Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yiliga yana mingdan ziyod murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkaziladi (foto)

Yiliga yana mingdan ziyod murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkaziladi (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy andozalar darajasida barpo etilgan va eng so‘nggi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan uch qavatli yangi bino foydalanishga topshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ushbu qaror asosida Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining faoliyati tubdan takomillashmoqda. Ayni paytda markazda 11 maxsus kardiologik bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu bo‘limlarda arterial gipertoniya, o‘tkir miokard infarkti, yurak-ishemik kasalligi, yurak aritmiyalari, yurak yetishmovchiligi kabi xastaliklar samarali davolanyapti. Markazda kuniga 250 qatnovga mo‘ljallangan zamonaviy maslahat-­tashxis poliklinikasi faoliyat yuritadi. Bu yerda bemorlarga malakali shifokorlar, oliy toifali kardiologlar tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Maslahat-tashxis poliklinikasida veloergometriya, EKGni sutka davomida yozib olish, EXOkardiografiya, Veloergometriya kabi zamonaviy tekshirish usullaridan va bioximyoviy tahlillardan foydalanilib, chuqur tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi. Shuningdek, markazda 200 o‘rinli shifoxona faoliyat yurityapti.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Zamonaviy andozalar asosida barpo etilgan yangi binoning foydalanishga topshirilishi kardiologiya sohasida ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni yanada takomillashtirishga zamin hozirladi. Xususan, bemorlarni klinik va funksional tekshiruvdan o‘tkazish uchun xalqaro andozalarga to‘la javob beradigan zamonaviy tizim yaratildi. Endilikda bemorlar bitta binoning ichida barcha tekshiruvlardan o‘tish imkoniga ega bo‘ldi. Ya’ni, funksional diagnostika bo‘limida EKG, EXOKG, VEM, Tredmil test, XMEKG kabi tekshiruvlar, shuningdek, rentgen, genetik tahlil o‘tkazish, ambulator tekshiruvlar xonasi va ma’muriy xonalar tashkil etildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ikkinchi qavatda esa 20 o‘ringa mo‘ljallangan intervension aritmologiya bo‘limi, barcha qulayliklarga ega zamonaviy rentgen operatsion blok tashkil etilgan. Uchinchi qavatda 20 o‘rinli intervension kardiologiya va rentgen endovaskulyar jarrohlik bo‘limi joylashgan bo‘lib, ushbu operatsiya xonalarida jahon tibbiyotida qo‘llanilayotgan intervension jarrohlik amaliyotlarining barchasini o‘tkazish imkoniyati mavjud.

Caption

Mazkur yangi bino qurilishi uchun davlat tomonidan 20 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. Binoga o‘rnatilgan xorijdan keltirilgan «CIAT» ventilyasiya sistemasi haroratni qishin-yozin bir xilda saqlash va doimiy toza havo bilan ta’minlash imkonini beradi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Germaniyaning «KFW» banki tomonidan Respublika tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun ajratilgan kredit mablag‘laridan 3,5 million yevro hisobiga Rentgen endovaskulyar jarrohlik bo‘limiga Gollandiyaning «Philips Allura Xper FD20» firmasining zamonaviy universal angiografiya uskunasi, elektrofiziologik tekshiruvlar uchun «BARD» sistemasi, harakatlanuvchi angiografiya uskunasi, radiochastotali generator va boshqa yuqori texnologiyali uslublarga asoslangan zamonaviy apparatlar o‘rnatildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Binoda, shuningdek, Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining kardiologiya kafedrasi o‘quv xonalari, majlislar zali, kutubxona, kardiologiya muzeyi, ma’rifat va targ‘ibot xonalari ham tashkil etildi. Bu ilm-fan va tibbiyot yutuqlarini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq etishda katta imkoniyatdir.

Yana bir yuqori texnologik usul — yurakning murakkab aritmiyalarida qo‘llanadigan radiochastotali ablatsiya (RChA) va yurak blokadalarida elektrokardiostimulyasiya (EKS) usullari ham markazda samarali amalga oshirilmoqda. Hozirda radiochastotali ablatsiya usuli – kardiologik bemorlarni davolashda qo‘llanadigan xalqaro standartlarga mos keluvchi yuqori texnologik usul hisoblanadi. Bunda, ko‘krak qafasini ochmasdan, ya’ni «qonsiz» yo‘l bilan – maxsus moslamalar yordamida yurakka yetib borib, uning notekis urishi (aritmiya) ba’zi turlarini radioto‘lkinlar vositasida bartaraf etiladi. Shuni qayd qilish kerakki, bunday operatsiyalar Markaziy Osiyoda ilk bor ushbu markazda o‘tkazilgan va bugungacha ko‘plab bemorlar shu usul vositasida darddan butunlay xalos bo‘ldi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Kardiologiya sohasida bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirishda xalqaro hamkorlikning o‘rni beqiyos. Markaz olimlari bu borada Rossiya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Polsha kabi xorijiy davlatlarning nufuzli tibbiy-ilmiy markazlari va klinikalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Bunday hamkorlik natijasida jahon tibbiyotining ko‘plab yangiliklari o‘zlashtirilmoqda. Bemorda bir vaqtning o‘zida aorta koronar shuntlash (AQSh) va yurak klapanlarini protezlash, AQSh va bo‘yin tomirlari aterosklerozini bartaraf etish kabi operatsiyalar bunga misoldir.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Tan olish kerakki, bunday murakkab operatsiyalar dunyoning sanoqli davlatlarida amalga oshiriladi. Ushbu ilmiy yangiliklarni hududlardagi tibbiyot muassasalari amaliyotiga ham tatbiq etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda markazning olimlari va malakali mutaxassislari joylarga borib mahalliy shifokorlar ishtirokida ko‘rgazmali operatsiyalar, mahorat darslari tashkil etmoqda. Shuningdek, ixtisoslashgan tibbiy yordamga muhtoj bemorlar chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur muolajalar amalga oshirilyapti.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Yangi zamonaviy binoning ishga tushishi bilan Markazda olib borilayotgan bunday chora-tadbirlar, diagnostika va davolash ishlarining sifati va samaradorligi yanada oshadi. Intervension kardiologiya yutuqlaridan foydalanish yangi bosqichga ko‘tariladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring