Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zulfiya mukofoti g‘olib o‘rniga boshqa bir qizga topshirilgani aytilmoqda

Zulfiya mukofoti g‘olib o‘rniga boshqa bir qizga topshirilgani aytilmoqda

«NeMolchi.uz» loyihasi ko‘ngillisi, Aliya Temuriyzoda taxallusi bilan ijod qiluvchi Shahnoza Eshmirzayeva o‘zining Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining 2020-yilgi taqdirlanuvchilaridan biri bo‘lganini, lekin yo‘l qo‘yilgan adolatsizlik sabab, ism-sharifi taqdirlanuvchilar safidan tushib qolib, o‘rniga boshqa bir qiz mukofot sovrindori bo‘lganini aytmoqda.

«Men xalqaro adabiy tanlov g‘olibasi, Yevroosiyo ijodkorlar uyushmasi a’zosi, Xalqaro kitob forumining 6 karra finalchisi, ijodi xorijiy adabiy to‘plam va nashrlarda yoritib kelinayotgan ijodkor, O‘zbekiston belgisi ko‘krak nishoni sohibasi, qator respublika tanlovlari g‘olibasi (viloyat yo tuman bosqichi g‘olibi bo‘lib, respublika bosqichi ishtirokchisi maqomidan farqli ravishda) sifatida Respublika final bosqichida yuqori baho to‘plagan edim. Taqdirlangan qiz esa, asosan viloyat va tuman miqyosida yutuqlarga erishgan, shuningdek, Hindistonda yoga festivaliga borib-kelganini adabiyot olamidagi yutuq deb hisoblaydigan bir qizcha edi», deb yozdi u.

Uning aytishicha, natijalar haqida xabar topgach, apellyasiya berish maqsadida, o‘sha vaqtda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiya raisi bo‘lgan Elmira Bositxonovaga qo‘ng‘iroq qiladi va muddaoyini aytadi. Bositxonova unga hali hujjat e’lon qilinmaganini, yo‘q hujjatga apellyasiya bera olmasligimni, Toshkentga borsa, Respublika saralash bosqichi yozib olingan videotasvirlarni «ko‘tarishi»ni, bu videotasvirlar baholangan natijalar bilan birgalikda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida seyfda saqlanayotganini aytadi.

«Hujjat e’lon qilingach, apellyasiya berish uchun Toshkentga bordim. Sobiq Xotin-qizlar qo‘mitasi joylashgan binoda 2020-yil 9-mart kuni Elmira Bositxonova bilan uchrashdim. O‘sha davrada Guljamol Asqarova hamda hakamlar safida bo‘lgan Qutlibeka Rahimboyeva ham bor edi. Qutlibeka Rahimboyeva Elmira Bositxonovaga men yuqori baho olib, taqdirlanishga tavsiya etilganimni, taqdirlashda xatolikka yo‘l qo‘yilib, boshqa bir qiz taqdirlanganini aytdi. Elmira Bositxonova «Agar shunday bo‘lsa, baholarini ko‘ringlar, xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, apellyasiya arizasini yozsin, 16 mart kuni kelsa, ko‘rib chiqamiz,» – deb aytdi. Men arizani yozdim va ketdim.

2020-yil 11-mart kuni Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasi tarkibida ham, hakamlar safida ham mavjud bo‘lgan Munavvara Usmonova menga olgan baholarimni ko‘rsatdi. Adabiyot yo‘nalishida 27 ball bilan Respublika bo‘yicha 3-o‘rinda edim, ya’ni, taqdirlashga tavsiya etilgandim. Taqdirlangan nomzod qiz esa juda past baho olgan, hakamlarning aytishicha, berilgan savollarga ham javob bera olmagan ekan. 16-mart kuni borishimni aytib, ketdim. Baholarimni ko‘rgach, ko‘nglim xotirjam bo‘lib, bir-ikki haftada arizam ko‘rib chiqilib, apellyasiya bilan ishim ijobiy tomonga hal bo‘lishiga ishonardim», — eslaydi Aliya Temuriyzoda.

Lekin 16-mart kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi binosiga borganida, uni ichkariga kiritishmaydi. Ertasiga Vazirlar Mahkamasining yuristi ishga aralashadi, Elmira Bositxonovaning qabuliga olib kirishadi. Bositxonova yurtimizda epidemiologik vaziyat yuzaga kelganligi bois, karantin e’lon qilinganini, vaziyat borishiga qarab, uzog‘i bir-ikki haftada ishi hal bo‘lishini aytadi. Shuningdek, unga 317 ta nomzod qizning ijodiy ishlari va yutuqlarini Prezidentning shaxsan o‘zi chuqur o‘rganib chiqib, taqdirlanuvchilarni o‘zi tanlab olganini aytadi! Yordamchisi (16-mart kuni ichkariga kiritmagan ayol) apellyasiya o‘tkazilishidan 2 kun avval xabar berib, chaqirib olishlarini aytib, kuzatib qo‘yadi.

«Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasiga, O‘zbekiston Respublikasi Senatiga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga adolatni tiklashda yordam so‘rab, arizalar yozdim.

Shu bilan kuchaytirilgan karantin boshlandi. Men biror umid uchquni milt etib ko‘zga tashlanishini kutardim. Gap uning mukofotligida, oliy ta’lim olish imtiyozi borligida emas. Men adolat istardim, shu oddiygina bir vaziyatda ham yo‘l qo‘yilgan adolatsizlik, nohaqlik, ko‘zbo‘yamachilik ko‘nglimni og‘ritardi», deydi Aliya.

May oyida Zebo Nurmanova ismli vazirlik xodimasi (Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiya kotibi) qo‘ng‘iroq qiladi va arizasi o‘rganilayotganini aytadi. Lekin matbuot kotibining telegram kanalida nomzod qizlarning e’lon qilingan annotatsiya (erishgan yutuqlar haqidagi ma’lumot)lari ichida nega uning erishgan yutuqlari ro‘yxati qisqartirib tashlanganini, xalqaro tanlov g‘olibasi, Yevroosiyo ijodkorlar uyushmasi a’zosi ekani kabi jahon miqyosidagi yutuqlari butkul o‘chirib tashlanganini izohlab berolmaydi. Nomzod mukofotga taqdim etgan fayl va uning qog‘ozga chiqarilgan nusxasi butkul boshqa bo‘lib chiqadi.

«Shundan so‘ng, shuncha payt biror marta hech qayerda tilga olinmagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasidagi qandaydir ekspertlar guruhi 317 ta nomzodning ishini ko‘rib chiqib, baholagani haqida gap topilib qoldi. Agar ular bizni baholasa, nega yozuvchi-shoirlarni, yana baholash jarayonini «shaffof» deb og‘iz ko‘pirtirib, videotasvirga olishdi? Talab qilib ham biror marta ko‘rolmadim shu videotasvirlarni, menga ko‘rsatishmadi. Holbuki, 2020-yil 15-fevraldagi Zulfiyachi qizlar forumida Elmira Bositxanova alohida urg‘u berib, bu yilgi baholash shaffof o‘tgani, baholash jarayoni hammasi videotasvirga tushirib olingani takror-takror ta’kidlagan edi. Qani, qayoqqa ketdi o‘sha gaplar, o‘sha shaffoflik? Qo‘limda shuncha dalil turib, haqligimni isbotlay olmayapman-ku, yana qanaqa shaffoflik haqida gap bo‘lishi mumkin?!», — deb yozadi Aliya Temuriyzoda.

Iyun oyida Zebo Nurmanova bo‘shab ketgani sababli, shu ish bilan shug‘ullanayotgan boshqa bir xodima (Aziza Mahmudova) bilan bog‘lanib, apellyasiya taqdiri bilan qiziqadi. U tez fursatlarda ma’lumot berishini aytadi. Lekin hanuzgacha birorta hujjat, birorta qog‘oz qo‘liga yetib kelmaydi. Ora-sirada Davlat organlariga yozgan arizalari ularga yetib borsa, komissiya arizalarni tuman va viloyat komissiyalariga yo‘naltirib, «qo‘g‘irchoq teatri» qo‘yishadi. Holbuki, murojaatchi arizalarida muammo yuqori bo‘g‘in – Respublika komissiyasida ekanini, quyi bo‘g‘in – tuman va viloyat komissiyalariga e’tirozi yo‘qligini yozgan.

«Sentyabr oyida yana apellyasiya taqdiri bilan qiziqdim. Bu ish yopilib ketganini, takroriy ariza yozishim kerakligini aytishdi. Takroriy ariza yozdim. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri mening vaziyatim bilan qiziqib qolganini va qabuliga chaqirganini aytishdi. O‘sha paytda sog‘lig‘im yaxshi bo‘lmagani sabab (2-bor kovid xastaligidan davolanayotgan edim.) qabulga bora olmadim. Arizam yetib borishi ham noyabr oyi oxiriga to‘g‘ri keldi. Hech qanaqasiga menga yordam berishni istamayotgan komissiya xodimlari bloger Aqida Hanum aralashuvi bilan meni yoshim 30 ga yetganiga qaramasdan, mukofotga hujjat topshirishimni, tuman va viloyat saralash bosqichlaridan sinovsiz o‘tkazilishimni va adolat tiklanib, 2021-yilgi taqdirlashda taqdirlanuvchilar safida mening ism-sharifim ham bo‘lishini aytishdi. Mukofot Nizomida «14 yoshga yetgan va 30 yoshdan oshmagan» degan shart mavjud. Ma’lumot uchun, shu yil dekabr oyida 31 yoshga kiraman, ya’ni, hali 30 yoshdan oshgan hisoblanmayman. Endi hammasi yaxshilik bilan yakun topganiga ishongandim, yirtiqqa yamoq holida bo‘lsayam, adolat tiklanishiga ishongandim.

Lekin «qo‘zg‘olon» biroz tinchiganidan so‘ng yana mukofot komissiyasidagilar o‘z bilganlaricha ish tutishni boshladilar – tuman bosqichi o‘sha payt o‘tib ketgan, hujjatlarim viloyat komissiyasida bir oydan ko‘proq chang bosib yotdi. Lekin negadir viloyat bosqichidan xabar yo‘q edi» — qayd etadi u.

Surishtirsa, bu yil viloyat bosqichiga nomzodlar chaqirilmay, faqat hujjatlari ko‘rilishini aytishadi. 2021-yil fevral oyida surishtirib, bilganim shu bo‘ladiki, Respublika komissiyasidagilar uni 30 yoshga kirishi munosabati bilan hujjatlarini qaytarib berishni va u qatnashmasligini amr etishibdi.

«Xullas, shunaqa gap (ko‘zbo‘yamachilik)lar. Menga birovning o‘rniga mukofot berishlarini istamagan edim, albatta. Lekin, hech bo‘lmasa, apellyasiyani o‘tkizib berishsin, haqiqatni yuzaga chiqarishsin. Hech kim ko‘rmagan va eshitmagan o‘sha ekspertlar guruhi nimaga asoslanib u qizni taqdirlashganini ko‘rsatib, haqliklarini isbot qilib berishsin? Apellyasiya o‘tkazish mumkin emas, degan gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, chunki, norozilik bo‘lsa, videotasvirlar ko‘rib chiqilib, adolat tiklanishi haqida ko‘p va xo‘p bong urib bo‘lindi, Elmira Bositxanova ham apellyasiya o‘tkazilishini menga bir necha bor takrorladi, va’da berdi. Shunday ekan, buni nega paysalga solishadi, nohaq bo‘lsam, shu apellyasiyani o‘tkazib, meni uyaltirib chiqarib yuborishsin qo‘llaridan kelsa?!

... Xullas, bu yerda adolatni tiklash uchun faqat Prezidentning shaxsan o‘ziga murojaat qilishdan boshqa birorta yo‘l topishning iloji yo‘q ekan. Men taslim bo‘lmayman!» — deb yozadi Aliya Temuriyzoda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring