Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Loaqal shu safar uyaling!

Loaqal shu safar uyaling!

Foto: «Xabar.uz»

Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ko‘pchilikni umidlantirgani rost.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilaga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi ayni muddao bo‘ldi. Karantin davrida oylab ishsiz o‘tirganlar, kasallanganlar uchun bu yordam harna-da.

Aslida qanchadan-qancha moddiy yordam ajratilmoqda. Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali bilamizki, yon atrofimizda qiynalayotgan, yordamga muhtojlar juda ko‘p. Sababi, ajratilayotgan moddiy ko‘mak egalariga yetib bormayapti. Talon-toroj bo‘lyapti. Har safar hali u mahalla raisi qanchadir pulni o‘zlashtirgan, hali bu hokimiyat vakili mahalla bilan til biriktirib pullarni jig‘ildoniga urgan va bu haqda huquq-tartibot xodimlari axborot tayyorlagan…

Farmonga ko‘ra, bir martalik moddiy yordamning o‘z vaqtida va maqsadli yetkazilishi, amalga oshirilishi ustidan nazorat o‘rnatuvchi va mas’ul idoralar hamda shaxslar belgilab berilibdi. Endi savol tug‘iladi, bu safar ham talon-toroj qilinsa, nazorat qilmaganlar ham javobgarlikka tortiladimi? Har safar moddiy yordam ajratilgach o‘g‘riliklar bo‘ldi, jinoiy javobgarlikka tortildi degan xabarlarni o‘qiymiz. O‘zlashtirgichlar qornini qappaytirib olgach, jinoiy javobgarlikka tortilishidan ma’no bormi?

Talon-toroj qilishgungacha bo‘lgan vaziyatni nazorat qilishning imkoni yo‘qmi? Har safar shu xalq nasibasiga ko‘z olaytirganlarga, ya’ni qo‘zichoq bo‘riga ishonib topshirib qo‘yilaveradimi? «Tuya» qilingani aniq bo‘lgach, qaysidir mas’ul jinoiy javobgarlikka tortildi ham deylik, yordam kutib o‘tirgan va quruq qolgan ko‘makka muhtoj oilalarga foydasi bormi buning? Iltimos, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, boshqa yechim topinglar! Bilamizku mahalladagilar o‘zining tanish-bilishiga oshirib yuborishini. Buni biz Sardobadagi holatlarda ham kuzatdik. Haqiqiy qiynalganlar qolib, o‘ziga to‘q oilalar ot choptirib qolgani, tanish-bilishchilik bo‘lganining guvohi bo‘ldikku.

Shu mahallada ishlaydiganlarning o‘ziga to‘q tanish-bilishlari — bu safar sizlar ham sal uyaling. Sizga mahallada ishlayotgan vakolati bo‘lgan tanishingiz yordam taklif qilsa, betni qattiq qilib hazm etmasdan, «yo‘q, bu safar haqiqiy muhtojlarga bering, UYaT bo‘ladi», deb ayta oling!

Kimgadir hozir mana shu pul — dori-darmon uchun hayot-mamot masalasi bo‘lib turgandir, kimdir mana shu pulni olib, tuzukroq ovqat yeb immunitetini ko‘tarib olar...

Bizga «talon-toroj bo‘ldi, javobgarlikka tortildi» degan xabarlar emas, ajratilgan ko‘mak pullari tiyin-tiyinigacha har bir muhtoj oilaga yetkazib berilgani haqida HAQIQIY ISBOT kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring