Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yumshoq kursida mudrab o‘tirgan noib

Yumshoq kursida mudrab o‘tirgan noib

Foto: «Xabar.uz»

Xalqimiz huquqiy-demokratik davlat qurishga bel bog‘ladi. Necha-necha avlodlarga armon bo‘lgan bu ardoqli orzuga yetmoq oson emas, albatta. Zero, haq-huquqlar hech bir zamonda qo‘shqo‘llab tutqazilmagan, hurriyatga kurashlar ila erishilgan. Fuqarolik jamiyatining shartu talablari bisyor. Ulardan eng muhimi – chin ma’noda xalq hokimiyati tamsilchisi bo‘lgan parlamentni barpo etmoqdir!

Xo‘sh, O‘zbekistonning yangi parlamenti shiddatkor davr ila hamqadam bo‘la oladimi? Deputatu senatorlar millat dardiga darmon bo‘lmoqqa qodirmi? Bu borada uch zamondoshimiz fikrlari bilan tanishing.

Xalq noibi yallachichalik ta’sirga ega bo‘lmasa...

Dilfuza KOMIL, publitsist:

– O‘tgan chorak asr mobaynida islohotlar haqida ko‘p va xo‘b gapirildi-yu, amaliy ish kamroq bo‘ldi, nazarimda. Milliy parlamentni ham aksar yumshoq kursilarda mudrab o‘tiradigan, sharoitga tez moslashuvchan, el-yurt uchun jon koyitgisi kelmaydigan, qarsakboz, yuqorining iznisiz biron ish qilolmaydigan deputatlar egallab olgan edi. Aynan ularning «sharofati» bilan bugungi deputatlarga ham xalqning ishonchi sustroq. To‘g‘ri-da, maishiy muammolar haqida jar soladigan, katta muammolardan gap ketsa aravani quruq olib qochadigan, xalq dardidan yiroq deputatlarga kim ham ishonsin?! Yanada dangalroq aytsak, xalq orasida jillaqursa yallachichalik ta’sirga ega bo‘lmagan noiblar bilan ulkan siyosiy islohotlar qilish mumkinmi?!

Sirasini aytganda, yangi O‘zbekistonning poydevorini barpo qilishda bizga talabchan parlament; millatparvar, bilimli va salohiyatli deputatlar; haqiqatni ko‘rsatishdan qo‘rqmaydigan, xalqning yuragidagini baralla ayta oladigan, moddiy asosi baquvvat, huquq va erkinligi to‘liq himoyalangan matbuot; mustaqil sudlar, erkin kasaba uyushmalari kerak. Bularsiz korrupsiya va amaldorlar byurokratiyasini yengish, xalq manfaatlarini himoya qilish va demokratiyaga erishish amrimahol.

Deputat va senatorlarimiz ayni shu haqiqatni unutmasliklari va uning ro‘yobi yo‘lida harakat qilishlarini istaymiz. Zero, biz ularni ko‘plar ichidan tanlab oldik, ularga ishonch bildirdik. Bizga islohotlar qoyilmaqom natijalar berayotganidan lof uradigan og‘izbotirlar emas, va’dasiga vafodorlar kerak.

...Rassomlarning katta bir ko‘rgazmasida oliy mukofotga loyiq ko‘rilgan suratni ko‘rgan dehqon birdan jahllanib:

– Shu ham rasmmi?! Kelib-kelib shunga mukofot berildimi? –  deya e’tiroz bildiribdi.

– Nimasi yoqmadi sizga? – deya hayron bo‘lib so‘rabdi hay’at ahli.

– O‘zi chiroyli chizilgan-u, lekin haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi-da, – debdi dehqon.

– Xo‘sh, nimasi?

– Bunchalik bo‘liq pishgan boshoq tik bo‘lmaydi, egilib turadi. Men dehqonman, dalamga bug‘doy ekaman. Bunaqa narsalarni sizlardan yaxshiroq bilaman...

Darhaqiqat, xalq baridan xabardor. Endi uni ko‘rkam suratlar, jimjimador gaplar bilan aldab bo‘lmaydi.

Parlamentning haqiqiy qonun chiqaruvchi idoraga aylanishi ko‘p jihatdan xalqning o‘ziga ham bog‘liq. Agar saylovda befarqlik qilingan, loyiqlar qolib, noloyiqlar saylangan bo‘lsa, bunga o‘zimiz ham aybdormiz. Demak, faol bo‘lolmadik, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘ymadik, e’tiroz bildirmadik, ko‘nglimizdagini dadil aytmadik, gapimizni o‘tkaza olmadik...

Mamlakatimizda o‘tgan yillar mobaynida ishlab chiqilgan qanchadan-qancha dasturu rejalar o‘zini to‘liq oqlamadi. Vaholanki, ularga kazo-kazo siyosatchiyu iqtisodchilar jalb qilingan, qanchalab xarajatu vaqt sarflangan edi. Lekin natija bo‘lmadi. Nega? Chunki islohotlarni harakatlantiruvchi asosiy kuch bo‘lgan xalq fikri bilan hisoblashilmadi.

Bugun o‘tmish adashuvlariga barham berish, mamlakatni isloh qilishdek murakkab sinovlar bizning chekimizga tushib turibdi. Jamiyat miqyosidagi har qanday islohotni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun avvalo ongu tafakkurimizda o‘zgarish yasashimiz, o‘zimizni isloh qilishimiz shart. Bir hovuch to‘ralarning manfaatiga emas, xalq manfaatiga mos iqtisodiyot barpo etilmog‘i darkor!

Xalqimiz demokratiyani o‘z qadriyatlari qatoriga qo‘shishga tayyor. U endi ko‘r-ko‘rona bo‘ysunishni istamaydi, hayotining barcha jabhalarida qonun ustuvor bo‘lishi tarafdori. Demak, demokratiya siyosiy jarayonligicha qolavermay, xalqning turmush tarziga singishi kerak.

Bu kabi ezgu maqsadlarning ro‘yobi uchun davlat bosh islohotchi sifatida qonun ustuvorligining asosiy kafili bo‘lmog‘i; parlament haqiqiy xalq vakillarining majlisiga aylanmog‘i; xalq esa har sohada faolu tashabbuskor bo‘lmog‘i lozim. Zero, italyan shoiri Dante Aligeri aytganidek, «Do‘zaxning olovli halqalari ma’naviy sinov davrida bir chetda befarq turgan kimsalarga atalgandir».

Parlament vakolatlaridan to‘liq foydalana olyaptimi?

Alisher Umirdinov, Nagoya iqtisodiyot universiteti professori (Yaponiya):

– Yangi parlament Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan   vakolatlardan to‘la-to‘kis foydalanmog‘i   lozim. Nazarimda, O‘zbekiston parlamentarizmining yaqin kechmishi mobaynida kuzatilgan asosiy kemtiklik ham shu bo‘ldi: deputatlar o‘ziga berilgan vakolatlarni to‘liq istifoda eta bilmadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga muayyan masalalar bo‘yicha tushuntirish so‘rab parlament sŭrovi ĭŭllash huquqiga ega. Ayni choqda, davlat hokimiyati idoralari mansabdorlari parlament sŭroviga belgilangan muddatda javob berishi shart. O‘tgan yillar davomida parlament a’zolari mazkur huquqdan samarali foydalana olmadi. Deylik, Qozog‘iston parlamenti a’zolari 2019 yil dekabr oyida turli davlat tashkilotlariga 25 ta deputatlik so‘rovi yo‘llagan. Qo‘shni mamlakat parlamenti saytida deputatlik so‘rovi natijalari ham aniq ko‘rsatilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saytida esa bu borada biron ma’lumot topa olmadik...

Xalq o‘zi saylagan deputatlar qanday faoliyat yuritayotganidan xabardor bo‘lishi kerak. Parlamentning ochiqligiga erishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, Yaponiya parlamentining yalpi majlislari, hatto qo‘mitalar yig‘ilishi jonli tarzda efirga uzatiladi, shu bilan birga, ularning to‘liq bayoni (stenogramma) har ikki palata saytida e’lon qilinadi. Bizning parlament ham o‘z elektoratiga muntazam hisob berib turishda axborot texnologiyalaridan ko‘proq foydalangani ma’qul.

Oliy Majlis tomonidan chorak asrda qabul qilingan qonunlar soni 3 mingdan ortib ketdi. Yaponiyada esa jami qonunlar sanog‘i 2 mingni tashkil etadi. Albatta, parlamentimizning sermahsulligi tahsinga sazovor, ammo deputat va senatorlarimiz endilikda qonun me’yorlarining Konstitutsiya tamoyillariga muvofiq kelishi, keng xalq ommasi manfaatlarini ifodalashi kabi jihatlarga jiddiyroq e’tibor bermog‘i lozim.

Xalqaro huquq mutaxassisi sifatida yana bir muammoli holatni gapirsam. Mamlakatimizning xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi ilgari Oliy Majlis qarorlarida tasdiqlangan bo‘lsa, ikki palatali parlament tizimiga o‘tilgandan buyon qonun yo‘li bilan amalga oshirilmoqda. Lekin bu jabhada ham qilinadigan ishlar talaygina. Xususan, xalqaro shartnomalar bo‘yicha umum istifoda etiladigan ma’lumotlar bazasi yo‘q. Xalqaro normalarning milliy huquq tizimimizga tatbig‘i (implementatsiyasi) ham nisbatan sekin kechadi. Qolaversa, O‘zbekiston qo‘shilgan ko‘plab xalqaro shartnomalar davlat tiliga o‘girilmagan, ularning aksari rus tilida.

«Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi konvensiya normalari milliy qonunchilikda ham o‘z aksini topgan. 100 ga yaqin qonunlarimizda ayollarning erkaklar bilan teng huquqli ekani e’tirof etilgan. Ammo konvensiyaga zid keluvchi holatlar ham mavjud. Masalan, universitetlarga kirish imtihonida harbiy xizmatni o‘tagan yigitlarga qo‘shimcha ball berilishi opa-singillarimizning ta’lim olish huquqiga ma’lum ma’noda daxl qiladi. Zero, konvensiyaning 10-moddasida grant ajratishda erkak va ayollar kamsitilmasligi lozimligi qat’iy belgilangan.

Parlament qonunlarni qabul qilish bilan cheklanmay, ularning hayotga tatbiq etilishini ham nazorat qilishi, suiiste’mol qilinishiga qarshi turishi lozim. Zero, hokimiyat tarmoqlarining bir-birini o‘zaro tiyib turish tamoyili ana shunday qat’iy nazoratni talab etadi.

Bo‘lar-bo‘lmasga chapak chalishdan uyalaylik

Alisher NAZAR, publitsist:

– Keyingi yillarda jamiyatimiz hayotida ro‘y bergan eng katta o‘zgarish odamlarga o‘z fikrini aytish imkoni berilgani bo‘ldi. Bundan xalqimiz qay darajada foydalanmoqda – boshqa masala. Asosiysi, mamlakatimizda erkin so‘z muhiti shakllanmoqda. Lekin bu hali yangi O‘zbekiston barpo etildi degani emas. Men yangi O‘zbekistonni yangi parlament timsolida ko‘rgim keladi. Ammo, ne qilayki, bu borada ishtibohim bor.

Xalq bilan hukumat o‘rtasidagi ko‘prik – minglab insonlar nomidan gapiradigan deputat avvalo shaxs bo‘lishi kerak! Shaxs – bo‘lar-bo‘lmasga chapak chalishdan uyaladi. Shaxs – bir yoqadan bosh chiqarib fikrlashni xohlamaydi. Bir so‘z bilan aytganda, shaxs – yaratadi!

Ko‘p millionli aholi ichidan saralangan deputat davlat mashinasining murvati bo‘lib qolishi kerak emas. U boshqaruvchi bo‘lsin! Ana shunda hamma-hammasi o‘zgaradi. Bugungi parlamentda esa ana shunday shaxslar yetishmaydi, nazarimda. Borlarining ham ovozi «xor jamoa»ning qarsaklari ichra eshitilmayapti.

Axir, dunyoga boqaylik, nimalar bo‘lyapti? Yaqin Sharq mojarolari «ssenariy»sini kimlar yozyapti? Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat endi qay tomonga o‘zgaradi? Jahondagi imperialistik davlatlar nega Markaziy Osiyoga sarmoya yotqizishga urinmoqda? Bu «mehribonlik»ning ortida nima turibdi? Ushbu vaziyatda O‘zbekiston qanday pozitsiyada bo‘lgani ma’qul? Afsuski, qonun chiqaruvchi idoramiz a’zolari ko‘pincha shu kabi xalqaro masalalarda jo‘yali fikr bildirmaydi.

Nazarimda, deputatlarimiz hali ham zimdan erkinlik berilgan hududlardagina harakatlanyapti. Qayerdadir ko‘rinmas «nozir» bor. U harakat yo‘nalishini ko‘rsatib turadi go‘yo. Balki o‘sha «nozir» uning ichidadir... Yangi parlament deputatlari eng avvalo ana shu qo‘rquv hissini yengishi kerak.

Yana bir mulohaza. Yurtimizda butkul yangi kadrlar siyosati amalga oshirilmas ekan, o‘zgarishlar qiyin kechadi. Allaqachon boqimlik va maddohlik kasaliga mubtalo bo‘lgan bemorlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi. Senatorlar ro‘yxatini ko‘ring, ularning aksari «eski uyimiz»ni qurgan binokorlar-ku! Yillar bo‘yi qarsak chalib o‘tirgan odam o‘zgarishi yo biron joyni o‘zgartirib yuborishiga ishonib bo‘ladimi?! Chorak asr Oliy Majlisda ishlab, parlamentarizm nima ekanini bilmay yurgan ekanmiz, degan zamondoshlarimiz qanday karomat ko‘rsata oladi?!

O‘zbekistoning yangi qiyofasini mutlaqo yangicha fikrlaydigan, qalban va ruhan ozod shaxslar yaratadi. O‘z navbatida, davlat idoralari ham erkin fikrga xayrixoh bo‘lmog‘i lozim.

Bemorni muolaja qilayotgan tabib avvalo tanadagi kasallik o‘chog‘ini topishi shart. Aks holda, uning hamma urinishlari befoydadir. Vaqtinchalik og‘riq qoldirish bilan ish bitmaydi. Kasallik o‘chog‘i bartaraf qilinsa, vaqt o‘tishi bilan uning asoratlari ham yo‘qoladi.

Boqimlik va maddohlikka mubtalo bo‘lgan jamiyat bemor odamga o‘xshaydi. Shu ma’noda bugun biz muolajaga muhtojmiz. Oshig‘ich chora ko‘rilmasa, biqiq bir muhit paydo bo‘ladi. Butun boshli avlodlar qanot yozolmay qoladi, buzuq havodan nafas olib ulg‘ayadi.

Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Bizningcha, davo yo‘li budir: xo‘jako‘rsin qarsakbozlik, madhiyabozlikni bas qilaylik; unvonparast, laganbardor kimsalarning bahridan o‘taylik! Zero, yangilanishni istagan jamiyatga albatta yangi qon zarur.

«Tafakkur» jurnalining 2020 yil 1-sonida chop etilgan
«Orzudagi parlament» davra su
hbatidan olindi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring