Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Trampga javob qaytardi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus AQSh prezidenti Donald Trampning aybloviga javob qaytardi.
Uning aytishicha, tashkilot AQSh va boshqa mamlakatlardan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash mavzusida hech narsani yashirmagan. Gebreyesusning ta’kidlashicha, AQShdagi kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazlari mutaxassislari koronavirus tarqala boshlagan ilk kunlardan JSST bilan hamkorlikda ishlab kelgan.
«JSST ochiq tashkilot va biz hech narsa yashirmaymiz. Biz barcha mamlakatlar kasallik haqidagi xabarni darhol olishini istaymiz. Chunki bu narsa ularga tayyorgarlik ko‘rish imkonini beradi», — deydi tashkilot rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp JSST tarqatgan ma’lumotlarga ishonib qolgani uchun Yevropa va AQSh katta muammolar girdobida qolganini aytib o‘tgan edi. Prezident JSST hisobiga Xitoydan ko‘ra AQSh ikki barobar ko‘p pul o‘tkazib berishini eslatgan holda tashkilotni xitoyliklar boshqarayotganiga shama qilib o‘tgandi.
Shundan so‘ng 15 apreldan e’tiboran AQSh JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatdi. Ushbu chora «koronavirus pandemiyasini aniqlashdagi xatoliklar va infeksiya tarqalib ketayotganini yashirish» bo‘yicha ayblov ko‘rib chiqilgunga qadar davom etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter