Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yuksalish» umummilliy harakati propiska qilish tartibini o‘zgartirish taklifi bilan chiqdi

«Yuksalish» umummilliy harakati propiska qilish tartibini o‘zgartirish taklifi bilan chiqdi

Foto: «Yuksalish» umummilliy harakati

«Yuksalish» umummilliy harakati shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda OAVlarda keng muhokama qilinayotgan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga qo‘yish masalasi haqida o‘z munosabatini bildirdi.

Munosabatda qayd etilishicha, 2018-yilda Harakatlar strategiyasining «Faol tadbirkorlik va innovatsion texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyasiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish tartibi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ushbu masala to‘laqonli amalga oshirilmagan. Bu esa fuqarolar tomonidan e’tirozlarning yanada ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘z navbatida, «Yuksalish» umummilliy harakati fuqarolarning ayni shu masala — Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska bo‘yicha amaldagi tartib yuzasidan fikrlarini o‘rgandi. Xususan, Telegram tarmog‘idagi «Jamoatchilik fikri» sahifasida joriy yilning 3–11-iyun kunlari davomida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. Unda 17 ming 700 nafardan ziyod fuqarolar ishtirok etib, respondentlarning asosiy qismi, ya’ni 49 foizi ushbu tartib fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga mutlaqo zid ekanligini ta’kidladi.

Ko‘rinib turibdiki, davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan davlat dasturiga kirtilgan ushbu bandning amalga oshirilishi bugungi kunda dolzarb ekanligini jamoatchilik fikri natijalari ham tasdiqlamoqda.

Fikrimizcha, belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘laqonli amalga oshirilganida, bugungi kunga kelib fuqarolarning noroziligi va muhokamalariga sabab bo‘lmas edi. Aksincha, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlariga amal qilinishi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yanada oshishiga, urbanizatsiya jarayonlariga, ijtimoiy rivojlanish, xususan, istiqbolli kadrlarning xorijga chiqib ketishining oldi olinishiga xizmat qilgan bo‘lar edi.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, belgilangan vazifalarning to‘laqonli bajarilishini inobatga olgan holda, «Yuksalish» umummilliy harakati ushbu masala yuzasidan qo‘yidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi:

  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiska qilish tartibini turar joyi bo‘yicha hisobga olish tizimi bilan almashtirish. Bunda hisobga olishni Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali soddalashtirilgan tartibda amalga oshirish;
  • Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini e’tirof etishni nafaqat birlamchi bozor, balki ikkilamchi bozorda, shuningdek umrbod o‘zgaga berilganda yoki hadya qilinganda ham berish tartibini joriy qilish.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring