Koronavirus yana bir yulduzni so‘ndirdi
Kuni kecha Los-Anjelesda bir necha oy COVID-19 asoratlariga qarshi kurashib kelgan Amerika myuzikllar yulduzi, 41 yoshli kanadalik aktyor Nik Kordero vafot etdi. Bu haqda bugun, ya’ni 6-iyul kuni «Daily Star» gazetasi xabar berdi.
«Ardoqli turmush o‘rtog‘im vafot etdi», — deb yozgan Korderoning rafiqasi Amanda Kluts.
U virusni yuqtirib olgandan so‘ng 95 kun davomida aktyorni qo‘llab-quvvatlagan muxlislariga minnatdorchilik bildirdi.
Aktyor 31-mart kuni nafas olishga qiynalish va dastlabki pnevmoniya tashxisi bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. COVID-19 ga topshirgan birinchi va ikkinchi testlari manfiy, uchinchisi esa musbat chiqqan. Ikki haftadan so‘ng Korderoning sog‘ligi sezilarli yomonlashgan.
U kutilmaganda hushidan ketgan. Shifokorlar uni jonlantirishiga to‘g‘ri kelgan. So‘ngra koronavirus infeksiyasini davolash chog‘ida tromblar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida tibbiyot xodimlari qon ivuvchanligini yaxshilash uchun qonni suyultiruvchi preparatlarni qo‘llay boshlashgan. Natijada Korderoning ichaklarida ichki qon ketish kuzatilgan. Aktyorga bunday dori-darmonlarni berish to‘xtatilgandan keyin esa o‘ng oyog‘ida yana tromb yuzaga kelgan. Oxir-oqibat, oyog‘ini kesib tashlashga majbur bo‘lishgan.
Nik Kordero Brodvey sahnasida ilk bor 2014-yili «Brodvey uzra o‘qlar» spektaklida paydo bo‘lgan. Myuzikldagi Chicha roli uchun «Eng yaxshi aktyor» nominatsiyasida nufuzli «Toni» teatri mukofotiga nomzod bo‘lgan. Kordero «Haqiqiy yigitlar», Mob Town filmlarida suratga tushgan va CBS telekanalida «Moviy qon» serialida rol ijro etgan.
9-aprel kuni «To‘qqizinchi darvoza» filmidagi roli bilan tanilgan amerikalik aktyor Allen Garfild koronavirus tufayli 80 yoshida vafot etgani ma’lum qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter