Rossiya bosh vaziri hukumat vakillariga koronavirus yuqtirgan bo‘lishi mumkinmi?

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustinning koronavirus infeksiyasiga chalinishi bilan bog‘liq holatga uning matbuot kotibi Boris Belyakov izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazirda kasallik aniqlanishi bilanoq prezident Vladimir Putinga xabar berilgan.
«Bir necha hafta oldin bosh vazir bilan bevosita muloqot imkon qadar cheklangan edi. Uchrashuvlar videokonferensiya yoki telefon qo‘ng‘iroqlari shaklida bo‘lib o‘tayotgandi. Hukumat raisi bilan shaxsan uchrashganlar ham izolyasiya qilinadi va qo‘shimcha testlardan o‘tadilar», –dedi Mishustinning matbuot kotibi.
Uning ta’kidlashicha, bosh vazir davolanish muddatini mutaxassislar nazorati ostida tibbiy muassasalardan birida o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani xabar qilingandi. Hozirda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov hukumat rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
Bosh vazirda infeksiya qayd etilgach, jurnalistlar darhol uning Putin bilan oxirgi marta qachon yuzma-yuz uchrashganini aniqlashdi: bu uchrashuv 24 martda bo‘lgan ekan.
Rossiya koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinda: 106 498 odamda kasallik aniqlangan (kuniga 7,1 foizga ko‘payish), ulardan qariyb 12 mingi davolangan, mingdan oshiq bemor vafot etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter