Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ziyorat qilmoqchimisiz? Toshkent viloyati qadamjolari bilan tanishing

Ziyorat qilmoqchimisiz? Toshkent viloyati qadamjolari bilan tanishing

Zarkent ota ziyoratgohi

Yurtimizda turli ziyoratgoh va obidalar serob. Karantin talablari yumshatilgach, insonlar uydan chiqib, ko‘ngilli sayohat qilishni istaydilar. Toshkent viloyatida ham ziyoratgohlar va qadamjolar talaygina. E’tiboringizga ulardan eng mashhurlarini taqdim etamiz.

Xazrat Ali Buva ziyoratgohi

Parkent tumani Kumushkon qishlog‘i «Chashma» mahallasining eng yuqori qismida joylashgan. Dastlab 1982-yilda Kumushkon qishlog‘i aholisi tomonidan hashar yo‘li bilan 1 ta xonaqoh va 1 ta ayvon barpo etilgan. 2010-yilda mahalliy ustalar tomonidan qaytadan ta’mirlangan. Ziyoratgohda 3 ta xonaqoh, 1 ta ayvon mavjud. Qishloq odamlarining rivoyat qilishicha, Payg‘ambarimizning kuyovlari Hazrati Ali shu joyda namoz o‘qigan emish. Ayrim rivoyatlarga ko‘ra, uning qamchisidan, yana ba’zi birlarida qayd etilishicha, hassasidan chinor daraxti ko‘karib chiqqan. Bu chinor hozir ham yashnab turibdi. Ushbu muqaddas joyda 5 ta buloq bor. Buloqlardan chiqayotgan suv kumushga to‘yingan bo‘lib, tarkibidagi 60 dan ortiq mikroelementlar oshqozon-ichak kasalliklari uchun shifo sanaladi.

Qirq qiz bulog‘i

Olmaliq shahridan 6 kilometr g‘arbga yurilganda Ko‘l ota qishlog‘i bor. Uning yuqori tomonidagi tog‘ tagida 40 ta buloq qaynab yotibdi. Suvlarining ta’mi har xil. Zamonaviy tibbiyot ularning turli dardlarga davo ekanini tasdiqlagan. Bu yer hozirgi paytda ziyoratgohga aylangan.

Mahalliy afsonalarga ko‘ra, VIII asrlarda bu joylarda bir podshoh hukm surgan. Uning yolg‘iz qizi bo‘lgan ekan. Bir kuni yov bostirib keladi. Podshoh lashkarlari bilan yovga qarshi chiqadi. Biroq yov son-sanoqsiz edi. Yengilishini sezgan podshoh qiziga chopar yuborib, yashirinishni amr etadi. Qiz qirq kanizagi bilan toqqa qochib ketayotib, dushman lashkarlariga duch keladi. Or-nomusini saqlab qolish uchun qizlar o‘zlarini chuqurlikdagi ko‘lga otadilar va halok bo‘ladilar. Oradan yillar o‘tib, ko‘lning quyi qismida Ko‘l ota qishlog‘i bunyodga keladi. Mahalliy aholi bu yerga kelib, buloqlarni sanab ko‘rishsa, jami qirqta ekan. Shunda ular ota-bobolari aytib ketgan hikoyani, ya’ni ko‘lga o‘zlarini tashlab, halok bo‘lgan qirq qiz rivoyatini eslashadi va unga Qirqqiz buloq deya nom berishadi.

Anbar bibi maqbarasi ziyoratgohi

Anbar bibi maqbarasi (XIV-XV asrlar) Zangi ota umumiy majmua tarkibiga kirgan tarixiy arxitektura yodgorligidir. Anbar ona nomi tarixda «Mehribon va saxovatli ulug‘ ona» timsolida muqaddas sanalgan. Maqbaradagi xilxonalarda joylashgan qabrning biriga Anbar bibi va ikkinchisiga Sulaymon Hakim ota Boqirg‘oniyning onasi dafn etilganligi aniqlangan. Anbar bibi maqbarasining hozirgi kungacha asl qiyofasi deyarli saqlanib, uning qadimgi gumbazi qayta tiklanib, umumiy ko‘rinishi qayta ta’mirlangan. Zangi otaning ahli ayollari Anbar bibining asli ismi shajarada yozilishicha, Rayhona va qizlari Qorasoch, uning asl ismi Oyjon bo‘lib, vafotlaridan so‘ng ikkovlari bir qabristonda dafn qilinganlar.

Zarkent ota ziyoratgohi

Parkent tumanidagi Zarkent qishlog‘ining yuqorisida – Chotqol tog‘ yon bag‘rida joylashgan «Zarkent bobo», «Qush qo‘nmas avliyo» nomlari bilan mashhur bo‘lgan ziyoratgoh. Bu yerdagi tabiiy buloq Zarkent qishlog‘ini ichimlik suv bilan ta’minlaydi. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, ushbu ziyoratgohning o‘ziga xos noyob xislati mavjud. Birinchisi, bu joydagi daraxt va butalarga bulbuldan boshqa qush qo‘nmaydi. Rivoyat qilinishicha, asli Shomda tug‘ilgan va zamonasining ilmli kishisi bo‘lgan Sayid Ja’far G‘oziy Zarkentga keladi. Bu yerda u kishiga Hizr alayhissalom uchraydi. Sayid Ja’far G‘oziyning tashnaligini qondirish uchun hassasini toshga uradi va buloq paydo bo‘ladi. G‘oziy dushmanlari ta’qibidan xalos bo‘la olmagach, ushbu buloq atrofidagi butazorga kirib ketgan va qaytib chiqmagan. Mahalliy aholining ta’kidlashicha, bu buloq suvidan ichgan odamlar bo‘qoq kasali bilan deyarli og‘rimas ekan.

Sardoba ziyoratgohi

Ozodlik qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan gumbaz shaklida qurilgan tarixiy obida. Sardoba sohibqiron Amir Temur tomonidan qurdirilgan. Bunday sardobalar Surxondaryo va Jizzax viloyatlarida ham aniqlangan. Qadimda sardoba atrofidan karvon yo‘li o‘tgan bo‘lib, u yerda qishloq joylashgan. Keyinchalik qishloq buzilib, uni odamlar tark etganda shu sardoba va uning yonidagi katta qabriston qolgan. Sardobaga mahalliy aholi Qaynarbuloq deya nom bergan.

Rivoyatlarga ko‘ra Amir Temur askarlariga doimo ikki yoki uch donadan g‘isht olib yurishlarini buyurgan. Buloq bo‘ylarida dam olganda o‘sha g‘ishtlardan sardoba qurdirib dam olish uchun maskan hozirlar ekan. Bu ham aynan shu usulda bunyod etilgan degan fikrlar mavjud.

Zangiota yodgorlik majmui

O‘rta Osiyodagi noyob obidalardan biri Zangi ota nomi bilan mashhur bo‘lgan so‘fiylik targ‘ibotchisi shayx Oyxo‘ja ibn Tojxo‘ja sharafiga shunday ataladi. Gumbazli darvozaxona orqasida ikkita pastak minora, ularning janubi-g‘arbida XX asr boshlarida kurilgan shiypon va minora bor. Uning janubi-g‘arbida gumbazli, g‘isht ustunli, devorlar yozuvlar bilan bezatilgan peshayvonli masjid, hovlining qolgan uch tamonida bir qavatli hujralar joylashgan.  Zangi otaning asli tug‘ilgan va yashagan maskani Shosh viloyati bo‘lib, Toshkent bilan Qovunchi oralig‘idagi Zangi ota nomli qishloq.  

Zangi otaning butun hayoti Movarounnahr xalqlarining eng og‘ir davriga to‘g‘ri keladi. Shunday og‘ir bir paytda Zangi ota va uning shogirdlari xalq ommasini qahramonlik, vatanparvarlik, mehr-shafqat kabi eng oliy umuminsoniy g‘oyalar bilan oziqlantirdi. Zangi otaning bu xizmatlari vaqti kelib Amir Temur tomonidan munosib taqdirlandi. Zangi otaning qabri ustida maqbara qad rostladi. 1420 yilda esa Mirzo Ulug‘bek uning ustiga hozirgi peshtoqni bunyod ettirdi.

Shodmalik bobo ziyoratgohi

Yu.Buryakov «Toshkent oblastining arxeologik yodgorliklari»da mazkur ziyoratgohni Ohangaron daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan ikki xonali yerosti sag‘anasi, hovuzli chorbog‘ va keyingi vaqtlarda qurilgan turli-tuman imoratlardan iborat kompleks ekanligi haqida yozgan. Shuningdek, Professor Mixail Yevgenevich Massonning guvohlik berishicha, Shoabdumalik boboning qabrlari saqlanayotgan sag‘anada juda ko‘p qo‘lyozma va kitoblar bo‘lib, ular avvaliga tekshiruvchilar tomonidan olib ketilgan va bu qo‘lyozmalar hozir Sank Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari fondida saqlanadi. Masssonning guvohlik berishicha, bu qo‘lyozmalarning aksariyati Shayx boboning dastxatlari bilan yozilgan noyob asarlar bo‘lib, ularning ko‘plari ilohiyot sirlari, tush ta’birlari, taqdir yo‘nalishlari, ma’rifat talqini, qur’on tafsirlari va boshqa sohalarga bog‘ishlangan o‘ttizdan ortiq qo‘lyozmalar bo‘lgan. Sag‘ana sharq me’morchiligining ajoyib namunasi bo‘lib, yer ostida ko‘milgan, uning asosi 27x28,5 metrni tashkil etgan. Sag‘ananing uzunligi esa 1,87 metrni tashkil qiladi, unda hozir ham Shayx boboning suyaklari saqlanadi.  

Kindiktepa yodgorligi

Kindiktepa qadimgi yodgorligi - Tuyabo‘g‘oz suv omborining suv bosgan hududida (Toshkent dengizida) orolchalar ko‘rinishida qad rostlagan. Miloddan avvalgi 2 ming yil oldinga borib taqaladi. Toshkent tumanidagi yagona Burg‘uluq madaniyati qadimgi yodgorlik obidasi arxeologlar tomonidan topilgan. 1970-72-yillarda qazilma ishlari olib borilgan. Sayyohlarni chorlash maqsadida Ohangaron sohilida dam olish maskanlari ham barpo etilgan.

Albatta, ziyoratgohlarga borganda karantin qoidalariga rioya qilishni unutmang. Shuningdek, ziyorat odoblariga ham rioya qiling. Sayohat davomida qiziqarli tarixiy ma’lumotlar, go‘zal tabiat manzaralari, toza havo, o‘qilgan tilovatlardan so‘ng albatta, ko‘nglingiz taskin topadi, asablaringiz dam oladi. Ziyoratingiz qabul bo‘lsin.

 Nodirabegim Ibrohimova,
Toshkent viloyati hokimligi
axborot xizmati hodimi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring