Yoshlar va xotin-qizlarga mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi
«Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020-yil 15-noyabrdan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartiblari joriy etiladi:
Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan tashkil etilgan o‘quv kurslarini tamomlagan har bir bitiruvchi uchun kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdori davlat tomonidan kompensatsiya qilinadi;
- ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab, sertifikat olgan shaxslarga o‘z biznesini tashkil etish uchun mikrokredit ajratiladi.
«Mikrokreditbank» ATB tomonidan nodavlat ta’lim tashkilotlari maxsus sertifikatini olgan:
- tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan, yoshlar va xotin-qizlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi;
- mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi asosida 225 million so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.
Bunda mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida ajratiladi.
Qarorga ko‘ra, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadlariga 100 million AQSh dollari ekvivalentida mablag‘ ajratiladi.
- 2022-yil 1-yanvardan Tadbirkorlikka o‘qitishning yagona tizimi ishga tushiriladi.
- 2021-yil 1-yanvarga qadar «Mikrokreditbank» ATBning aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha yangi biznes modeli ishlab chiqiladi.
- Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi aholini tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, xususan, ularni o‘qitish, mikrokredit ajratish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish borasida vakolatli davlat organi etib belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter