«Ziyorat turizmi haftaligi»da yurtimizdagi xattotlik maktablari salmog‘i ma’lum qilindi
Turizm va madaniy meros vazirligi va Samarqand viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi» doirasida «Markaziy Osiyo – islom san’ati o‘chog‘i» mavzusida xalqaro Forum o‘tkazilmoqda.
Tarixdan ma’lumki, arab yozuvi islom dinining ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy taraqqiyoti uchun katta xizmat qilgan. Dastlab Qur’oni karim teri, sopol, yog‘och va qog‘ozlarga ko‘chirilib jamlandi. O‘rta asrlarda, hali kitob chop etish ixtiro etilmagan mahalda har qanday asar qo‘lda ko‘chirilib, kitob holiga keltirilgan.
Shu bois, kitob ko‘chirish o‘sha davrda eng e’tiborli hunar va san’at hisoblangan. Bu hunar egalari xattot yoki kotib deb nom olib, ko‘plab allomalarimiz ham o‘z asarlarini shu kasb egalariga ko‘chirtirgan. Natijada qog‘oz ishlab chiqarish, xat turlari, teriga ishlov berish, yog‘och va buyumlarga naqsh solish kabi bir qancha islomiy san’at turlari shakllandi. Arab yozuvi turli san’at namunalariga ko‘cha boshladi.
Xattotlik Sharq mamlakatlarida o‘ziga xos alohida yo‘nalish kasb etgan va fan darajasiga ko‘tarilgan bebaho san’at turidir. O‘rta Osiyo xalqlari tomonidan islom dinining qabul qilinishi munosabati bilan bu o‘lkaga «Qur’oni karim» nozil qilingan arab yozuvi kirib keldi. Bu san’at azaldan Sharqda husnixat, xattotlik, G‘arbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan.
Davlatimiz tarixida Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari shakllangan. Xattotlik san’atidan me’morchilik va xalq amaliy san’ati jumladan, abru, kulolchilik, kandahorlik, mayolika, naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi va zardo‘zlikda ham keng foydalanilgan.
«Markaziy Osiyo – islom san’ati o‘chog‘i» forumida mahalliy va yetakchi nufuzli xorijiy tashkilotlar va ilmiy muassasalar rahbar hamda tadqiqotchilari, soha mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan xattotlar, kulollar, naqqoshlar, qog‘oz ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, diniy soha vakillari va taniqli islomshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter