Urganch bozorida savobtalab insonlar bepul isiriq va niqob tarqatmoqda...
Bugunning asosiy muammosi aylangan koronovirus odamlarning iymon-e’tiqodini yana bir karra sinovdan o‘tkazmoqda. Kimlardir paytdan foydalanib, hamyonini qappaytirishni harakatida bo‘lsa, yana kimlardir odamlarning og‘irini yengil qilishga imoni qadar bel bog‘lagan...
Kuni kecha Hazorasp tuman «Markaziy dehqon bozori»da olibsotarlarning bir kilosi 2500 so‘mga borib-bormayotgan kartoshkaning narxini 6000 so‘mga oshirgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda bong urilgan edi. Yaxshiki, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va soliq organlari xodimlaridan iborat ishchi guruhning aralashuvi bilan kartoshkaning bahosi 2500-3000 so‘mga tushdi. Xullas, kartoshka, piyoz, sabzi, tuxum, yog‘ va boshqa mahsulotlarning uzluksizligi va narxi ishchi guruh xodimlari tomonidan muntazam monitoring qilinib, aholining ehtiyoji ta’minlanmoqda.
Bugun Urgan shahar «Markaziy dehqon bozori»da Navro‘z bayrami munosabati bilan tashkil qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasida bepul isiriq tarqatilayotganining guvohi bo‘ldik. Surishtirsak, bu bozor ma’muriyati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ekan. Kecha tibbiy niqob yo‘qligi haqidagi e’lon barcha dorixonalar eshigiga osib qo‘yilgan edi. Bugun esa bozorning qoq o‘rtasida qo‘lda tikilgan niqoblarni bepul tarqatayotgan yigitlarga ko‘zimiz tushdi. Bunday jo‘mardona saxovat kim tomonidan amalga oshirilayotgani haqida so‘raganimizda yigitlar «Hoji otamiz savob umidida tarqattirayotir», deya qisqa javob berishdi.
Hoji ota kim, qayerda yashaydi? Savollar muallaq qoldi. O‘zimizcha topgan javobmiz shu bo‘ldiki, o‘ng qo‘ling qilgan ehsonni chap qo‘ling bilmasin...
Savobtalablardan O‘zi rozi bo‘lsin.
Erpo‘lat BAXT
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter