Zoyir Mirzayev viloyatdagi muammolar va ularning yechimlari haqida axborot berdi
Nurafshon shahrida bo‘lib o‘tayotgan Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev Zoyir Mirzayevni Toshkent viloyati hokimi lavozimiga tavsiya etgani haqida xabar berilgandi.
Nomzod o‘z taqdimotida viloyatdagi eng dolzarb muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar to‘g‘risida axborot berdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida 150 ming nafar aholining doimiy bandligini ta’minlash, 40 mingta oilani kambag‘allikdan chiqarish, 15 mingta tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 6,5 mingta xizmat va savdo ob’yektlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Shulardan kelib chiqib, Prezident mutasaddilarga:
- joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun qo‘shimcha ravishda 200 milliard so‘m, kelgusi yil uchun yana 850 milliard so‘m yo‘naltirish;
- tadbirkorlik past rivojlangan Piskent, Bo‘ka, Bekobod va Oqqo‘rg‘on tumanlarida 2025 yil 1 yanvarga qadar yer, mol-mulk, aylanmadan olinadigan soliqlarni 1 foiz, foyda solig‘i stavkasini 50 foiz miqdorida belgilash, sotilmasdan turgan davlat mulki ob’yektlari boshlang‘ich qiymatini 2 baravar kamaytirish;
- yil yakunigacha 34 ta mahallada Xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarini tashkil etishni topshirdi.
Zoyir Mirzayev viloyatda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha taklif va rejalarini bayon qildi.
Davlatimiz rahbari bor imkoniyatlardan samarali foydalansa, viloyatda sanoatni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish mumkinligini qayd etdi.
Mutasaddilarga:
- sanoat zonalarini infratuzilma bilan ta’minlashga 250 milliard so‘m ajratish;
- Angrenda kaolin xom-ashyosini chuqur qayta ishlab, farfor va keramika mahsulotlari ishlab chiqarish klasterini tashkil etish;
- Bekobod tumanida chegara oldi savdo zonasini ishga tushirish;
- viloyatdagi 100 ta mahalliy korxonani eksportchiga aylantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Agrar sohadagi muammolarga to‘xtalar ekan, nomzod poliz, kartoshka, meva va uzum hosildorligi qolgan hududlardan 1,5-2 baravar pastligi, saqlash va qayta ishlash quvvatlari kamligi natijasida 35 foiz mahsulot yo‘qotilayotganini qayd etdi.
Prezidentimiz viloyatdagi dehqonchilik va chorvachilikka mas’ullar bor imkoniyatning 50 foizidan ham foydalanmayotgani, yer maydonlari katta bo‘lsa ham, meva-sabzavot eksporti ko‘paymayotgani, go‘sht yetishtirish poytaxt va viloyat ehtiyojlari uchun umuman yetarli emasligini ko‘rsatib o‘tdi.
Shu munosabat bilan:
- Ohangaron tumanining tog‘-oldi hududlarida kamida 50 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish dasturini ishlab chiqish;
- 9 ming gektarni dehqon xo‘jaliklariga tarqatish;
- Toshkent, Parkent, Yangiyo‘l, Qibrayda logistika markazlarini ishga tushirib, ularga 50 million dollar yo‘naltirish;
- Toshkent, Parkent va Qibray tumanlarida yil yakuniga qadar 4 million dona meva va tok ko‘chatlari tayyorlaydigan pitomniklarni tashkil qilish topshirildi.
Umuman, aholi tomorqasidan yiliga 2-3 marta hosil olish yo‘lga qo‘yilmasa, qishloqlarda munosib hayot tashkil etish bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishib bo‘lmasligi ta’kidlandi.
Nomzod o‘z taqdimotida infratuzilmani rivojlantirish masalalariga to‘xtaldi.
Aytilgan muammo va takliflardan kelib chiqib, davlatimiz rahbari 840 ta mahallada ichki yo‘llar, 579 tasida ichimlik va oqova suv, 589 tasida elektr va gaz ta’minoti, 396 tasida maktab, bog‘cha va poliklinika ta’mirlash bo‘yicha ikki haftada dastur qabul qilib, bu boradagi ishlarni jadal boshlash vazifasini qo‘ydi. Jumladan:
- Tashabbusli budjet doirasida eng ko‘p ovoz olgan loyihalar uchun 150 milliard so‘m ajratish;
- Osiyo taraqqiyot bankining Toshkent viloyatida ichimlik va oqova suv loyihasining 185 million dollarlik 3-bosqichini boshlash;
- ichki yo‘llarni ta’mirlashga davlat budjetidan 155 milliard so‘m, qo‘shimcha mahalliy budjetdan 70 milliard so‘m ajratish topshirildi.
Prezidentimiz Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l va Ohangaron shaharlariga zamonaviy elektropoyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish vaqti kelganini ta’kidlab, transport vaziriga tegishli qaror loyihasini kiritishga ko‘rsatma berdi.
Turizm sohasining holati tahlil qilinar ekan, turistlarning 80 foizi Bo‘stonliq tumaniga borishi, boshqa tumanlarda infratuzilma va xizmatlar past darajada ekanligi, ichki va xorijiy turistlar soni 1,5 million nafarga ham yetmasligi ta’kidlandi.
Prezident turizm xizmatlarini ko‘rsatishda asosiy yuk Bo‘stonliq tumaniga tushayotgani, shu bilan birga Bo‘stonliqda boshlangan loyihalar natijasi hali ko‘rinmagani, loyihalar o‘z holiga tashlab qo‘yilganini ta’kidladi.
Parkent, Angren va Ohangaron tog‘li hududlarida zamonaviy turizm klasterlarini tashkil etish ishlarini boshlash vaqti keldi, dedi davlatimiz rahbari.
Viloyatning har bir tuman va shahar hokimiga bir oy muddatda o‘z hududida turizmni qanday rivojlantirishi bo‘yicha aniq ish rejasini ishlab chiqib, ishlarni boshlash shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xorijiy ekspertni jalb qilib, viloyat turizmini rivojlantirish “master-reja”sini ishlab chiqish topshirildi.
Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklif va rejalar bayon qilindi.
Davlatimiz rahbari ijtimoiy soha ob’yektlarini ta’mirlash bo‘yicha loyiha hujjatlarini o‘z vaqtida tayyorlash zarurligini ta’kidladi, ta’mirlash ishlari o‘quv yili boshlanishidan o‘tib ketmasligi haqida mutasaddilarni qattiq ogohlantirdi.
Olmaliq shahridagi 80-son maxsus maktab va Angren shahridagi 73-son maktab-internatni kelgusi yilda ta’mirlash vazifasi qo‘yildi.
Xorijiy ekspertni jalb qilib, 15 ming talabaga mo‘ljallangan Nurafshon davlat universiteti faoliyatini keyingi o‘quv yilida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil yakuniga qadar 500 nafar og‘ir bemorlarni respublika markazlarida sog‘lomlashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Viloyat markazida barcha tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadigan yagona markaz yo‘qligi qayd etilib, mutasaddilarga xorijiy loyihachilarni jalb qilib, kelgusi yildan Nurafshon ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilish ishlarini boshlash vazifasi qo‘yildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter