Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki qarich ip (karantin hangomalari)

Ikki qarich ip (karantin hangomalari)

Foto: «Xabar.uz»

Nahorda darvoza taqillab koldi.

Chiqsam, qo‘shnim ekan.

—Assalomu alaykum, qo‘shni.

Keling, xizmat?

— Vaaleykum assalom. Uzr, bezovta qildim.

Sizlarda ikki qarichdek ingichkaroq cho‘zma ip topiladimi? Uyni rosa izladim, topilmadi, savil.

—Ingichka ip?

Nimaga kerak bo‘lib qoldi?

— Ex qo‘shni, mart oyida karantin boshlangandan keyin aptekadan bitta niqob sotib olgandim. Shu desangiz, o‘zi yaxshi turibdi-kuya, bog‘ichi ilvirab tamom bo‘ldi. Qo‘ling akashak bo‘lgurlar, bog‘ichni mahkamroq matodan qilishmagan. Mana, endi hozir ko‘chaga chiqay desam pand berib turibdi!

Taqmasam, jarimasi qancha bo‘lishini bilasiz-ku?

Qo‘shnimning ancha-muncha xasislarni ortda koldirishini bilardim-u, lekin...

(Hazrat Navoiyning Astrobodda kesak ushlab turgan holatda Majdiddinga qilgan g‘azabnok xitobi yodimga tushib ketdi).

— Qo‘shni, ip qidirib yuramizmi?

Uyda besh-oltita yangi niqob bor edi, bittasini beraqolay.

— Isrof gunoh ekanligini bilmaysizmi, inim? Yangisini nima qilaman, ikki qarich ip bo‘lsa, berib turing. Bo‘lmasa, narigi qo‘shnidan so‘ray qolaman.

— Xo‘p, hozir qarab ko‘raman...

G‘udranib, hovliga qaytdim. 

Shunda ishkom ustunlariga yuvilgan kiyimlar tortilgan dorga ko‘zim tushib qoldi.

Uydan qaychini olib chiqib, endi qirqmoqchi bo‘lgandim, ayolim hay-haylab qoldi.

— Bu nima qilganingiz, axir? Kirlarni yer bilan yakson qilasiz-ku!

Unga vaziyatni tushuntirdim.

Bu savil qolgur ikki qarich ipni tiqilinchda u ham topolmasa bo‘ladimi?

Sabrim chidamay ketdi, u yoqda qo‘shni mahtal. Qaytib yana uyga kirdim va zaxirada turgan ochilmagan niqoblardan birining bog‘ichlarini shartta yulib oldim.

Darvoza tomon borishda niqobni cho‘ntagimga soldim va bog‘ichlarni qo‘shnimga tutqazdim.

— E raxmat-yey, qo‘shni!

Mushkulimni oson qildingiz.

Mayli, endi men borakolay...

Uning izidan ancha payt qarab qoldim...

Keyin cho‘ntagimdan quloqchalari uzilgan niqobni axlat qutiga irg‘itmoqchi bo‘ldim-u, o‘ylanib qoldim...

Odamlar to‘rt oy taqib yurgan niqobiga bog‘ich axtarib yurishibdi-ku, sen yangi niqobni tashlaysanmi?

Shu xayol bilan uyga kirib, niqobni g‘aladonga solib qo‘ydim va yengil nafas oldim.

Mabodo, shu niqobga bog‘ich kerak bo‘lib qolsa, men ham birorta qo‘shnidan ikki qarichgina ingichka ip so‘rarman...

Azamat Toshtemirovning facebook sahifasidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring