Yuvinish nimaligi bilmasdan katta bo‘layotgan bolalar
Suv bu obi hayot! Uning qadrini olis qishloqlarda yashayotgan ayollar yaxshi biladi. Tomchi zarrasida hayot borligini ulardanda teran anglaydiganlar kam oramizda.
Go‘dagini kunora cho‘miltirish uyoqda tursin, chanqaganida ichishga yaroqli suvni topib berolmagan onaning o‘sha paytdagi holatini tasavvur qilishning o‘zi og‘riqli. His qilayapsizmi – tasavvur qilishning o‘zi azob. 2, 3 kunlab, quyosh nuri ostida yelim idishda turgan, bilinar bilinmas badbo‘y is taratayotgan suvni qaynatib berish uchun gazning «isi» u yoqda tursin, bittadan ortiq chiroqni yoqishi bilan «pomidor» holatiga keladigan «svet»ning «zaif» quvvatidan hatto «tefal» ishlatolmayotgan uy bekalari ko‘p oramizda.
O‘sha bekalar pardoz nimaligini bilishmaydi, qoshiga o‘sma surta olmaydi, har mavsumga tovusdek tovlanib yangi ko‘ylak kiyolmaydi, dugonalari bilan «gap-gashtak»larda yig‘ilolmaydi....
Ularning aybi, go‘yo Afrika cho‘llari singari holatga kelib qolgan olis, chekka qishloqlarda yashayotganimi? Kelajak haqida o‘y-hayollar, orzu qilish u yoqda tursin, buguni tinch o‘tishini tunu-kun niyat qiladigan volidalar bisyor oramizda. Yo‘l yuzidagi qo‘lbola simyog‘ochlar ham sharoitga dosh berolmagandek bukchayib, anchayin pastlab qolganday.
Ota-onalar farzandini bir daqiqaga bo‘lsin ko‘zdan qochirmaydi. Bolasini uyda ovutib o‘tiray desa havo issiq, derazani ochay desa, chang aralash ahlatning badbo‘y hidi butun xonaga taraladi. Go‘yo hech kim yo‘qdek, bir zot yashamaydigandek bemalol harakatlanayotgan katta yuk mashina egalari istalgan paytda ahlat tashlab ketadi, istalgan paytda ehtiyojlari uchun keraklicha tuproq qazib olib tashiydi, ammo mutasaddilar biror chora ko‘rolmaydi. Keling yaxshisi bu holat bilan o‘zingiz biroz bo‘lsada tanishing.
Guvohi bo‘layotganingiz Jizzax viloyatining Sh. Rashidov tumani Kuyovboshi MFY, I.Mo‘minov, Oq Rabot ko‘chalaridagi holat. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga mazkur hududda yashayotgan bir qator fuqarolar tomonidan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha mana necha yillardan buyon suvsizlikdan qiynalib kelishimoqda. Mahalla oqsoqoli, hokimiyat va tegishli tashkilotlarga qayta-qayta murojaat qilishganiga qaramay masalaga hali hanuz ijobiy yechim topilmadi.
3 ta xonadon bir bo‘lib, 100000 so‘m evaziga katta idishlarni suv bilan to‘ldirib olishadi. Ammo yozning jaziramasida o‘sha ham yo‘q. Suv tashiydigan mashinalar suv keltirishga erinadi yoki chindan ham suv tanqis bo‘lib qoladi.
— «Qish kunlarida bu yerda yashashning o‘zi azob, — deydi 59 nafar murojaatchilar biri Egamqulova Fazilat. — Gaz, «svet» umuman yo‘q. O‘tin tezda yonmaydi, ko‘mir g‘amlashga hammaniyam sharoiti yo‘q. Ungayam chidab yashayapmiz. Ammo suvsiz yashashning sira iloji yo‘q. Biz ham insonmiz. Kir yuvishimiz bor, bolalarimizni cho‘miltirgimiz keladi. Hamma yer cho‘llab yotibdi. Daraxt ko‘karmaydi. Farzandlarimiz meva nimaligini bilmay katta bo‘lyapti. Gulu rayhon ekolmaymiz, ekin yetishtirolmaymiz. Hayronman nima qilishgayam. Qishlog‘imizga birgina «bashnya» o‘rnatib berishsa bo‘ldi. Qolgan ishni hamjihatlikda o‘zimiz bajaramiz.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimidagi korxonalar va tegishli mutasaddi tashkilotlarning rahbarlaridan mazkur holatga ijobiy yechim topishlarini iltimos qilib so‘raymiz.
Manija Bahriyeva
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi
bosh mutaxassisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter