Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentdagi bemorning ahvolini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring (video)

Toshkentdagi bemorning ahvolini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring (video)

Foto: Videolavhadan skrinshot

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishicha, koronavirus infeksiyasining dunyo mamlakatlari aholisi orasida tarqalishi yanada shiddatli tus olmoqda.

Jumladan, bizga qo‘shni mamlakatlarda ham so‘nggi kunlarda aholi orasida kasallik qayd etilganlar soni keskin ko‘payishi natijasida, tibbiyot tizimi katta bosim bilan ishlamoqda, joy va dori-darmon taqchilligi yuzaga kelgan.

Yurtimizda ham oxirgi kunlarda aholi orasida kasallik qayd etilishi sezilarli darajada oshgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimizda «COVID-19» aniqlanganlar 10143 nafarni tashkil etmoqda.

Shundan 6584 nafari sog‘aygan bo‘lsa, o‘lim ko‘rsatkichi 35 nafarga yetdi. Davolanayotgan bemorlar 3524 nafar bo‘lib, shundan 285 nafari o‘rta og‘ir, 25 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bemorlarning 172 nafarida pnevoniya jarayoni kechmoqda.

Yurtimizda koronavirus bilan bog‘liq har qanday xavotirli holatga qarshi oldindan zarur choralar ko‘rilgan bo‘lsa-da, koronavirus yuqtirganlarning oshib borayotgani barchamizni xushyor torttirishi lozim.

Hozirda ko‘pchiligimiz koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish, uning oqibatlari haqida ko‘plab ma’lumotlardan xabardormiz. Uning tez yuquvchanligi va alomatlari borasida ham ma’lum tushunchalarga egamiz.

Ammo «COVID-19»ga chalingan bemorlarning ahvolini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingizda yanada xushyor bo‘lib, karantin qoidalariga qat’iy rioya etishning qanchalik muhim ekanligiga yana bir bor amin bo‘lasiz.

Respublika Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasidan olingan quyidagi videolavhada, guvohi bo‘lganingizdek, bemorda koronavirus infeksiyasi o‘ta og‘ir kechmoqda.

Ahvoli og‘irlashgani bois, shifokorlar tomonidan sun’iy nafas olish apparatiga ulanib, tezkor reanimatsion tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Mazkur vidoyelavhadagi jarayon barchamiz uchun achchiq saboq bo‘lishi kerak. Ertaga o‘zimiz yoki yaqinlarimizning ham koronavirusga chalinib, shu ahvolga tushmasligimizga hech kim kafolat bera olmaydi.

Chunki, yon-atrofimizda kasallik tashuvchi bo‘lib yurganlar yoki koronavirusga chalingan bo‘lsa-da, hali alomatlari yuzaga chiqmagan fuqarolar bo‘lishi mumkinligini aholi orasida kasallikni yuqtirib olayotganlarning ko‘payib borayotganida ham ko‘rish mumkin.

Bunday vaziyatda koronavirus tarqalishining oldini olishda aholining karantin qoidalariga rioya etishi tibbiyot xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar sa’y-harakatlaridan ham ko‘ra, samaraliroq hisoblanadi.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini imkon qadar faol muloqotdan, turli tadbirlar o‘tkazishdan tiyilishlarini, va albatta, ijtimoiy masofa saqlash, qo‘llarni yaxshilab qayta-qayta yuvish, ko‘chaga chiqqanda niqobni to‘g‘ri  taqish kabi karantin qoidalariga qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoladi, deyiladi SSV axborot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring