Rahbarlari «qilt» etmasa... Shahrisabzdagi «muammolarga ko‘milgan» qishloq haqida (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryoning Shahrisabz tumani «Paxtakor» QFY Nushkent qishlog‘idan qilingan videomurojaat keng tarqalmoqda.
Qishloq aholisining muddaosi nima?
Qayd etilishicha, bu qishloqdagi «sanog‘i yo‘q» muammolardan tuman hokimligining ham, viloyat hududiy elektr tarmoqlari va viloyat hokimligining ham xabari bor, biroq ular tarafidan ko‘riladigan choradan darak yo‘q.
Birinchidan, qishloq aholisi muntazam ravishda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekadi. Ming nafardan ko‘proq aholi istiqomat qiluvchi qishloqqa atigi bitta transformator xizmat qilar ekan. U qayta-qayta ta’mirdan chiqarilavergani bilan uzoqqa bormaydi — «nagruzkani» ko‘tara olmaydiyu, «paq» etib portlab, qishloq aholisini bir necha kunlab elektr energiyasisiz qoldiradi.
Yana bir jiddiy muammo: qishloq bolalari qish mavsumida sovuqda, bahorda loyda, havolar isigach channgda, qiyin sharoitlarda bir necha chaqirib naridagi maktabga qatnaydi...
Toza ichimlik suvi, tabiiy gazning yo‘qligi singari bir necha o‘n yillardan buyon qishloq aholisini qiynab kelayotgan muammolarni Shahrisabz tumani hokimligi mutasaddilari o‘rganishni istashmaydi. Bu yerda hatto, qishloq vrachlik punkti ham yo‘q.
Qishloq aholisining aytishicha, sanalganlari — muammolarning bir qismi xolos.
Rahbarlari «qilt» etmasa...
Shu qishloqda tug‘ilib o‘sgan jurnalist yozadi:
Bu gaplarning barchasi rost. Bir necha marotaba o‘zim ham ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida yozdim. Loaqal biror rahbar qilt etmadi.
Bugungi kun amaldorlarida mas’uliyat yo‘q. Tanqidni yumshoq paxtadek qabul qiladi. Lekin bajarilmagan topshiriq uchun og‘zining shalog‘i chiqib, so‘kishni boshlaydi. Texnokrat rahbarlar hanuz yashayapti.
Ushbu muammoni ham befarq qodirishi aniq. Yoki kelgusi yilgi dasturga kiritgani bilan masalani yopib yubora qoladi. Amaliy natija kutish yozda qor kutgandek gap.
Men qishloqda shaxsiy kutubxona qurish masalasida qilgan murojaatim ham e’tiborsiz qoldirildi.
Bu muammolarning hali o‘ndan biri. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘l qurilishi, ichimlik suvi, mahalla-ko‘y masalalari, ishsizlik, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari barpo etish kabilarni chetga surib turamiz. Bu — sayyohlik darajasi viloyatda eng yuqori bo‘lgan hudud uchun og‘irlik qiladi.
Bu qishloqqa biror rahbar borishga ham cho‘chisa kerak.
Qolgan gaplarni masalaga e’tibor qaratilgach aytaman...
Shahrisabz tumani hokimligi nima deydi?
Ishtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan masalaga Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmati quyidagicha munosabat bildirdi:
Ushbu videolavhada Shahrisabz tumani «Paxtakor» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Nushkent qishlog‘ida elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo mavjudligi, bundan tashqari qishloqning ichki yo‘llari ham ta’mirga muhtojligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shahrisabz tuman elektr tarmoqlari korxonasi va tuman obodonlashtirish boshqarmasining rasmiy ma’lumotlariga tayanib, biz quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi PQ-2661, 2018-yil 18-yanvardagi PQ-3480-sonli qarorlariga asosan tuman elektr tarmoqlari korxonasining 2020-yilda amalga oshiradigan manzilli dasturiga ko‘ra tumandagi Nushkent qishlog‘ida 2020-yil mobaynida 0,4 kVli jami 1,0 kmlik EUT tarmoq yotqizilishi va ushbu hududdagi transformatorni joriy ta’mirdan chiqarilishi belgilangan.
Shuningdek, Shahrisabz tumanida 2020-yilda ta’mirlanishi belgilangan ob’yektlarining mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan tumandagi qishloq aholi punktlari ko‘chalarini joriy ta’mirlash bo‘yicha rejalashtirilgan dastlabki manzilli dasturiga ko‘ra, Shahrisabz tumanidagi Nushkent qishlog‘ining 1,0 kmlik ichki yo‘llarni asfaltga o‘tkazish belgilangan.
Yana e’tiroz...
Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmati munosabati ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozni oshirdi: «Tezkorlik yaxshi, lekin munosabat ham shunchaki o‘tgan asr uslubida, «javob berish kerakmi, mana senga» qabilida bitilgan hisobotdan boshqa narsa bo‘lmabdi. Jo‘yali bo‘lsa ham mayliga edi», deyiladi e’tirozda va haqli savollar qo‘yiladi:
— Muammosi tilga olingan yo‘nalishdagi biror mas’ul shu qishloqqa borib, odamlar dardini tingladimikan? Mavjud vaziyatni qachon oxirgi marta borib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rishgan ekan? Tegishli sektor rahbarlari qachongacha hisobot uchun ishlashni yig‘ishtirishadi?
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev imkon qadar xalq muammolarini tinglashga, uni yaxshilashga, muammolarni tubdan o‘rganishga harakat qilayotgan bir paytda tuman mas’ullari xonadan chiqmasdan turib, murojaatlarni ko‘rib chiqyapti, kerak bo‘lsa, javob ham yozib yuboryapti. Odamlarga yupatuvchi so‘z emas, masalaning ichiga kirib borilishi kerak emasmi?..
Bu mavzuga yana qaytamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter