Koreya Respublikasi o‘zbekistonliklarning mamlakatga kirishini cheklashi mumkin
Koreya Respublikasiga Ye-9 vizasi bilan jo‘nab ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgan fuqarolar diqqatiga muhim e’lon berildi.
2021 yilning noyabr oyidan boshlab Koreya Respublikasiga fuqarolarni vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tarzda kirib borishi qayta yo‘lga qo‘yilgan edi.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan joriy yil 6 yanvar kuni tashkiliy tarzda 65 nafar birinchi marotaba shartnomasi kelgan hamda 35 nafar qayta shartnoma bilan kelgan fuqaro vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Koreya Respublikasiga jo‘natilgan.
Fuqarolar Koreya Respublikasi tomonidan tan olingan vaksina bilan emlangani hamda ketishdan 72 soat oldin olingan PZR testi natijasiga ko‘ra Covid-19 infeksiyasi aniqlanmaganiga qaramasdan, Koreya Respublikasi hududida kirib borgan yurtdoshlarimizda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.
«Xususan, 2021 yil 23-30 dekabr kunlari jo‘nab ketgan fuqarolarning 1 nafarida, 2022 yilning 6 yanvar kuni jo‘nab ketgan 98 nafar fuqaroning 6 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli Koreya Respublikasi tomonidan O‘zbekiston uchun ushbu davlatga kirib boruvchi fuqarolar soni qisqarishi, hattoki vaqtinchalik to‘xtatilishi kabi cheklovlar qo‘yilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantiramiz.
Shuningdek, sizlardan karantin qoidalarga qat’iy amal qilishingizni, agarda o‘zingizda koronavirus infeksiyasi alomatlarini sezsangiz, fuqarolar bilan muomalada bo‘lmasligingizni so‘raymiz», deyiladi agentlik e’lonida.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi fuqarolarimizning Koreya Respublikasiga cheklovlarsiz kirib borishini ta’minlash maqsadida quyidagi choralarni ko‘rishga majbur bo‘layotganini qayd etdi:
- Koreya Respublikasi Inson Resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan jo‘nab ketishi tasdiqlangan fuqarolar ketishdan oldin jami 3 marta PZR testidan o‘tishlari belgilandi;
- Fuqaroda Koreya Respublikasiga borgach, Covid-19 infeksiyasi aniqlansa, barcha xarajatlar fuqaro tomonidan amalga oshiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter