«Bank xodimi koronavirus tarqatgani» haqidagi videoga munosabat bildirildi
Telegramm guruhlarda o‘zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirgan fuqaro bir bank xodimi koronavirus kasalligini yuqtirib olib, uyma-uy, mahallama-mahalla yurib pul tarqatganini aytgani va haqorat qilgani videosi tarqaldi.
Ushbu videoga AT «Xalq banki» Namangan viloyat filiali boshlig‘i Bahrom Yuldashev bayonot berdi.
«Koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini himoyalash bo‘yicha Hukumatimiz tomonidan katta chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, koronavirus tarqalishining oldini olish uchun Xalq banki shahar va tuman bo‘limlari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida aholini to‘plab pensiya tarqatmasdan, pensiya va nafaqa pullari maxsus avtomashinalarda aholi uylariga yetkazib berila boshlandi.
Bunda pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasidan sterillangan naqd pullar olinishi, har bir pensiya va nafaqa oluvchiga beriladigan naqd pullar sterillangan paketlarda tarqatilishi, barcha sayyor kassalar xodimlari va avtomashina haydovchilari tibbiy himoya maskasi va qo‘lqop, spirtli antiseptik vositalar bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yildi.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Xalq banki viloyat filiali xodimi koronavirus infeksiyasiga chalinib, pensiya pullarini tarqatgani to‘g‘risida asossiz videomaterial tarqalganiga guvoh bo‘ldik. Xalq banki viloyat filiali nomidan bu xabarning to‘la asossiz ekanini ma’lum qilamiz.
Shu o‘rinda, Sizning salomatligingiz himoyasini to‘la ta’minlash maqsadida Xalq bankining Namangan shahar va tumanlar bo‘limlarida ishlovchi barcha xodimlari koronavirus infeksiyasiga testdan o‘tkazilgani hamda barchasi sog‘lom ekanini ham qayd etamiz.
Biz Xalq banki Namangan viloyati filiali sifatida sizga xavfsiz va qulay xizmat ko‘rsatishda davom etamiz, Siz biz uchun uyda qoling!» – deyiladi bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter