaksina foyda bermadi — vazir koronavirusga chalindi
Hindistonning Haryana shtati ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vaziri (ikkisi bitta vazirlik — tahr.) Anil Vij noyabr oyida ko‘ngilli ravishda koronavirusga qarshi sinovdan o‘tkazilayotgan vaksinani qabul qilgandi. Shunga qaramay, unda kovid aniqlandi.
Bu haqda vazir «Tvitter»da xabar berib, o‘zi bilan muloqotda bo‘lganlarni tahlil topshirishga chaqirdi.
«Bharat Biotech» (Hindiston) kompaniyasi sinovdan o‘tkazayotgan «Covaxin» vaksinasini Haryanada birinchi qabul qilgan ko‘ngilli aynan Vij sohib edi. Hozir u Ambala-Kantt shifoxonasida davolanyapti.
Vazir kasal bo‘lishidan oldinroq «Bharat Biotech» kompaniyasi o‘z vaksinasini 28 kun farq bilan ikki marta qabul qilish samara berishini ma’lum qilgandi. Vaksinaning haqiqiy kuchi ikkinchi doza qabul qilinganining 14-kuni ma’lum bo‘lishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonda «Covaxin» sinovlarining uchinchi bosqichi ketyapti: ko‘ngillilarning yarmi vaksina, yarmi platsebo bilan emlanadi.
Hindiston — ulkan mamlakat, shu bois boshqa mahalliy va xorijiy vaksinalar sinovlari ham jadal ketyapti, masalan, Oksfordning «Covishield» vaksinasi sinovlari ham uchinchi — so‘nggi bosqichga yetib kelgan. Qolaversa, «ZycovD» vaksinasi («Zydus Cadila» kompaniyasi), Hindistonning «Biological E. Ltd», AQShning «Dynavax Technologies Corp» va Beylor tibbiyot kolleji hamkorligidagi vaksina, Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi sinovlardan o‘tmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter