Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Britaniyada qattiq karantin kuchga kirdi

Buyuk Britaniyada qattiq karantin kuchga kirdi

Foto: BBC

Epidemiya bo‘yicha vaziyat keskin yomonlashayotgani va kasalxonalar to‘lib ketishi xavfi paydo bo‘lgani sababli Buyuk Britaniya hukumati Angliya hududida maktablarni yopib, karantin joriy etishga qaror qildi.

Qo‘shma Qirollik bosh vaziri Boris Jonson xalqqa maxsus murojaatida, keskin choralar ko‘rilmasa, milliy sog‘liqni saqlash tizimi 21 kun ichida vaziyat boshqaruvini yo‘qotib qo‘yishi mumkinligini ta’kidladi. Uning aytishicha, karantin kamida fevral oyining o‘rtalarigacha amal qiladi.

Ushbu choralar doirasida bugun, seshanbadan Angliyadagi aksariyat maktablar o‘quvchilari yana masofaviy ta’limga qaytmoqda. Faqat shifokorlar, ijtimoiy xizmatchilar, o‘t o‘chiruvchilar, politsiyachilar, kurerlar, sotuvchilar singari pandemiya sharoitida ish ko‘paygan kasb egalarining farzandlari bundan istisno.

Xuddi oldingi karantinlardagi kabi (mart—may, noyabr—dekabr) odamlarga faqat oziq-ovqat do‘konlari va dorixonalarga borish uchun uylaridan chiqishga ruxsat beriladi.

Karantin kecha, 4-yanvar kechki paytdan Angliyada kuchga kirdi — Buyuk Britaniyaning boshqa hududlarida koronavirus infeksiyasi tarqalishi mahalliy hukumatlar tomonidan nazorat qilinmoqda, xususan, Shotlandiya hukumati ham ilgari kiritilgan cheklovlarni yanvar oyi oxirigacha uzaytirishga qaror qilgan.

4-yanvar kuni Buyuk Britaniyada koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri kunlik eng yuqori antirekord qayd etildi — 58 784 kishida kovid aniqlandi. Umuman olganda, oxirgi hafta davomida kunlik kasallik qayd etilishlari soni 50 mingtadan kam bo‘layotgani yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring